Davlat Test markazi Buxoro viloyat boʻlimining respublikada yagona sanalgan zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi

14:25 04 Fevral 2022 Jamiyat
4421 0

Foto: Халқ сўзи

Abituriyentlar, u yoki bu soha xodimlarining test sinovlarini risoladagidek topshirishlari, imtihonlarning shaffof, ochiq va adolatli oʻtishi koʻp jihatdan yaratilgan shart-sharoitlarga bogʻliq. Sir emas, shu paytga qadar test sinovlari sport majmualari, hatto stadionlarda oʻtkazilar va bu qator noqulayliklarni yuzaga keltirardi. Buxoroda aynan shu masalaga oqilona yechim topildi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat Test markazi viloyat boʻlimi uchun bir smenada 1100 nafar abituriyentni sinovdan oʻtkazish imkoniyatiga ega zamonaviy majmua qurilib foydalanishga topshirildi. Hozircha respublikada yagona sanalgan bu obyekt qurilish ishlari uchun 21,1 milliard soʻm miqdorida mablagʻ sarflandi. Majmua abituriyentlarni tekshirib kiritishga moʻljallangan bino, 1100 oʻrinli pavilyon, tibbiyot xonasi, 48 oʻrinli oshxona, 6 ta kompyuter sinf xonasi, 2 ta dam olish hamda boʻlim xodimlari xonalaridan iborat. Bino ichida 28 ta statsionar kuzatuv kamerasi, 4 ta 360 gradusli shaxsni indentifikatsiya qilish kamerasi oʻrnatilgan. Videokuzatib xonasidagi yirik ekranli teleekranlar test sinovlari jarayonini uzluksiz kuzatib borish imkonini beradi. Majmuada ota-onalar uchun 600 oʻringa moʻljallangan kutish joyi ham barpo qilingan.

— Bino yil davomida test oʻtkazish uchun moslashtirilgan, — deydi Davlat Test markazi Buxoro viloyat boʻlimi boshligʻi Neʼmat Sevinchev. — Shu maqsadda mahalliy hokimlik mablagʻlari hisobidan 2,2 milliard soʻm mablagʻ sarflanib, sovutish va isitish tizimi oʻrnatildi. Markazimiz tomonidan yil davomida 46 turdagi test sinovlari oʻtkaziladi. Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga, Prezident maktablariga kirish, rahbar kadrlar va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash test sinovlari shular jumlasidan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan, imkoniyatlari jihatidan respublikamizda noyob sanalgan bu majmua, shubhasiz, test sinovlarining shaffof, adolatli, xolis oʻtishini taʼminlashga xizmat qiladi. Iqtisodiyot tarmoqlari uchun har tomonlama bilimli, salohiyatli kadrlar tayyorlashga zamin yaratadi.

Majmuaning tantanali ochilish marosimida soʻz olgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi A. Abduvohidov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat Test markazi direktori oʻrinbosari S. Rajabov ana shuni alohida taʼkidladilar.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер