“Bizning kuchimiz — birlikda, muvaffaqiyat sari yoʻlimiz — doʻstlik va hamkorlikda”

11:28 22 Noyabr 2025 Siyosat
156 0

Bugungi kunda Markaziy Osiyo oʻziga xos barqaror va birdamlik mintaqasiga aylandi. Bu qardosh xalqlarning azaliy orzusi edi. Mintaqada nafaqat barcha sohadagi masalalar yechilmoqda, balki bugun davlatlarning siyosiy irodasi va qardosh xalqlarning intilishlari bir-biri bilan uygʻun va mushtarakdir.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yaqin qoʻshnichilikka asoslangan tashqi siyosatini barcha qardosh davlatlar rahbarlari qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. 2018-yilda Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi Maslahat uchrashuvidan keyin oʻtgan qisqa davrda bu format hamkorlikni mustahkamlash va barcha muammoni amalda toʻlaqonli hal qilish, imkoniyatlarni birlashtirish va eng muhimi, mintaqani birgalikda rivojlantirishning mustahkam institutsional asosini ifoda etmoqda.

Global muloqot institutidan strategik maqsadlar sari

2025-yil 16-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bu formatdagi muloqotlarni tubdan yangi bosqichga olib chiqdi. Uchrashuvlar arafasida Prezidentimizning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasi eʼlon qilinishi muloqotlarga oʻziga xos mazmun, koʻtarinki ruh va kayfiyat bagʻishladi.

Davlatimiz rahbarining mazkur maqolasi mintaqaviy tuzilmadan global muloqot institutiga aylanib borayotgan tashkilotning strategik maqsadlarini aniq belgilab berdi.

Maqolada Markaziy Osiyoning umumiy manzarasi tahlil va aniq statistik maʼlumotlarga tayangan holda ochib berilgani, shuningdek, mintaqaning kelgusida birgalikda taraqqiy etish imkoniyatlari haqida soʻz yuritilgani ahamiyatlidir.

Hozirgi geosiyosiy beqarorlik sharoitida Markaziy Osiyoning iqtisodiyoti va tranzit salohiyati koʻpgina davlatlarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Haqiqatan ham, Markaziy Osiyo quruqlik yoʻllarini tutashtiradigan mintaqaga aylanmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifi va qardosh davlatlar rahbarlarining qoʻllab-quvvatlashi bilan mintaqaviy muloqotning maslahat shakli aynan Toshkentda “Markaziy Osiyo hamjamiyati”ga aylandi. Prezidentimiz tomonidan hamkorlikning institutsional arxitekturasini mustahkamlash, yaʼni uchrashuvlar formatini “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik platformasiga aylantirish, Kotibiyatni taʼsis etish, Oqsoqollar kengashini tuzish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini koʻtarish taklif qilingani muhim ahamiyat kasb etdi.

Maslahat uchrashuvi faoliyati samaradorligi va natijadorligini taʼminlashda uning huquqiy asoslarini mustahkamlash, hamkorlikni institutsional jihatdan rasmiylashtirish boʻyicha qadamlar ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada 2023-yilda Dushanbe shahrida oʻtkazilgan beshinchi Maslahat uchrashuvini qayd etish lozim.

Prezidentimiz maqolasida taʼkidlanganidek, mazkur uchrashuvda davlatlar rahbarlarining kelishuvlarini tayyorlash va amalga oshirishning doimiy mexanizmi sifatida Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashini taʼsis etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Ushbu mexanizmning ishga tushirilishi Maslahat uchrashuvlari formatiga tizimli tus berish va birgalikda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishda izchillikni taʼminlash imkonini berdi. Shuningdek, parlamentlararo muloqot va Xavfsizlik kengashlari kotiblari darajasida muntazam uchrashuvlar yoʻlga qoʻyilgan.

2022-yilda boʻlib oʻtgan Choʻlponota uchrashuvi yakunlari boʻyicha suveren tenglik, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash va mintaqa kelajagi uchun birgalikdagi masʼuliyat tamoyillarini oʻzida aks ettirgan XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadlarida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi shartnomaviy-huquqiy bazani yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

2024-yilda Ostona sammitida qabul qilingan “Markaziy Osiyo — 2040” mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi muhim dasturiy hujjat boʻldi. Unda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash va mamlakatlarimiz taraqqiyotiga qaratilgan hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlari mustahkamlab qoʻyildi.

Davlatimiz rahbarining maqolasi xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholandi. Siyosatchilar, ekspertlar, tahlilchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Tashabbuslarda hamkorlik masalalari ustuvor

Toshkent sammitida Ozarbayjon Respublikasi muloqotlarning toʻla huquqli aʼzosi sifatida qabul qilindi. Bu, albatta, juda katta tarixiy voqeadir. Avvalo, Ozarbayjon xalqini Markaziy Osiyo xalqlari bilan tarixiy ildiz mustahkam bogʻlagan. Ozarbayjon Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro miqyosdagi barcha tashabbusini doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Mintaqalarni ajralmas savdo yoʻli bogʻlaydi. Janubiy Kavkaz orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari gʻarbiy, Ozarbayjon esa Markaziy Osiyo savdo yoʻllari bilan sharqiy bozorlarga chiqishdan manfaatdor.

Prezidentimizning Maslahat uchrashuvidagi nutqi mintaqaning bugungi va kelajagi uchun juda muhim dasturiy maqsadlarni qamrab oldi. Nutqda barcha mamlakatlarning manfaatlariga birdek mos keluvchi investitsiya, infratuzilma, ekologiya, suv resurslari, transport va logistika sohalarini rivojlantirishning samarali yechimlari taklif qilindi.

Oʻziga xos siyosiy yakdillik, samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan sammitda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari, shuningdek, Ozarbayjon Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarda ham hamkorlikning ustuvor maqsadlari yaqqol aks etdi.

Davlatlar rahbarlari mintaqa xavfsizligini kafolatli taʼminlash, barcha qardosh xalqlarimizning baxtli va farovon kelajagi uchun birgalikda harakat qilish borasidagi umumiy siyosiy irodasini ifoda etdi. Bu nihoyatda katta va juda muhim natijadir.

Ommaviy axborot vositalarida, jumladan, xalqaro miqyosdagi nufuzli mediatuzilmalarda juda katta qiziqish bilan yoritilgan, tahlilchi va ekspertlarning diqqat markazida boʻlgan sammit xalqaro hamjamiyatga tinchlik, hamkorlik va barqaror taraqqiyot ovozini yana bir bor baralla ayta oldi.

Tarixiy qadriyatlarni birlashtirgan markaz

Muloqotlarning yana bir tarixiy ahamiyati davlatlar rahbarlarining Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga birgalikda tashrif buyurganida koʻrindi. Bunda, albatta, xalqlarimizning ajralmas tarixiy qadriyatlari va mustahkam asosga ega boʻlgan istiqbolining ruhi sezildi. Zotan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu markazdagi barcha yodgorliklar, jumladan, musulmon olamining noyob durdonalari qardosh xalqlarimizning umumiy tarixi va tafakkurini oʻzida mujassam qilgan.

Ushbu markaz islom sivilizatsiyasining bebaho merosini asrab-avaylash va targʻib etishga bagʻishlangan noyob manbalarni bir joyga jamlagan tariximizdagi ilk majmua sifatida mintaqa yetakchilarida katta taassurot qoldirdi. Oʻzbekiston mintaqaning umumiy masalalarini hal qiladigan markazga aylanib borayotgani ham alohida qayd etildi.

Haqiqatan ham, mintaqaning boy umumiy merosini saqlash va uning targʻiboti borasidagi Oʻzbekistonning keng koʻlamli saʼy-harakatlari eʼtirofga sazovor.

Parlament diplomatiyasining oʻrni va roli

Qonunchilik palatasi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikni qoʻllab-quvvatlaydi hamda ushbu formatning mintaqaviy barqarorlik, farovonlik va integratsiyaning yangi bosqichi boʻlishiga ishonadi. Qoʻmitalarda, siyosiy partiyalar fraksiyalarida ushbu muhim tarixiy voqea qizgʻin muhokama qilindi.

Albatta, sammitda ilgari surilgan tashabbuslar va erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishda parlamentlararo aloqalar va xalq diplomatiyasi muhim oʻrin tutadi.

Shu oʻrinda aytish joizki, keyingi sakkiz yilda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon parlamentlari bilan aloqalari dinamikasi muntazam oʻsib bordi. Qonunchilik palatasining qardosh davlatlar parlamentlari bilan “doʻstlik guruh”larining vazifa va vakolatlari yanada kengaytirilib, ularning maqomi oshirildi. Oʻzaro samarali tashriflar soni koʻpaymoqda.

Shu yilning oʻzida, jumladan, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Turkmaniston parlamentlari delegatsiyalari bilan bir necha marta muloqotlar amalga oshirildi. Xalqaro maydonlarda hamfikrlilik va bir-birini qoʻllab-quvvatlash ruhi shakllandi.

Bulardan koʻzlangan asosiy muddao mintaqada umumiy maqsadlarga xizmat qiluvchi parlament diplomatiyasi madaniyatini yanada mustahkamlashdan iborat.

Prezidentimizning sammitda ilgari surgan amaliy tashabbuslari parlament faoliyatida ham qator yangi, dolzarb yoʻnalishlarni ochib bermoqda. Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish asosiy vazifamizdir.

Zero, davlatimiz rahbari sammitdagi nutqida alohida taʼkidlaganidek, bizning kuchimiz — birlikda, muvaffaqiyat sari yoʻlimiz — doʻstlik va hamkorlikda.

Nuriddin ISMOILOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?