“Dadam sigareta soʻrab kirsalar olti safar yoʻq deb ayting! Iltimos…”
“Xalq soʻzi” gazetasi yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tahririyat rasmiy veb-sayti “Madaniyat“ rukni ostida “Yosh ijodkorlar gurung” ni tashkil etdi. Unda yosh shoir, nosir va tarjimonlarning ijodiy ishlari eʼlon qilib boriladi. Marhamat, oʻqing, bahra oling.
Navbatdagi mehmonimiz Muhammadxon Yusupov — 1995-yil 10-martda Namangan viloyatida tugʻilgan. Hozirda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, tarjimonlik fakulteti talabasi. Badiiy adabiyotning nasr va dramaturgiya sohalarida ijod qiladi. “Qisqa hikoyalar” toʻplami nashr qilingan. Oʻtkir Hoshimov asari asosida suratga olingan “Urushning soʻnggi qurboni” filmi ssenariy muallifi. “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohibi. Quyida uning qalamiga mansub shingil hikoyalardan namunalar keltiramiz.
Optimist
– Yangi poyabzal sotib olganimda doim bitta qoʻshimcha bogʻichga ega boʻlishimni oʻylab, quvonaman. Umuman kiyilmaydigan ikkinchi poy haqida esa oʻylamaslikka urinaman...
***
Mahalliy doʻkon
– Amaki, mana! Shu pulga qancha sigareta keladi?
– Hmm, olti quti. Ammo men yosh bolalarga sigareta sotmayman.
– Men sotib olmoqchi emasman. Dadam sigareta soʻrab kirsalar olti safar yoʻq deb ayting! Iltimos…
***
Begona ayol
Oldinlari menga oyim ertak aytib berardilar. Ammo yolgʻiz tinglardim.
Keyin ertakni buvim aytib bera boshladilar, unda ham bir oʻzim tingladim.
Endi esa ertakni bir begona ayoldan eshityapman, ammo bir dunyo yangi doʻstlar bilan…
***
Baxt
– Sen baxtli boʻlmoqchimisan yoki uni baxtli qilishni istayapsanmi?
– Bu ikkovi boshqa-boshqami?..
***
Hozir
Onasiga tez-tez dastyorlik qilib turadigan qoʻshni qizni uzatishayotganida shu yili endi birinchi sinfga qadam qoʻyadigan bolakay eshikka suyanib, toʻyxonaga qarab hoʻng-hoʻng yigʻlamoqda.
Bolakayning “Menga tegasizmi?” degan savolini ham, unga qoʻshni qizdan olgan roziligini ham oʻzidan boshqa hech kim jiddiy qabul qilmaganini katta boʻlganida, albatta, tushunib yetadi.
Balki, oʻshanda kular, ammo hozir yigʻlayapti va koʻz yoshlari haqiqiy...
Kulmang, unga hozir rostdanam ogʻir...
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Erkaklar ayollarga nisbatan koʻproq kaloriya isteʼmol qilishi kerakmi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring