Buxorolik fermerlar yetishtirgan paxta birja orqali sotilmoqda

11:15 15 Mart 2024 Iqtisodiyot
433 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Istam Ibrohimov/«Xalq soʻzi». Buxoro viloyati Kogon tumanidagi «Feruzabonu Hasan zamini» fermer xoʻjaligi Oʻzbekiston paxtachiligi tarixida ilk bor oʻzi yetishtirgan hosilni birja orqali sotgan xoʻjaliklar qatoridan oʻrin oldi. Fermer xoʻjaligi tomonidan 2023-yilda yetishtirilgan salkam 87 tonna paxta Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining alohida seksiyasida fyuchers shartnomasi asosida sotildi.

— Davlatimiz rahbarining 2023-yil 12-dekabridagi «Qishloq xoʻjaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni paxtachilik uchun inqilobiy ahamiyat kasb etmoqda, desak xato qilmaymiz, — deydi mazkur birja Buxoro filiali boshqaruvchisi Gʻulom Safarov. — Ushbu hujjatga muvofiq, joriy yilning oʻtgan davrida viloyatimiz boʻyicha 2805 ta fermer xoʻjaligining jami 165 ming 691 tonna paxtasi birja orqali sotildi. Buning afzal jihatlaridan biri shundaki, fermerda oʻzi yetishtirgan hosilni qulay narxlarda sotish imkoni tugʻildi. Qolaversa, endilikda xom ashyo uchun toʻlov masalasida hech qanday muammo boʻlmaydi.

Buxoroda jurnalistlar va tadbirkorlar uchun «Tovar bozorlarida bozor tamoyillarini joriy qilish va shaffoflikni taʼminlashda Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining tutgan oʻrni» mavzusida oʻtkazilgan media-treningda shu kabi qator dalillar alohida qayd etildi. Birjadagi savdolar shaffofligi, barchaga teng sharoitlarni taʼminlash, sof raqobat muhitini yangi bosqichga koʻtarish borasidagi ishlar birjaning Buxoro filiali faoliyati misolida tahlil qilindi.

Aytish kerakki, ayni paytda filialda markaziy savdo zalidan tashqari 27 ta savdo maydonchasi, 122 ta brokerlik idorasi, salkam 264 treyder faoliyat yuritmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?