Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

22:03 24 Noyabr 2025 Hujjatlar
286 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimizda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini tubdan oshirish, ochiq va shaffof tartib-taomillar asosida sud organlarini malakali kadrlar bilan toʻldirish, aholining sud himoyasida boʻlish huquqini samarali taʼminlash, sud mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirishning ustuvor maqsadlari etib belgilansin:

(a) sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida sudyalarning oʻzini oʻzi boshqarish tamoyilini va sud mustaqilligiga oid ilgʻor xalqaro standartlar keng joriy etilishini taʼminlash;

(b) sudyalar korpusini shakllantirish tartibini takomillashtirish, ushbu jarayonda sudyalar hamjamiyati organlari rolini oshirish va ularning masʼuliyat doirasini aniq belgilash;

(v) sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida ochiqlikni taʼminlash, sudyalikka nomzodlarni tanlashning shaffof tartibini joriy etish;

(g) sud tizimida gender tenglikni taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirish orqali ayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish.

II. Sud mustaqilligiga oid ilgʻor standartlarni joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini takomillashtirish

2. Sudyalar oliy kengashining (keyingi oʻrinlarda – Kengash) qonunchilikka sudyaning almashtirilmasligiga oid tamoyilni kiritish boʻyicha quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

(a) sudyalarni navbatdagi oʻn yillik muddatga tayinlash (saylash) tartibini bekor qilib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni dastlab besh yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibini belgilash;

(b) tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislari va ularning oʻrinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni aniq mezonlarga koʻra sudyalar orasida ochiq tanlov asosida tanlash tartibini oʻrnatish;

(v) sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “sudyalik odobi qoidalariga rioya etish” talablarining aniq mezonlarini qonun darajasida belgilash.

3. Kengash va Oliy sudning Kengash tarkibini shakllantirish tartibini sudyalar hamjamiyati organlarining ishtirokini oshirish orqali yanada takomillashtirish boʻyicha quyidagi takliflari maʼqullansin:

(a) Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga nomzodlar tegishli sud sudyalari malaka hayʼatlari tomonidan tavsiya etilishi. Bunda Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida 7-yil ishlagan sudyalar nomzodi koʻrsatilishi mumkin;

(b) Kengashning jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi aʼzolari tarkibiga nomzodlar huquq sohasidagi ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan tavsiya etilishi.

4. Kengash Oliy sud bilan birgalikda uch oy muddatda Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari tarkibini quyidagi sud sudyalari orasidan shakllantirish tartibini joriy etish boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirish va qoʻshimchalarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin:

(a) Oliy suddan – ikki nafar sudya;

(b) viloyat darajasidagi sudlardan – yetti nafar sudya;

(v) tumanlararo, tuman, shahar sudlaridan – toʻrt nafar sudya.

5. Kengashning sudyalik lavozimlariga nomzodlar boʻyicha xulosalar quyidagi sudyalar hamjamiyati organlari tomonidan taqdim etilishini nazarda tutuvchi tartibni qonunchilikka kiritish haqidagi taklifiga rozilik berilsin:

(a) sudyalar malaka hayʼatlari – harbiy sudlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlarining sudyalari, hududiy harbiy sudlarning, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining raislari, rais oʻrinbosarlari va sudyalari lavozimlariga nomzodlar boʻyicha;

(b) Sudyalar oliy malaka hayʼati – Oliy sud sudyalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining raislari va rais oʻrinbosarlari lavozimlariga nomzodlar boʻyicha.

6. Kengash va Oliy sudning sudyalar hamjamiyati organlarining mustaqilligini oshirish maqsadida Kengash va Sudyalar oliy malaka hayʼatining qoʻshma yigʻilishini oʻtkazish tartibini bekor qilish haqidagi taklifi maʼqullansin.

7. Kengash raisiga, uning konstitutsiyaviy maqomidan kelib chiqqan holda, quyidagi vakolatlar berilsin:

(a) sudyalar tomonidan Sudyalar odobi kodeksi normalari buzilgan yoki manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holatlarda sudyalar malaka hayʼatlari tomonidan intizomiy ish asossiz tugatilgan yoki tayinlangan intizomiy jazo sudya sodir etgan qilmishga
mos emas deb topilgan taqdirda, malaka hayʼatlarining tegishli qarorlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha taqdimnoma kiritish;

(b) Kengashning tuzilmasi va shtat jadvalini belgilangan shtat birliklari doirasida mustaqil tasdiqlash.

8. Kengash vakolatlariga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari vazirlik va idoralar tomonidan Kengash bilan majburiy tartibda kelishib olinishi belgilansin.

III. Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida ochiqlik darajasini oshirish va sud boshqaruvini takomillashtirish

9. 2025-yil 15-dekabrga qadar Kengashning rasmiy veb-saytida quyidagilarni ochiq eʼlon qilib borish amaliyoti joriy etilsin:

(a) sud tizimida mavjud boʻsh rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga oid maʼlumotlar hamda ularni egallash uchun tanlovda ishtirok etish tartibi;

(b) sud tizimida sudyalik lavozimlari, shu jumladan, rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash hamda tayinlash boʻyicha barcha bosqichlarga oid maʼlumotlar.

10. Kengash faoliyatiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va oʻrganish jarayonini raqamlashtirish maqsadida:

(a) sudyalik lavozimlariga nomzodlardan ortiqcha maʼlumotlar talab etilishiga chek qoʻyish maqsadida “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi Kengashning axborot tizimi bilan toʻliq integratsiya qilinsin;

(b) sudyalar faoliyati samaradorligini baholashda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish yoʻlga qoʻyilsin;

(v) sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti boʻyicha sudyaning kasbiga munosibligini baholashga koʻmaklashuvchi elektron dasturni takomillashtirish choralari koʻrilsin;

(g) Kengash majlislarida yopiq ovoz berish va qaror qabul qilish jarayonlariga raqamli texnologiyalar joriy etilsin.

11. Kengash faoliyatining samaradorligini oshirish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha 4 ta shtat birligi ajratilsin.

12. Kengash umumiy shtat birliklarining cheklangan soni 32 ta, shu jumladan, sudyalik lavozimlari – 13 ta, ijro apparati xodimlari – 10 ta, moliya-xoʻjalik boʻlimi xodimlari – 6 ta etib belgilansin.

IV. Sud mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish

13. Kengash (X.Yodgorov), Oliy sud (B.Islamov) va Bosh prokuratura (N.Yoʻldoshev) uch oy muddatda quyidagilar boʻyicha tahliliy maʼlumotnoma kiritsin:

(a) adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qonunchilik normalarini sud mustaqilligiga oid xalqaro standartlar asosida qayta koʻrib chiqish;

(b) Kengash aʼzolarining sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash borasidagi faoliyatiga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik choralarini belgilash;

(v) sudyalar va sud xodimlari kunini belgilash.

14. Kengash va Oliy sudning sudya mustaqilligi va javobgarligi oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlash maqsadida sudyaga nisbatan intizomiy jazo qoʻllash tizimini shaffof va adolatli qilish boʻyicha quyidagi takliflari maʼqullansin:

(a) sudyaga nisbatan intizomiy ish koʻrib chiqishda uning himoyaga boʻlgan huquqini taqdim etish;

(b) quyi sudyalik lavozimiga oʻtkazish intizomiy jazo chorasini joriy etish;

(v) intizomiy jazo amalda boʻlgan vaqtda yuqori sudyalik lavozimiga tavsiya etilmaslik;

(g) sudyani intizomiy javobgarlikka tortish asoslarining aniq mezonlarini belgilash.

V. Sudyalar korpusida gender tenglikni taʼminlash va ilmiy salohiyatni oshirish

15. Sudyalar korpusida gender tenglikni taʼminlash maqsadida:

(a) Kengashning Odil sudlov akademiyasining kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilishda har yili zaruratga qarab Kengash tomonidan xotin-qizlar uchun kvota belgilash haqidagi taklifiga rozilik berilsin;

(b) tashabbuskor sudyalar guruhi tomonidan Oʻzbekiston ayol sudyalar assotsiatsiyasini tashkil etish boʻyicha taklif ishlab chiqilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.

16. Sud tizimida kamida besh yillik mehnat tajribasiga va ilmiy salohiyatga ega sudyalar qonunchilikda belgilangan tartibda Odil sudlov akademiyasiga professor-oʻqituvchi lavozimiga tayinlanganda Akademiyadagi faoliyati tugagandan soʻng uning muqaddam ishlagan sudyalik lavozimida ishni davom ettirishi, boʻsh turgan sudyalik lavozimi boʻlmagan taqdirda, roziligi bilan avvalgisiga teng boshqa sudyalik lavozimiga oʻtkazilishi belgilansin.

VI. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

17. Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini yanada oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–6127-son Farmoni 8-bandining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari hamda 2-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

19. Kengash (X.Yodgorov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

20. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Sudyalar oliy kengashi raisi X.B. Yodgorov belgilansin.

21. Ushbu Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari N.J.Xakimova zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?