Eron “rejim butunlay yoʻq qilinmaguncha” Isroilga zarba berishga vaʼda berdi

15:48 16 Iyun 2025 Dunyo
359 0

Foto: AP

Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIQK) Isroilga qarshi amaliyotlar “sionistik ishgʻol rejimi butunlay yoʻq qilinmaguncha” davom etishini aytdi.

Shuningdek, dushanba kuni erta tongda raketa hujumlarining yangi toʻlqini boshlangani, “avvalgidan ham kuchliroq va vayronkor” ekanligi aytildi. Bayonotda, Eronning Isroilning koʻp qatlamli havo mudofaa tizimlarini yangi usullar bilan buzishga muvaffaq boʻlgani, buning natijasida ularning bir-biriga hujum qilgani taʼkidlandi.

«Amerika Qoʻshma Shtatlari va Gʻarb davlatlarining har tomonlama qoʻllab-quvvatlashiga va eng zamonaviy va eng yangi mudofaa texnologiyalariga ega boʻlishiga qaramay, ushbu operatsiyada qoʻllanilgan tashabbuslar va imkoniyatlar, bosib olingan hududlardagi nishonlarning raketalarini muvaffaqiyatli va maksimal darajada yoʻq qilishga olib keldi — deyiladi IIQK xabarida.

Eron kuchlari, shuningdek, boʻlajak operatsiyalar ancha vayronkor va aniqroq boʻlishiga vaʼda berishdi.

“Jinoiy sionistik bosqinchi rejim tarafdorlari bilishlari kerakki, samarali, maqsadli va halokatli amaliyotlar uning toʻliq yoʻq qilinmaguncha davom etadi”, — deyiladi Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi bayonotida.

Eron Isroilga zarba berishda gipertovushli raketalardan foydalandi

Eron 16-iyun kuni ertalab maʼlum qilishicha, IIQK Tel-Aviv va Hayfaga zarba berishda gipertovushli raketalardan foydalangan. “Tasnim” agentligiga koʻra, Korpus urushni davom ettirish va Isroilni “qiyin ahvolga solib qoʻyish” uchun hujumlarida bu turdagi qurollardan tez-tez va koʻproq foydalanishni boshlaydi.

Raketalardan biri Tel-Avivdagi AQSH elchixonasi binosiga zarar yetkazgan. AQSHning Isroildagi elchisi Mayk Xakkabi kichik vayronagarchiliklar haqida xabar berdi, biroq amerikalik xodimlardan hech kim jabrlanmadi.

Isroil Eron yadroviy inshootiga zarba berdi

Oʻz navbatida, Isroil harbiy samolyotlari Qum shahridagi Fordo yadroviy inshootiga zarba berdi. Oqibatda ushbu hududda 2,5 magnitudali silkinishlar sodir boʻlgan. Seysmologlarning maʼlumotlariga koʻra, zilzila epitsentri oʻn kilometr chuqurlikda boʻlgan.

Fordo uran boyitish zavodi Eron markazidagi Qum shahri yaqinidagi togʻ tunnellarida joylashgan yer osti yadroviy inshootidir. Bu mamlakat yadroviy infratuzilmasining eng himoyalangan joylaridan biridir.

Isroil mudofaa kuchlari, shuningdek, Eronning markaziy qismidagi raketa maydonchalari va mamlakatdagi qurol-yarogʻ ishlab chiqarish obyektlariga zarba berganini maʼlum qildi.

Shu yilning 13-iyunga oʻtar kechasi Isroil Erondagi yadroviy va harbiy obyektlarga hujum qilib, “Uygʻongan sher” operatsiyasini boshladi. Zarbalar yadro qurolini ishlab chiqish bilan bogʻliq infratuzilma obyektlari, shuningdek, eronlik generallar joylashgan joylarga qaratilgan.

Oʻsha kuni kechqurun Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi “Haqiqiy vaʼda 3” deb nomlangan javob operatsiyasi boshlanganini eʼlon qildi va Isroilga raketalar uchirildi. Bir qancha shaharlarda, jumladan Quddusda havo hujumi sirenalari yangradi. Har ikki davlatdagi zarbalar oqibatida oʻnlab odamlar qurbon boʻldi va jarohatlandi.

Eron Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy vakili Xuseyn Kermanpurning maʼlum qilishicha, mamlakat hududiga beril havo hujumlari oqibatida halok boʻlganlar soni 224 nafarga yetgan. Qurbonlar orasida ayollar va bolalar ham bor. 13-iyundan beri 1277 nafar kishi shifoxonalarga yotqizilgan. Ularning 90 foizdan ortigʻi tinch aholi vakillari ekani aytilmoqda.

Eronning Isroilga javob zarbalari natijasida 17 kishi halok boʻlgan, 200 dan ortiq kishi yaralangan.

Tomonlar bir-biriga hujum qilishda davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер