Buxoroda turkologlarning xalqaro anjumani boʻlib oʻtmoqda

16:37 30 Aprel 2025 Jamiyat
321 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxorodagi Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasida “Global integratsiya sharoitida turkiy tillar taraqqiyoti: muammo va vazifalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazilmoqda.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi, Turkiyaning Turk tili jamiyati, Anqara Hoji Bayram Vali universiteti, Buxoro viloyati hokimligi va boshqa bir qator muassasalar hamkorligida tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari qatorida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan taniqli turkologlar, tilshunos olimlar, tadqiqotchilarni koʻrish mumkin.

— Asrimiz boshida qator turkiy adabiy tillar jadal rivojlana boshladi, — deydi Davlat tilida ish yuritish asoslarini qurish va malaka oshirish markazi Samarqand viloyati hududiy boʻlinmasi rahbari, filologiya fanlari doktori, professor Murodqosim Abdiyev. — Shu sababli tillarda, xususan, ularning leksikasida fan va texnika, iqtisodiyot, ijtimoiy-siyosiy sohalarga oid koʻplab yangiliklar paydo boʻldi. Bularning barchasi maxsus terminlarni yuzaga keltirdi. Shuning uchun turkiy adabiy tillarning hozirgi terminologiyasi muammolarini ishlab chiqish hamda ularga ilmiy va ijtimoiy nuqtayi nazardan baho berish katta ahamiyat kasb etmoqda. Anjumanda turkologlar shu kabi keng qamrovli masalalar yuzasidan maʼruzalar qilishyapti.

Darhaqiqat, ushbu anjumandan koʻzlangan maqsad bugungi globallashuv jarayonida turkiy tillar rivojidagi muammolarni aniqlash, ularni oʻzaro hamkorlikda bartaraf etishning yechimlarini ishlab chiqish, bu boradagi vazifalarni belgilab olishdan iboratdir. Turkiy xalqlar tarixi, etnografiyasi, adabiy tili, alifbosi va imlosi kabi masalalar muhokamadan oʻtkaziladigan bu kabi anjumanlar turkiy tilli davlatlarning maʼnaviy-maʼrifiy hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi, shubhasiz.

Anjuman ertaga ham oʻz ishini davom ettiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?