Bunyodkorlik ruhi bilan yashayotgan “Shahrisabz bunyodkori”

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Tadbirkor, tashabbuskor inson hech qachon erishgan yutuqlari bilan cheklanib qolmaydi. Yangi-yangi marralarni zabt etishni oʻylaydi. Shu yoʻlda izlanadi. Oldiga aniq maqsad qoʻyib, qatʼiyat bilan harakat qiladi. Yangi tashabbuslar, loyihalarga qoʻl uradi. Natijada biznesi rivojlanib, iqtisodiy imkoniyatlari kengayib boraveradi.
Eʼtiborli tomoni, bunday tashabbusdan davlat va jamiyat ham katta naf koʻradi. Zero yangi loyihalar asnosida qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi. Hududning ishlab chiqarish quvvatlari soni ortadi. Xizmat koʻrsatish turlari koʻpayib, servis sifati yaxshilanadi.
Buni Shahrisabz tumanida faoliyat yuritayotgan “Shahrisabz bunyodkori” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati misolida ham koʻrish mumkin.
Ushbu korxona 2012-yilda tadbirkor Feruz Murtozoyev tashabbusi bilan qurilish tashkiloti sifatida taʼsis etilgan edi. Dastlab turli obyektlarda bunyodkorlik ishlarini bajarish bilan shugʻullangan bu subyekt bugun nafaqat tuman, balki viloyat sanoatida oʻz oʻrni va mavqeiga ega nufuzli korxonalardan biriga aylanib ulgurdi.
— Faoliyat boshlagan dastlabki kezlarda bir nechta xodim bilan kichik yoʻl va koʻpriklarni qurish, taʼmirlashdan boshlagan boʻlsak, hozirgi kunda korxonamizning faqat shu tarmogʻida mehnat qilayotgan ishchilar soni ellikdan oshib ketdi, — deydi tadbirkor. — Oʻtgan vaqt mobaynida moddiy-texnik bazasini tubdan yaxshiladik. Faoliyat uchun zarur zamonaviy uskunalar, texnika vositalarini xarid qildik.
Ahamiyatli jihati, jamiyat taʼsischilari oʻz oldiga qurilish ishlari bilan bir qatorda, faoliyatni bosqichma-bosqich kengaytirib borishni maqsad qilib qoʻygan. Natijada jamiyat tasarrufidagi tarmoqlar soni oshib, korxonaning iqtisodiy imkoniyatlari kengayib bormoqda.
— Faoliyatimiz bevosita qurilish ishlarini amalga oshirishga qaratilgani bois, oʻzimizda ham qurilish mahsulotlariga doimiy ehtiyoj mavjud, — deydi Feruz Murtozoyev. — Avvaliga bunday mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalardan xarid qilgan boʻlsak, keyinchalik ularni oʻzimiz ishlab chiqarishga qaror qildik. Agar shunday qilsak, bu ishlatayotgan mahsulotlarimizning tannarxini birmuncha arzonlashtirish, qolaversa, qoʻshimcha daromad olish manbalarini yaratish imkonini beradi. Dastlab oddiy texnologiyalar asosida “blok gʻisht”lar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan boʻlsak, keyingi bosqichda beton plitalar ishlab ishlab chiqarishni oʻzlashtirdik. Tosh-shagʻal ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik quvvatni ishga tushirdik.
Dastlabki muvaffaqiyatlardan ruhlangan jamoa joriy yilda yana bir yangi loyihani amalga oshirdi.
— Shu vaqtga qadar yoʻl qurilishi ishlarida faqat asfaltga ehtiyojimiz bor edi, — deydi tadbirkor. — Ushbu mahsulotni boshqa korxonalardan xarid qilardik. Bu pudrat ishlarining tannarxini biroz oshirish bilan bir qatorda, ishni oʻz vaqtida yakunlashda ham muammo tugʻdirgan holatlar koʻp boʻlardi. Shu bois oʻtgan yili asfalt ishlab chiqarishni ham oʻzimiz yoʻlga qoʻyishga kirishdik. Xitoy va Yevropa davlatlaridan 500 ming AQSH dollariga soatiga 120 tonna asfalt ishlab chiqarish imkonini beradigan zamonaviy quvvatni xarid qilib, Qarshi shahrining Shayxali mahallasi hududida ishga tushirdik. Zavodni Shahrisabzda emas, Qarshi shahrida qurishimizning asosiy sababi – viloyatning barcha hududlariga mahsulot yetkazib berishda yoʻlga ketadigan xarajat va va vaqtni qisqartirishdir.
Tadbirkorning aytishicha, ushbu asfalt zavodi boshqalaridan oʻzining ixchamligi, tejamkorligi hamda ishlab chiqarilgan mahsulotning yevrostandartlarga javob bera olishi bilan ajralib turadi. Shu bois zavod ishga tushirilganiga koʻp boʻlmagan boʻlsa-da, mahsulotga buyurtmachilar soni kundan-kunga oshib bormoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring