Bosh prokuratura internet saytida berilgan maqolada koʻrsatib chiqilgan holatlarni oʻrganib chiqdi. Natija qanday?

17:04 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
923 0

Bosh prokuratura tomonidan “Podrobno.uz” internet-saytida chop etilgan “V sentre Tashkenta jiteli trebuyut vernut detyam ploщadku. Yeyo snyos zastroyщik” sarlavhali maqolada koʻrsatilgan holatlar oʻrganib chiqildi.

Aniqlanishicha, Toshkent shahar hokimining 2015-yil 9-fevraldagi 96-sonli qaroriga asosan xususiy tadbirkorga Mirobod tumani, Amir Temur shoh koʻchasi, 24-uy manzilida joylashgan mavjud binolarni taʼmirlash hamda oʻziga tegishli hududning 0,04 gektar qismida qoʻshimcha maʼmuriy va maishiy xizmat koʻrsatish majmuasi qurishga ruxsat berilgan.

Mazkur qaror shaharsozlikka oid qonun hujjatlari talablariga zid boʻlganligi bois, Toshkent shahar prokuraturasining protestiga asosan bekor qilingan.

Shu bilan birga, Chilonzor tuman maʼmuriy sudining 2018-yil 13-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan ham “Baraka kommunal” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining arizasi qanoatlantirilib, shahar hokimining yuqoridagi qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Shundan soʻng, bolalar oʻyin maydonchasi oʻrnida olib borilayotgan qurilish ishlari toʻxtatilgan, lekin hudud avvalgi holatiga keltirilmagan.

2019-yil 16-oktyabr kuni Mirobod tumani prokuraturasi tomonidan fuqarolar manfaatida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga xususiy tadbirkor zimmasiga qurilmani buzish va hududni avvalgi holatiga keltirish majburiyatini yuklash haqida daʼvo arizasi kiritildi.

Sud qarori qabul qilinib, holat qonuniy yechimini topgunga qadar mazkur masala kun tartibida boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?