Daniya pochta xizmati 400-yildan soʻng xat yetkazishni toʻxtatmoqda

15:02 21 Dekabr 2025 Dunyo
292 0

Foto: EPA

Daniyada pochta xizmati 400-yildan ortiq davom etgan anʼanani yakunlab, 30-dekabr kuni soʻnggi xatni yetkazib beradi. Bu haqda mamlakatning asosiy pochta operatori — “PostNord” maʼlum qildi. Kompaniya jamiyatda raqamlashuv keskin kuchaygani sabab xatlarga boʻlgan talab deyarli yoʻqolganini taʼkidladi.

Qarorga muvofiq, “PostNord” (2009-yilda Shvetsiya va Daniya pochta xizmatlari qoʻshilishi natijasida tashkil etilgan) Daniyada 1 500 ish oʻrnini qisqartiradi va 1 500 ta qizil pochta qutisini olib tashlaydi. Kompaniya xabarida keltirilishicha, soʻnggi 25-yil ichida mamlakatda xat joʻnatish hajmi 90 foizdan ortiqqa kamaygan, shu bilan birga internet orqali xaridlar keskin oshgan. Shu bois, “PostNord” endilikda asosiy eʼtiborni posilkalar yetkazib berishga qaratadi.

Olib tashlangan pochta qutilari jamoatchilikda katta qiziqish uygʻotdi, xususan, yaqinda sotuvga chiqarilgan 1 000 ta pochta qutisi bor-yoʻgʻi uch soat ichida sotilib ketgan. Yaxshi holatdagi qutilar 2 000 krona, biroz eskilari esa 1 500 krona (100 DKK = 15-16 AQSH dollari thr.)dan baholangan. Yana 200 ta pochta qutisi yanvar oyida auksionga qoʻyilishi aytilmoqda. “PostNord”, shuningdek, Daniyada foydalanilmagan markalar uchun cheklangan muddatda pul qaytarilishini ham maʼlum qilgan.

Ekspertlar bu oʻzgarishni ramziy ahamiyatga ega deb baholamoqda. Kopengagendagi pochta va kommunikatsiyalar muzeyi direktori Magnus Restofte taʼkidlashicha, Daniya dunyodagi eng raqamlashgan davlatlardan biri boʻlib, aholining 97 foizi milliy raqamli identifikatsiya tizimi — MitID'dan foydalanadi. Rasmiy idoralar bilan yozishmalarning deyarli barchasi elektron shaklda amalga oshiriladi, jismoniy xat qabul qilishni tanlaganlar esa atigi 5 foizni tashkil etadi.

Shu bilan birga, tadqiqotlar yoshlar orasida qoʻlyozma xatlariga qiziqish qayta ortayotganini koʻrsatmoqda. 18-34 yoshdagilar boshqa yosh toifalariga nisbatan 2-3 barobar koʻproq xat yozishi aniqlangan. Mutaxassislar buni raqamli axborotdan charchagan yoshlarning ongli tanlovi sifatida baholamoqda.

Shularni inobatga olgan holda, Daniyada xat joʻnatish imkoniyati butunlay yoʻqolmaydi. Bu vazifani “Dao” kompaniyasi oʻz zimmasiga oladi. Kompaniya 2025-yilda taxminan 30 millionta xat yetkazgan boʻlsa, 2026-yildan bu koʻrsatkichni 80 milliontaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Biroq fuqarolar xat yuborish uchun maxsus nuqtalarga borishi yoki uydan olib ketish xizmati uchun qoʻshimcha haq toʻlashiga toʻgʻri keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?