Yeryongʻoqning vatani Jarqoʻrgʻon

14:25 05 Sentyabr 2025 Jamiyat
71 0

Yeryongʻoq butun dunyoda mashhur oziq-ovqat mahsulotidir. Anʼanaviy ravishda ovqatlanish ratsioniga ham kiritilgan. Mazali, choʻntakbop, tadbirkorlar uchun ham qoʻshimcha daromad manbai. Jarqoʻrgʻon tumani “Oltintepa” mahallasida yashovchilar yerdan unumli foydalanib, yil davomida uch marta hosil olish hadisini biladi. Mahalladagi 627 xonadonda 815 oilada 2 ming 880 nafardan ziyod kishi istiqomat qiladi. Ularning barchasi tomorqalarini samarali ishlatib, asosan yeryongʻoq yetishtirishga ixtisoslashgan. Yeryongʻoq mahalla brendga aylangan.

Hozirda keksalik gashtini surayotgan 70 yoshli Eshdavlat Mamatqulov “Oltintepa” mahallasida yeryongʻoq yetishtirish boʻyicha haqiqiy ustoz hisoblanadi. U oʻzining uzoq yillik tajribalarini bugungi kunda yoshlarga ham oʻrgatib kelmoqda.

— Yeryongʻoq serdaromad ekin, ham xaridorgir, — deydi 70 yoshli Eshdavlat Mamatqulov. – Mahsulotni bozorga olib borishda muammo yoʻq, xaridorlar eshigimiz oldiga kelib sotib oladi. Yiliga mahallamizning oʻzida 2 ming tonnadan ortiq yeryongʻoq yetishtiriladi. Dehqonlarimiz uning kilogrammini 13-15 ming soʻm atrofida sotmoqda. Bu orqali oilalar farovonlikka erishyapti. Yerga mehr bilan yondashib, unumli ishlansa, yer aldamaydi. Mahalladoshlarimiz tomorqadan hosil olishni odatga aylantirgan. Yoshu katta yerdan bosh koʻtarmaydi, daromad ham shunga yarasha. Toʻylar qilib, uy-joylarini sozlab, farzandlarini oʻqitmoqda.

Maston Qulmurodova oilasi ham tomorqadan uch marta hosil oladi. Yillik daromadlari qariyb 100 million soʻmga yetadi.

— Tomorqamiz 30 sotix. Birinchi ekinda oqpiyoz ekib, 30 million soʻm daromad oldik. Keyin kartoshka ekdik, u 15 million boʻldi, – deydi u. – Yeryongʻoq 40-50 million soʻm atrofida foyda keltiradi. Yeryongʻoqdan taomlar, shirinliklar tayyorlash, yogʻ mahsulotlari olish mumkin. Hatto uning poyasi ham chorva uchun yaxshi ozuqa. Shuning uchun biz bundan yaxshi foyda koʻramiz.

Mahallada aholi bandligini taʼminlash maqsadida auksion orqali 51 nafar ishsiz fuqaroga 20 sotixdan yer berildi. Bugun yer egalari undan unumli foydalanib, roʻzgʻorlariga baraka kiritmoqda. Misol uchun, boquvchisi yoʻqligi sabab “Ayollar daftari” roʻyxatiga kirgan Nasiba Jumaqulova shu yer ortidan oilasining farovonligiga erishmoqda.

Ilgari “Yoshlar daftari”da turuvchi 29 yoshli Sirojiddin Qilichovga ham 20 sotix yer maydoni ajratilgandi. Bugun Sirojiddin yerdan unumli foydalanib, yaxshigina daromad olmoqda. Uning saʼy-harakatlari nafaqat shaxsiy farovonlik, balki yoshlarga berilayotgan imkoniyatlarning amaldagi samarasini ham koʻrsatib turibdi.

— Ilgari xorijda mavsumiy ishlarda umrimni oʻtkazib yurardim, — deydi yana bir yer egasi Sayfiddin Abdurahmonov. — Mahalla faollarining tavsiyasi bilan tuman mutasaddilari menga uzoq muddatga foydalanish uchun 20 sotix yer maydoni ajratishdi. Birinchi ekinda koʻkatdan 7 million, ikkinchida joʻxori bilan 8 million foyda koʻrdim. Uchinchi ekinda esa yeryongʻoqdan 15 milliondan ortiq daromad kutyapman. Oʻzga mamlakatlarda ish izlab sarson-sargardon yurish tashvishidan qutildim.

“Oltintepa” mahallasidagi bu tajriba Yangi Oʻzbekistonning agrar sektorini zamonaviylashtirish, qishloq joylarda ish oʻrinlari yaratish va aholining turmush darajasini oshirishga qaratilgan ishlarning amaliy namunasi. Bu yerdagi har bir hosil nafaqat iqtisodiy yutuq, balki yerga nisbatan mehr-muhabbat va mehnatning qadrini anglashning ifodasidir.

Farhod ESONOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер