Endi kuniga faqat 1 ta bankdan onlayn kredit olish mumkin boʻladi

13:27 21 Yanvar 2026 Hujjatlar
539 0

Illyustrativ foto

Adliya vazirligi Markaziy bank bilan hamkorlikda onlayn moliyaviy xizmatlar xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan yangi talablarni tasdiqladi. Mazkur nizom 2026-yil 21-yanvar kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Yangi tartibga koʻra, mobil ilovada roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchi akkauntiga faqat ushbu shaxs yoki yaqin qarindoshlariga tegishli boʻlgan bank hisobvaragʻi, bank kartasi va elektron hamyonlarni biriktirishi hamda ushbu akkaunt orqali P2P oʻtkazmalarini amalga oshirishi mumkin.

Foydalanuvchining telefon raqami va JSHSHIRi mos kelishi tekshiriladi hamda moslik aniqlanmaganda mobil ilovada roʻyxatdan oʻtkazish va bank kartasini biriktirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Kredit va toʻlov tashkilotlari foydalanuvchilarni biometrik identifikatsiyadan oʻtkazishda hayotiylik faktorlarini aniqlashi shart, yaʼni rasm orqali identifikatsiya qilish mumkin boʻlmaydi.

Shuningdek, telefonga yuborilgan 1-martalik SMS xabar 3 marotaba notoʻgʻri kiritilganda, foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari 15 daqiqa davomida vaqtincha cheklanadi. Mobil ilovadagi akkauntga boshqa qurilmadan kirish yoki uning parolini qayta tiklashda ushbu akkauntga bogʻlangan barcha bank kartalari mobil ilovadan avtomatik tarzda chiqarib yuboriladi.

Bundag tashqari, ushbu qurilmada bank kartalari boʻyicha moliyaviy operatsiyalar tarixi oʻchirib yuboriladi. Bunda, bank kartalarini biriktirish biometrik identifikatsiyadan oʻtkazilgan holda amalga oshiriladi.

Nizomga koʻra, onlayn kredit olish uchun ariza berilganda, kredit tashkiloti avvalo foydalanuvchi maʼlumotlarini Kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestrida tekshiradi.

Agar foydalanuvchi maʼlumotlari reyestrda topilmasa, onlayn kredit berish jarayoni davom ettiriladi. Agar bir JSHSHIR boʻyicha bir vaqtning oʻzida bir nechta kredit tashkilotlari soʻrov yuborsa, kredit byurosi faqat birinchi boʻlib yuborilgan soʻrovga javob beradi.

Birinchi soʻrov yuborgan kredit tashkiloti ushbu JSHSHIR boʻyicha onlayn kredit rasmiylashtirilganligini maʼlum qilsa, kredit byurolari mazkur JSHSHIR boʻyicha boshqa kredit tashkilotlariga 24 soat davomida soʻrov qabul qilinmasligi toʻgʻrisida maʼlumot beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?