Deputat fuqarolar muammolariga ijobiy yechim izlamoqda

14:51 31 Oktyabr 2025 Jamiyat
207 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Baxtiyor Maniyozov Marhamat tumanidagi “Qovunchi” mahallasida boʻlib, kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi ishlar bilan tanishdi. Tomorqadan samarali foydalanish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yoshlarni kasbga yoʻnaltirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratdi.

Deputat mahalla aholisi bilan ochiq muloqot oʻtkazib, ularning muammolarini eshitdi va amaliy yordam berishga kirishdi.

— Mahallamizda asosiy daromad tomorqachilikdan boʻlgani bois bir qarich yerni ham boʻsh qoʻymayman, — deydi Shohista Jaloldinova. — Deputat Baxtiyor Maniyozov xonadonimga kelib, bu borada yangi tavsiyalar berdi. Mutaxassisligim boʻyicha ham ishlash imkonim bor. Shuni inobatga olgan holda menga boʻsh ish oʻrinlari taklif etildi.

Muloqot davomida fuqarolarning koʻplab muammolari joyida hal qilindi. Ayrimlarga ishga joylashish, boshqalarga esa kredit va subsidiya olish masalalari boʻyicha amaliy koʻmak koʻrsatildi. Shu tariqa deputatning yuzma-yuz muloqoti natijasida oʻnlab oilalarning orzu-umidi amalga oshishi yoʻlida yangi imkoniyatlar yaratildi.

Saminjon HUSANOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?