Buxoroning qadimiy bogʻ va saroylari qayta tiklanadimi?

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Shu kunlarda Buxoro amirining yozgi saroyi vazifasini oʻtagan Sitorai Mohi Xossadan sayyohlar qadami uzilmayapti. Ularni muzeyga aylantirilgan bu goʻshadagi osori atiqalardan tashqari tovuslar-u asrlar osha qad rostlab turgan daraxtlar ham hayratga solmoqda. Axir, 265 yoshli tutlarni, 130 yoshdan oshgan katalpa-yu chinor, maklyura, dubni har qayerda ham uchratavermaysiz.
— Mana bu ikki tup katalpa 1893-yilda Fransiyadan olib kelingan, — deydi Sitorai Moxi Xossa muzey filiali ilmiy xodimi Nargiza Jumayeva. — Koʻchati 1861-yilda oʻtqazilgan eman daraxti gʻaroyib xususiyatga ega. Uning tagida bir necha daqiqa oʻtirgan kishi oʻzini kun boʻyi tetik his etadi. Archasimonlar oilasiga mansub tuya daraxti 1915-yilda ekilgan boʻlib, tarvaqaylab oʻsgan va oʻziga aylanma maydon hosil qilgan.
Ne-ne kechmishlarning tilsiz guvohi sanalgan bu daraxtlar Ahmad Donish, Sadriddin Ayniy, Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev, bir muddat Buxoroda yashab ijod qilgan Abdulhamid Choʻlpon kabi buyuk zotlarni “koʻrgan”ligi bilan ham qadrlidir. Bogʻ saroy binolari qurilmasidan oldin barpo qilingan. U temuriylar davridagi Samarqand bogʻlarini eslatadi. Sahni bir-biriga perpendikulyar yoʻlkalar bilan toʻrtta toʻgʻri burchakli maydonchaga boʻlingan. Shunga koʻra, u chorbogʻ deyiladi. Yozgi saroy bogʻida gulzorlar, ishkomlar, mevali va manzarali daraxtlar, koʻrkam xiyobon, hovuz va hayvonot bogʻi barpo qilingan.
Qadimiy bogʻ va saroylardan bejiz soʻz ochmadik. Hayot koʻrsatayapti-ki, yurtimizda koʻhna bogʻ-rogʻlarni qayta tiklash orqali ekoturizmni yanada rivojlantirish, qolaversa, yosh avlodni ajdodlarimiz boy merosiga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalash imkoniyati kengayadi.
— Prezidentimizning 2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida oʻtkazilishi munosabati bilan qabul qilgan 2024-yilning 15-martidagi qarorida Amir Temur bogʻlarini qayta tiklash vazifasi qoʻyilgani ayni muddao boʻldi, — deydi tarix fanlari doktori Komiljon Rahimov. — Manbalardan maʼlumki, X–XIX asrlarda bu koʻhna zaminda koʻplab bogʻlar, saroylar bunyod etilgan. Ularning aksariyati XX asr boshigacha mavjud edi. Afsuski, turli nomaqbul sabablar bilan ular buzib tashlangan. Agar shu bogʻ va saroylar qayta tiklansa, bu davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan siyosatga munosib javob boʻlardi.
Shu oʻrinda bir misol. Muhammad Narshaxiy “Buxoro tarixi” asarida Mansur ibn Nuh (961–976-yillar) davridagi Buxoro bogʻlari haqida qisqa maʼlumot qoldirib, “Joʻyi Moʻliyonning jannatni eslatuvchi goʻzal maqomidan koʻra yaxshiroq biror joy va manzil Buxoroda yoʻq edi”, deya taʼkidlagan. Gap bundan XI asr muqaddam barpo etilgan bogʻ va saroylar haqida ketayapti.
— Buxoroda amirlardan tashqari vazir-u, qozikalon, rais va sarkardalarning ham oʻz bogʻlari boʻlgan, — davom etadi manbashunos K. Rahimov. — Shahar tashqarisidagi Chorbogʻi Gul, Bogʻi Shamol, Chorbogʻxosa, Akrombek bogʻi, Rahmonqul lashkarboshi bogʻi, Abdusattor lashkarboshi bogʻi, Qozikalon Badriddin bogʻi, Qozikalon Burhoniddin bogʻi, Barotbek bogʻi, Latifxoja savdogar bogʻi shular jumlasidan. Muhimi, Buxorodagi ayrim qadimiy bogʻ va saroylarning suratlari, joylashgan oʻrniga doir hujjatlar saqlanib qolgan. Bu ularni qayta tiklashda qoʻl keladi. Ular asl holida qayta qad rostlasa kelajak avlod oldidagi burchimizni ado etgan boʻlardik. Qolaversa, bu sayyohlar oqimining koʻpayishiga ham xizmat qiladi.
Yaqinda davlatimiz rahbari raisligida hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham sohadagi foydalanilmayotgan imkoniyatlar haqida soʻz bordi. Masʼullar zimmasiga bir qator vazifalar yuklandi. Shulardan kelib chiqib, viloyat mutasaddilari qadimiy bogʻ va saroylarni qayta tiklash masalasini ham oʻylab koʻrishadi, degan umiddamiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring