Yerdan unum, mehnatdan baraka: Yangi Oʻzbekiston agrar siyosati Surxondaryo misolida

14:13 22 Dekabr 2025 Jamiyat
207 0

Bugun dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligi masalasi eng dolzarb muammolardan biriga aylanmoqda. Iqlim oʻzgarishi, suv tanqisligi, geosiyosiy qarama-qarshiliklar va logistika zanjirlarining uzilishi sayyoramizda oziq-ovqat yetishmovchiligi xavfini yanada kuchaytirmoqda. Ana shunday murakkab sharoitda har bir davlat oʻz aholisini arzon, sifatli va barqaror oziq-ovqat bilan taʼminlash masalasini strategik ustuvor vazifa sifatida belgilamoqda.

Shu maʼnoda, Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan agrar islohotlar nafaqat ichki bozor barqarorligini taʼminlash, balki qishloq aholisi farovonligini oshirish, eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Bu islohotlarning amaliy samarasini Surxondaryo viloyati misolida yaqqol koʻrish mumkin.

Soʻnggi yillarda viloyatda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda fan yutuqlari, innovatsion gʻoyalar va suv tejovchi texnologiyalardan oqilona foydalanish ustuvor yoʻnalishga aylandi. Natijada yer maydonlari qisqarganiga qaramay, hosildorlik sezilarli darajada oshdi. Masalan, bundan besh yil avval 74,1 ming gektar paxta maydonidan 201,5 ming tonna hosil olingan boʻlsa, joriy yilda 62,9 ming gektar yerdan 291,1 ming tonna xom ashyo terib olindi.

Gʻallachilikda ham shunga oʻxshash ijobiy dinamika kuzatilmoqda. 2020-yilda 93 ming gektar maydonda boshoqli don parvarishlanib, 619,4 ming tonna hosil yigʻib olingan boʻlsa, bu yil 89,3 ming gektar maydondan 820,7 ming tonna xirmon koʻtarildi. Bu koʻrsatkichlar qishloq xoʻjaligida intensiv usullarga oʻtish oʻz samarasini berayotganidan dalolatdir.

Bundan tashqari, viloyatda 2,3 ming tonna pilla, 2 million 311 ming tonna meva-sabzavot, 226,8 ming tonna goʻsht, 1 million tonnadan ziyod sut va 610,5 million dona tuxum yetishtirildi. Bu raqamlar Surxondaryoni nafaqat respublikadagi, balki mintaqadagi yirik agrar hududlardan biri sifatida namoyon etmoqda.

— Bugun qishloq xoʻjaligida asosiy mezon yerning koʻpligi emas, undan qay darajada oqilona foydalanishdir, — deydi Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Farhodjon Ismoilov. — Suv tejovchi texnologiyalar, innovatsion yondashuvlar, klaster tizimi orqali biz hosildorlikni keskin oshirishga erishyapmiz. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligi, eksport va aholi daromadlarining oʻsishiga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda viloyatda oltita paxta-toʻqimachilik, 13 ta meva-sabzavotchilik, ikkita gʻallachilik va bitta sholichilikka ixtisoslashgan klaster faoliyat yuritmoqda. Keyingi ikki yilda paxtachilikda xorij tajribalarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻtgan yil 3,3 ming gektar, bu yil esa 16,2 ming gektar maydonda Xitoy tajribasi asosida chigit qadaldi va moʻl hosil olindi.

Sabzavotchilikda ham ilgʻor innovatsiya va fan yutuqlari keng qoʻllanilib, oʻtgan yil 3,2 ming gektar, joriy yilda besh ming gektar maydonda intensiv sabzavotchilik yoʻlga qoʻyildi.

Global oziq-ovqat tanqisligi xavfi kuchayib borayotgan bir paytda Surxon vohasida ichki bozorni arzon va tabiiy mahsulot bilan taʼminlash, shu bilan birga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ikki barobar oshirish va eksportni kengaytirish uchun yetarli imkoniyat mavjud. Shu maqsadda xonadonlarda tomorqachilikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Joriy yilda 4,3 milliard soʻm mablagʻ evaziga Termiz tumanida “Surxondaryo innovatsion tomorqa maktabi” tashkil etildi. Bu yerda tomorqa egalariga talab yuqori boʻlgan ekinlarni parvarishlash, tomchilatib sugʻorish, issiqxona xoʻjaligini yuritish boʻyicha chuqur bilimlar berilmoqda. Ushbu maskanda oʻquv binosi, uch gektar issiqxona va uch gektar oʻquv-tajriba maydoni barpo etildi. Tajriba uchastkasida banan, papaya, limon, shuningdek, Toshkent alegator, Surxondaryo jaydari, Kenza, Ismaloq kabi koʻkatlar yetishtirilmoqda.

Oʻquv kurslariga usta-dehqonlar, olimlar va mutaxassislar jalb qilinib, tinglovchilarga yiliga 3–4-marta hosil olish orqali 1 sotix yerdan oʻrtacha 10–15 million soʻm daromad olish amaliyoti oʻrgatilmoqda. Kelgusi yil viloyatdagi 77 ming aholi tomorqasi va 2 ming 241 gektar ijara yer maydonida 14 turdagi serdaromad ekin ekish rejalashtirilgan.

— Prezidentimiz tomonidan qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish boʻyicha qabul qilinayotgan qaror va farmonlar biz, fermerlar uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar eshigini ochdi, — deydi Qumqoʻrgʻon tumanidagi “Guliston” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi boshligʻi, “Shuhrat” medali sohibi Mannob Nematov. Ilgari asosiy eʼtibor faqat hosil olishga qaratilgan boʻlsa, bugun yaratilgan shart-sharoitlar tufayli mahsulotni yetishtirishdan tortib, qayta ishlash va bozorga chiqarishgacha boʻlgan toʻliq zanjirni yoʻlga qoʻyyapmiz. Intensiv texnologiyalar, suv tejovchi usullar, imtiyozli moliyalashtirish va davlat qoʻllab-quvvati natijasida hosildorlik ham, daromad ham sezilarli oshdi. Eng muhimi, qishloqda mehnat qilib, munosib daromad topish mumkinligi amalda isbotlanyapti.

Viloyatda xorijiy investitsiyalar ishtirokida yirik loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, Muzrabot tumanida Xitoyning “Jiangsu World Machinery Co. Ltd” kompaniyasi taʼsischiligidagi “GF World Termez” MCHJ tomonidan qiymati 80 million AQSH dollari boʻlgan 5 ming gektar maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida paxta yetishtirish va qayta ishlashni tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha 2026-yilda toʻliq ishga tushirish rejalashtirilgan boʻlib, natijada 800 ta yangi ish oʻrni yaratiladi, yillik 10 milliard soʻmlik byudjet tushumi va 10 million dollarlik eksport hajmi taʼminlanadi. Shuningdek, mazkur tumanda Rossiyaning “Leto” kompaniyasi taʼsischiligidagi “Bless S.R” qoʻshma korxonasi tomonidan 200 gektar maydonda issiqxona, agrologistika markazi va mahsulot yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. Termiz tumanida esa Xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda “Huamian Taifeng Termiz” MCHJ tashkil etildi. Ushbu 96 million dollarlik loyiha doirasida 3 ming gektar maydonda tomchilatib sugʻorish asosida paxta yetishtirish, toʻliq qayta ishlash, 300 ta barqaror ish oʻrni yaratish va yillik 12 million dollarlik eksportga erishish koʻzda tutilgan.

Xulosa qilib aytganda, Yangi Oʻzbekistonda agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar Surxondaryo viloyati misolida oʻzining aniq natijasini bermoqda. Bu islohotlar oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, narxlar barqarorligini saqlash, eksportni oshirish va eng muhimi, qishloq aholisining farovon turmush kechirishini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?