“Endi tanlov qolmadi”. Eron prezidenti qurgʻoqchilik sabab poytaxtni Tehrondan koʻchirish taklifini yana ilgari surdi

13:00 21 Noyabr 2025 Dunyo
134 0

Foto: AFP

Eron prezidenti Masʼud Pezeshkiyon mamlakatda boshqa yoʻl qolmaganini, shu bois poytaxtni Tehrondan koʻchirish zarurligini yana bir bor taʼkidladi. Bu haqda “Iran International” xabar bermoqda.

Eron rahbarining aytishicha, Tehron jiddiy ekologik muammolar sabab oʻz hayotiyligini saqlab qola olmaydi.

— Yer har kuni 30 sm choʻkmoqda, bu esa haqiqiy falokat, — dedi u.

Pezeshkiyon amaldorlarni birgalikda choralar koʻrishga chaqirdi, aks holda Eronni “mudhish kelajak” kutayotganini bildirdi.

Davlat rahbari mamlakatdagi suv zaxiralarining kamayishi haqida ham ogohlantirdi.

— Atrof-muhitni asrash — bu hazil emas. Uni eʼtiborsiz qoldirish — oʻz qoʻling bilan oʻzingga hukm chiqarish demakdir, — dedi Pezeshkiyon.

Eslatib oʻtamiz, Pezeshkiyon joriy yilning oktyabr oyi boshida ham suv tanqisligi va tuproq oʻpirilishi sabab poytaxtni Tehrondan janubiy hududlarga koʻchirish gʻoyasini ilgari surgandi.

Soʻnggi besh yil ichida Eron boʻylab yogʻingarchilik miqdori barqaror kamaygan. 2025-yildagi qurgʻoqchilik esa soʻnggi oʻn yilliklardagi eng kuchlisi sifatida qayd etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?