Deputat koʻmagida dolzarb muammolarga yechim topilmoqda

19:16 10 Iyul 2023 Jamiyat
567 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, uning manfaatlarini amalda taʼminlash, mavjud muammolarni joylarga chiqqan holda oʻrganish va hal etish boʻyicha oʻziga xos tizim yaratildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navroʻz Rizayevning Urgut tumani aholisi bilan navbatdagi yuzma-yuz uchrashuvlarida ham ana shu maqsadlar ustuvor ahamiyat kasb etdi.

Oʻrganishlar davomida xalq vakili tumanning Dehqonobod mahallasida boʻlib, davlat investitsiya dasturi asosida zamonaviy loyiha asosida qad rostlayotgan qiymati 4 milliard 600 million soʻm boʻlgan 120 oʻrinli 30 – davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida olib borilayotgan qurilish jarayonlari bilan tanishdi.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Bu bogʻcha oʻtgan asrning 50-yillarida qurilgan boʻlib, 50 oʻringa moʻljallangan binoda 100 dan ortiq bola tarbiyalanardi, — deydi muassasa rahbari Mavsuma Ahmedova. — Yangi va zamonaviy bogʻcha binosi joriy yilning sentyabr oyigacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Deputat ushbu mahalla hududidan oʻtgan “Urgut – Navoiy” katta yoʻlidagi Yangiariq kanali ustiga 1976-yili qurilgan eski koʻprikni yangilash masalasida mutasaddi davlat idoralariga bir necha bor murojaat qilgan edi. Natijada bugungi kunda bu yerda eni 14 metr boʻlgan katta va zamonaviy koʻprik qurilishi olib borilmoqda. Deputat mazkur obyektdagi qurilish ishlari bilan ham tanishdi.

Xalq vakili tumandagi 3400 nafar aholi istiqomat qilib kelayotgan Nisbot mahallasi ahli bilan muloqot davomida ularning yashash tarzi hamda sharoitlarini oʻrgandi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Deputatning mahalla aholisi bilan avvalgi uchrashuvlarida fuqarolar bandligini taʼminlash, ularning daromadini oshirish borasidagi murojaatlari asosida Nisbot va Sariqtepa mahallalari hududidagi boʻsh turgan 180 gektar yer maydoni kam taʼminlangan oilalar, ishsiz fuqarolarga vaqtincha ajratib berilgan edi. Ayni paytda ushbu ekin maydonlarida fuqarolar takroriy ekin ekib yerdan unumli foydalanib kelmoqda.

— Bu masalada Navroʻz Rizayevga murojaat qilgan edik, — deydiNisbot” MFY raisi Zayniddin Suyunov. — Natijada deputat va tuman hokimining aralashuvi bilan yerlar muhtoj oilalarga vaqtincha ajratib berildi. Xalqimiz bundan minnatdor.

Darhaqiqat, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining joylarda aholi bilan muloqot qilishi, muammolarini oʻrganishi va tizimli hal etish yoʻlidagi saʼy-harakatlari ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish hamda xalq manfaati va farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.  

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?