Bu masala millatimiz, xalqimizning genofondini saqlashni konstitutsiyaviy asosda alohida himoya qilinadigan sohaga aylantirish bilan bogʻliq — Shavkat Mirziyoyev

11:58 18 Mart 2022 Siyosat
667 0

Foto: president.uz

Prezidentimiz sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarimizni qoʻllab-quvvatlab, amaliy yordam berib kelayotgan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Germaniya taraqqiyot banki, UNICEF, ISAID, COVAX, JICA, TIKA, KOICA, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Saudiya rivojlantirish jamgʻarmasi va koʻplab boshqa hamkor tashkilotlar vakillariga minnatdorlik bildirdi.

«Biz bugungi muloqotni oʻtkazishga uzoq tayyorgarlik qildik, ham shifokor, ham bemorlarning fikrlarini eshitdik.

Keng jamoatchilikdan, xalqaro ekspertlardan koʻplab taklif va mulohazalar oldik.

Tashkil etilgan «koll markaz»ga 25 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushdi.

Ular orasida alohida ahamiyatga molik boʻlgan yana bir muhim masala koʻtarilgan boʻlib, ijozatingiz bilan, avvalo shu haqda toʻxtalib oʻtmoqchiman», dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev:

«Bu masala sogʻliqni saqlash tizimining huquqiy asoslarini rivojlantirish, aholi, ayniqsa, millatimiz, xalqimizning genofondini saqlashni konstitutsiyaviy asosda alohida himoya qilinadigan sohaga aylantirish bilan bogʻliq.

Hammamizga maʼlumki, bugungi kunda inson va uning qonuniy manfaatlari hamda konstitutsiyaviy huquqlari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli va izchil islohotlarning markaziga qoʻyilmoqda.

Inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari jamiyatimizda oliy qadriyat hisoblanadi.

Amaldagi Konstitutsiyamizning 40-moddasida “Har bir kishi malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”, deb belgilab qoʻyilgan.

Ishonchim komil, biz xalqimiz sogʻligʻini saqlash sohasida ulkan maqsad va vazifalarni oldimizga qoʻyayotgan hozirgi sharoitda, ushbu konstitutsiyaviy moddaning oʻzi yetarli emas.

Bugun zamon bizdan tibbiyot tizimimizning konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamlashni talab etmoqda».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?