Bogʻdagi “dogʻ”lar
Yozning jizzaki saratonida soya-salqin bagʻriga chorlaydigan Fargʻona shahri koʻchalari endi tarix sahifalarida qolib borayotgandek. Bir paytlar shahar ramzi sanalgan azim chinorlar kesilib, oʻrniga yosh nihollar ekildi. Ammo asosan xorijdan keltirilgan bu daraxtlar hali shaharga toʻliq salqin baxsh etishga ulgurgani yoʻq.
Yaxshiyamki, Fargʻonaning oʻziga xos timsoli — Ahmad Fargʻoniy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida qadrdon chinorlar saqlab qolingan. Biroq bugun bogʻning nafaqat dilkusho tabiati, balki har bir hududi — yoʻlaklari, ariqlari, xiyobonlari, gulzorlari ham jiddiy eʼtiborga muhtoj.

— Erta tongdan bogʻ hududini tozalash uchun 22 nafar xodim mehnat qiladi. Har kuni oʻrtacha 1 tonna chiqindi yigʻib olinadi, — deydi “Koʻkalam-1” brigadasi rahbari Furqat Rahmonov. – Shunga qaramay, sahar chinnidek tozalangan hududlar kechga borib yelim idishlar, yegulik qoldiqlari, tamaki qutilari va qogʻozlar bilan toʻlib ketadi. Holbuki, har bir yoʻlak boʻylab axlat qutilari oʻrnatilgan. Afsuski, chiqindilarni oʻsha qutiga tashlash masʼuliyati koʻpchiligimizda hali shakllanmagan.

Daraxtlarga shikast yetkazish, gulzorlarni payhon qilish, axlatni ariq suviga tashlash holatlari esa yanada achinarli. Bogʻ hududida teztayyor yegulik sotuvchi shoxobchalar keskin koʻpaygan. Ammo mahsulot sifati, sanitariya-gigiyena talablari va savdo xavfsizligi masalalari ochiq qolmoqda. Goʻyoki qoidabuzarlik bor, ammo qoidabuzar yoʻqdek.

Yana bir mulohaza: qayerda koʻngilochar maskan boʻlsa, oʻsha joyda oshpazu qandolatchilar koʻpayib ketadi. Bogʻ manzarasini kuzatgan sayyohda xalqimizning goʻyo qorin gʻamidan boshqa tashvishi yoʻqdek taassurot uygʻonadi. Xizmat koʻrsatish madaniyati va isteʼmolchi huquqini himoya qilish masalalari esa hanuz dolzarb.
Viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yoshlar sayilgohi” eʼtiborga molik. Biroq uning salmoqli qismi ham foyda ilinjidagi tamaddixonalar tomonidan egallab olingan. Sokin dam olish uchun kelgan inson baland shovqin va mazmunan sayoz musiqalar orasida asabiylashishi tabiiy.

— Hozirda bogʻda 77 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt va 31 ta attraksion faoliyat yuritmoqda. Eski va xavfli qurilmalar yangilanmoqda, ammo sohani rivojlantirish uchun yagona konsepsiya zarur, — deydi bogʻ direktori Abdulatif Ahmedov. – Oʻtgan yili bogʻni zamonaviy mezonlar asosida obodonlashtirish, investitsiya jalb etish rejalari eʼlon qilingan edi. Bu fargʻonaliklarda katta umid uygʻotdi. Ammo hozircha amaliy natija sezilmayapti. Aksincha, bogʻ hududi turli qurilishlar hisobiga qisqarib bormoqda.
Ekologik barqarorlik izdan chiqayotgan bugungi kunda shahar markazidagi bunday yashil maskanni koʻz qorachigʻidek asrash — har qachongidan ham muhim.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring