Ekin suvi taqchilligi dolzarbligini yoʻqotmaydi

17:07 18 Dekabr 2025 Jamiyat
272 0

Respublika Suv xoʻjaligi vazirligi bergan maʼlumotlarga koʻra 2025-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun mamlakatimizda 40 mlrd kub metrdan ortiq suv suv sarflangan. Bugungi kun holatida transchegaraviy suv omborlari bilan hisoblaganda, suv zaxiralarimiz oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 6,5 mlrd kub metrga kam. Ichki suv omborlarimizda esa 2,7 mlrd kub metr kam suv yigʻilgan. Albatta, bu raqamlar suvdan yanada tejamkorlik bilan foydalanishni taqozo etadi.

Shu maqsadda Respublika Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida qishloq xoʻjaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi.

— Soʻnggi besh yilda suv xoʻjaligi tizimini tubdan isloh qilish, mavjud suv zaxiralaridan tejamkorlik asosida foydalanishga mamlakatimiz boʻyicha 60 trln soʻm byudjet mablagʻlari hamda 622 mln dollar xorijiy investitsiyalar yoʻnaltirildi, — deydi vazirlik boshqarma boshligʻi S.Alimardonov. — Natijada 2025-yilga kelib, respublika boʻyicha suv tejaydigan texnologiyalarning umumiy maydoni 2,6 mln gektarga yoki sugʻoriladigan maydonga nisbatan 60 foizga yetkazildi. Biroq bu hali chegara emas, Iqlim oʻzgarishi suv taqchilligini yuzaga keltirar ekan barcha choralardan samarali foydalanishimiz zarur.

Seminar tumandagi “Farmonbobo Neʼmati” fermer xoʻjaligi dalalarida tashkil etilib, unda suv tejovchi irrigatsiya uskunalarining afzalliklari, kanal va ariqlarni betonlashtirish boʻyicha yangi xorijiy texnologiyalar, innovatsion geosintetik sement-kompozitsion qoplamalar, qishloq xoʻjaligi yerlariga quyosh panellari orqali suv yetkazib berish (Kavsar) texnologiyasi boʻyicha, suv resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha tajribalar, ilgʻor texnologiyalarni amaliyotga joriy etish imkoniyatlari hamda davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar haqida masʼullar tomonidan maʼlumotlar berildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar fermer xoʻjaligida joriy etilgan zamonaviy sugʻorish tizimlari bilan tanishib, oʻzaro tajriba almashdilar.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?