Davlat aktivlarini shaffof holda xususiylashtirish — davr talabi

10:01 01 Aprel 2022 Jamiyat
950 0

Yaqinda Prezidentimizning “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Bu foydalanilmay turgan yoki samarasiz foydalanilayotgan boʻsh binolarni shaffof holda xususiylashtirish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.

Unga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining, vazirlik, idora hamda xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining davlat aktivlarini boshqarish yoʻnalishidagi asosiy vazifalaridan biri etib, boʻsh turgan, samarasiz foydalanilayotgan va asosiy faoliyat sohasiga taalluqli boʻlmagan aktivlarni aniqlash boʻyicha xatlov ishlarini muttasil amalga oshirish va ulardan samarali foydalanish choralarini koʻrish belgilandi.

Qarorda mahallalardagi hokim yordamchilari zimmasiga ham bu borada masʼuliyatli vazifa yuklandi. Ular oʻz hududlarida boʻsh turgan bino va yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish uchun buyurtma berish imkoniyati yaratildi.

Xususan, qarorda belgilanganidek, 2022-yil 1-apreldan boshlab, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchilari tomonidan oʻz hududlarida boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyekti yoki yer uchastkalari hududi 2 000 kvadrat metrgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyekti aniqlanganda hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.

Qarordagi yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli boʻlgan, uch oydan ortiq foydalanilmasdan boʻsh turgan obyekt, (ijtimoiy obyektlar bundan mustasno) Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqariladi.

Bundan koʻrinib turibdiki, boʻsh turgan va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlari hamda yer uchastkalarini xususiylashtirishda qarorning ahamiyati juda katta.

Mamlakatimizda harakatlar strategiyasidan yuksalishlar strategiyasiga qadam qoʻyayotgan ekanmiz, iqtisodiyotning biror-bir boʻgʻini eʼtibordan chetda qolishi mumkin emas. Zotan, mamlakatimiz iqtisodiyoti ravnaqi uchun har birimiz masʼulmiz.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер