YEOII: kuzatuvchilik maqomi qanday afzalliklar beradi?

01:58 15 May 2020 Siyosat
1533 0

Xabaringiz bor, Oliy Majlis deputatlari va senatorlari tomonidan Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi toʻgʻrisidagi tegishli qarori qabul qilindi. Oʻtkazilgan muhokamalar va tahlillar asosida ovoz beruvchilarning asosiy qismi mamlakatimizning mazkur tuzilma tarkibida “kuzatuvchi davlat” maqomida ishtirok etish taklifini maʼqulladi.

Albatta, bu xulosaga keng muhokamalar natijasida kelindi. Xalqimiz va saylovchilar fikri inobatga olindi. Shuningdek, iqtisodchilar, huquqshunoslar, iqtisodiyot tarmoqlari va jamoatchilik vakillari, siyosiy partiyalar tomonidan bildirilgan yakuniy xulosada ham bu masalani chuqur oʻrganish, hozirgi sharoitda kuzatuvchi maqomida boʻlish eng maqbul holat ekanligi bildirib oʻtildi. Xalqimizning anʼanalariga muvofiq, katta ish oldidan koʻpchilik bilan kengashib olindi. Umuman olganda, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, uning xohish-irodasiga tayanildi.

Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorlik masalasi: Tarafdorlar va qarshilar nima deydi?

Shu oʻrinda Oʻzbekiston uchun kuzatuvchilik maqomi qanday afzalliklar berishi mumkinligini qayd etib oʻtsak:

– birinchidan, kuzatuvchi maqomi mamlakatimiz uchun iqtisodiy majburiyatlar va salbiy holatlarni yuzaga keltirmaydi;

– ikkinchidan, YEOII aʼzo davlatlarining yagona qarorlarini oʻrganish va ularni bevosita kuzatish imkoni vujudga keladi;

– uchinchidan, YEOII davlatlari majlislari maʼlumotlarini bevosita olish (kerak boʻlsa, bevosita ishtirok etish) va uni Oʻzbekiston sharoitidagi makroiqtisodiy jihatdan tahlilini amalga oshirish uchun birlamchi manba yuzaga keladi;

– toʻrtinchidan, kuzatuvchilik maqomidan soʻng YEOIIga aʼzo boʻlib kirish yoki kirmaslik majburiyati mavjud emas.

Mazkur pozitsiyada Oʻzbekiston qanday namoyon boʻladi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga kuzatuvchi sifatidagi ishtirokimiz qanday taʼsir koʻrsatadi?

Bu kabi savollar koʻpchilikni oʻylantirishi tabiiy. Aytib oʻtish mumkinki, kuzatuvchi maqomidagi ishtirokimiz qaror qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etmasak-da, bizga YEOIIning hamma ishchi organlarida bemalol fikr bildirish huquqini beradi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Oʻzbekistonning YEOIIga aʼzo boʻlishi taʼsirini baholash uchun tadqiqot oʻtkazmoqda

Kuzatuvchilik davridagi vaqt mobaynida maʼlum yoʻnalishlarda ortda qolgan islohotlarni izchil yoʻlga qoʻyib olish, aʼzo mamlakatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganish, muqarrar raqobat sharoitiga aniq maqsadlar bilan tayyorgarlik koʻrishimiz hamda xalqaro bozorda oʻz oʻrnimizni topish choralarini kuchaytirish imkoniyatiga ega boʻlamiz. Shuningdek, xalqaro moliya bozori, investorlar, donor mamlakatlarning investitsion loyihalarini yoki mablagʻlarini jalb qilishda qisqa, oʻrta va uzoq muddatli davrgacha strategik maqsadlarni hisobga olishimiz zarur boʻladi.

Iqtisodiy harakatsizlikni keltirib chiqaruvchi bugungidek omillar taʼsiri ham eʼtibor markazimizda boʻlishi kerak. Bunda salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi omillar iqtisodiyotimiz tarmoqlariga qay darajada salbiy taʼsir etishini kuzatish va natijalarni chuqur tahlil qilib borish maqsadga muvofiq. Soni besh million atrofida ekanligi aytilayotgan aholining kambagʻal qatlami, norasmiy mehnat bozorida doimiy boʻlmagan daromad topayotgan fuqarolarni manzilli ishga joylashtirish tizimini chuqur isloh etish zarur. Bunda eʼtibor daromadlar, soliqlar va nafaqalar manzilligiga qaratilishi lozim. Zero, aholi bandligi va daromadlari oʻsishini taʼminlaydigan eng muhim sohalarni rivojlantirilishi iqtisodiyotimiz rivojida alohida ahamiyatga ega.

Xulosa qilib aytganda, oʻtkazilgan muhokamalar va tahlillardan soʻng maʼlum xatarlar va maʼlum yutuqlar sanab oʻtildi. Solishtirma tahlillar natijasiga koʻra, parlament aʼzolarining koʻpchilik qismi kuzatuvchilik maqomini tanladilar. Taʼkidlandiki, endi kuzatuvchilik maqomida oʻzimizga salbiy taʼsir etuvchi omillarni bartaraf etish boʻyicha aniq strategiyani belgilab olishimiz lozim boʻladi. Umuman olganda, YEOII bilan munosabatlarni amalga oshirishga doir qarorning qabul qilinishi bu boradagi muzokara va tadqiqotlarni obyektini aniq belgilashga asos boʻladi, deb hisoblaymiz.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер