Buxoro viloyat musiqali drama teatrida “Xamsa”ga bagʻishlangan sahna asari namoyish etildi
Alisher Navoiy ijodini mavj urib turgan beqiyos bir dengizga qiyoslash mumkin. Uning tubida insoniyatga maʼnaviy ozuqa boʻladigan dur va gavharlar yashirin. Ana shu ulugʻ manbaga tayangan holda Buxoro viloyati musiqali drama teatri jamoasi Yangi yil arafasida “Xamsa”ning tugʻilishi nomli dramatik kompozitsiyani tomoshabinlar eʼtiboriga havola etdi.
— Shoir Kamoliddin Shukur tomonidan Alisher Navoiyning “Xamsa”si asosida inssenirovka qilingan va teatrning bosh rejissyori Laziz Navroʻzov tomonidan sahnalashtirilgan ushbu asarda yurtparvarlik, insoniylik, ezgulik, mehr-oqibat va shukronalik gʻoyalari tarannum etiladi, — deydi teatrning adabiy boʻlimi mudiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Mohigul Nazarova. — Asarda buyuk mutafakkir ijodining maʼnaviy magʻzi tomoshabinga bamisoli guldasta kabi taqdim etilgan. Nazm va navoning uygʻunligi esa sahna asarining taʼsirchanligi va tarbiyaviy ahamiyatini yanada oshirgan.
Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi badiiy kengash aʼzolari ishtirokida mazkur sahna asarining taqdimoti oʻtkazilib, unda spektaklning gʻoyaviy-badiiy yechimi, sahnaviy talqini hamda tarbiyaviy qimmati yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Aytish joizki, teatr jamoasi uchun 2025-yil ijodiy sermahsullik bilan yodda qolmoqda. Bayram arafasida tomoshabinlarda katta qiziqish uygʻotishi kutilayotgan yana bir sahna asari — dramaturg Erkin Xushvaqtov qalamiga mansub “Qirmizi olma” spektaklining taqdimoti ham oʻtkazildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
- “Oʻzbekiston – dunyoga hali ochilmagan ilm xazinasi” — Xalqaro avtomobil federatsiyasi Prezidenti
- Ona tili va adabiyot fanidan mustaqil oʻqish uchun tavsiya etilgan badiiy asarlar roʻyxati eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring