Bobolari samarqandlik boʻlgan xitoylik – Salarlarni bilasizmi?
 
                2006-yilda Xitoy Xalq Respublikasida ilmiy safarim chogʻida oʻzbek tiliga oʻxshash tilda soʻzlovchi bir xalq vakillari bilan uchrashish baxtiga muyassar boʻlgan edim. Ular oʻzlarini salarlar deb tanishtirishgan edi. Suhbat asnosida tillarida oʻgʻuz shevasidagi soʻzlar koʻproq tashkil qilishini, oʻzbek tilida arab soʻzlari qanchalik koʻp ishlatilsa, ularning tilida ham xitoycha va tibetcha soʻzlar shu darajalik keng qoʻllanilishini angladim.


1-rasm. Salarlar ajdodlari tomonidan XIV asrda Samarqanddan Xitoyga olib ketilgan Qurʼoni Karimning qadimgi nusxasi
Xushmuomala va quvnoq boʻlib tuyulgan oʻrta yoshdagi kishilar oʻzlarining kelib chiqishini asli samarqandlik deb atashgan va bu bilan magʻrurlangan edilar. Ularning aytishicha, salarlarning ajdodlari Oqman va Qoraman ismli aka – uka boʻlib, ular XIV asrda Samarqanddan Ipak yoʻli boʻylab Xitoyning eng bohavo va xushmanzara joylaridan boʻlgan Sinxay, Gansu oʻlkalariga koʻchib oʻtishgan ekan. Bu joy Osiyoning eng buyuk daryolari Xuanxe va Yanszi uzanlari boshlanish joyi yaqinida oʻrin olgan. Aka-uka oʻzlari bilan Samarqand shahridan Qurʼonning qadimgi qoʻlyozmasini ham olib kelishgan boʻlib, bu Qurʼon hanuzgacha Xitoyda eng qadimgi nusxa sifatida eʼzozlanib kelinmoqda. Mutaxassislarning fikriga koʻra, qoʻlyozma milodiy 8-13 asrlarda koʻchirilgan. 2007-yilda Xitoy hukumati qoʻlyozmani restavratsiya qilish uchun byudjetdan mablagʻ ajratdi. 2009-yilda esa Qurʼon Xitoy milliy merosining roʻyxatiga kiritildi. Oʻsha yili Sinxay viloyati, Sanlanbaxay qishlogʻidagi Szetsi masjidi qoshida muzey tashkil etilib, unda qoʻlyozma optimal holda asrash uchun qulay harorat va namlikni saqlab turuvchi maxsus shisha gʻilofga joylashtirildi. Maʼlumotlarga koʻra har kuni minglab odamlar bu kitobni ziyorat qilish uchun bu yerga tashrif buyurishadi. Masjid kattaligi boʻyicha shaharda ikkinchi oʻrinda turadi. Masjidda ikkita imom, beshta mulla va yana oʻsha yerda doimiy yashovchi oʻn besh kishi faoliyat olib borishadi. Masjid hududi Sin sulolasi davrida (1644 -1912) uch marta kengaytirilgan.
2021-yilda roʻyxatga olish vaqtida salarlar — 361000 kishini tashkil qilishgan. Salarlar – oʻzbeklar kabi islom dinining sunniy (motrudiy) mazhabiga mansub xalq. Ular Xitoyda amaldagi iyeroglif yozuvidan foydanishsa-da, oʻzlarining Syunxua-Salar avtonom hududida isteʼmoldagi yozuvi lotin alifbosini ham ishlatishadi. Uzoq davom etgan taraqqiyot jarayonida ushbu samarqandlik koʻchmanchilar avlodlari uygʻurlar, xanlar, dunganlar, tibetliklar bilan aralashib, asta-sekin hozirgi salar xalqini shakllantirishgan. Lekin shunga qaramay, biz sovgʻa qilgan oʻzbekcha choponni va doʻppini kiygan oʻrta yosh salarlar Samarqanddagi vatandosh ajdodlaridan deyarli farqlanmay qolishdi.
Syunxuaning markazida yurtdoshlarimiz, salarlarning ajdodlari - aka-uka Oqman va Qoramanning qabrlari mavjud boʻlib, u yer mahalliy xalq orasida muqaddas ziyoratgohga aylangan. Salarlar bu qabrlarni muʼjizaviy qudratga ega bilib, mushkullarini oson qilish uchun shu maqbaralarga kelib dardlariga davo istashar ekanlar. Qabrlardan 200 qadamcha narida “tuya buloq” deb ataladigan shifobaxsh suvi yil buyi shildirab oqib turadigan buloq bor. Mahalliy oqsoqollarning aytishicha, shu joy salarlarning Samarqanddan kelgan ilk manzili boʻlib, Oqman va Qoramanning oq tuyasi shu buloqqa kelib toʻxtagan, toʻyib-toʻyib suvdan ichgan, yangi vatanning joyini belgilagandek, shu yerda jon bergan. Tuyaning vujudi oq toshga aylangan, oʻrkachidagi Qurʼon esa toshning burtib turgan joyida paydo boʻlib, atrofga tovlana boshlagan.


2-rasm. Szetsi masjidi.
Salarlarning bosh yumushi – bugʻdoy, arpa, tomorqada oziq – ovqat mahsulotlari yetishtirish, qoramol, qoʻy, ot, qoʻtos boqish, hunarmandchilik, temirchilik, kulolchilik bilan shugʻullanish. Xitoyda salarlarning oshxona va restoranlari totlikda barchaga manzurdir, Buxoro doʻppilari, joynamozlar, milliy kiyimlar ishlab chiqarishiga moʻljallangan “Qinghai Yijia Bukhara Group Limited company” MCHJsining mahsulotlari Xitoydan tashqaridan ham mashhur va xaridorgir.
Qishloqdagi salarlar uylarini koʻproq suv boʻylarida qurishadi. Ularning orasida yaqin-yaqingacha dahlizi boʻlgan toʻrt burchakli paxsa uylar ham boʻlgan. Yotar uyining deyarli yarmini yerdan koʻtarilgan supacha egallagan. Bu supacha ustida uxlashgan, xontaxtada tamoq (ovqat) yeyishgan. Salarlarning uylarida sandiqlarning boʻlishi odatiy hol.
Kundalik hayotda erkaklar kuylak-ishton, kamzul, boshlarida qalpoq, ayollari uzun xalat va ishton kiyishadi. Qishda paxtadan tikilgan chopon yoki qoʻy terisidan qilingan tulup yopinishadi. Tandirda oʻzbekcha non yopishadi, lagʻmon, shirchoyni koʻp isteʼmol qilishadi.
XXR tashkil boʻlgandan keyin, 1954-yili Syunxua avtonom oʻlka mavqeyiga ega boʻldi, el salar millati sifatida rasmiy qayd etildi. 1980-yili avtonom viloyat Chishi-baoan-dunsyan-salar avtonom viloyati deb ataldi. Hudud maydoni ikki ming yuz kv. m. boʻlib, dengiz sathidan 2 ming metr yuqorida joylashgan.
Ajdodlari samarqandliklar boʻlgan salarlar XXRning boshqa xalqlari qatori oʻz oʻlkalarining haqiqiy teng huquqli egalariga aylanishgan. Ular milliy avtonomiya huquqlaridan toʻliq foydalanib, xalq xoʻjaligini rivojlantirishga, ekonomikasining doimiy ravishda oʻsishiga, taʼlim, madaniyat, sogʻliqni saqlash va turmush sharoitini yaxshilashga erishmoqdalar. Bu maʼlumotlar qadimdan oʻzbek va xitoy xalqlari orasida har jihatdan yaqin aloqalar boʻlganligini, bordi-keldilar anʼanaviy tus olganligini anglatadi.
Erkin MUSURMONOV,
Samarqand davlat chet tillari
instituti professori,
filologiya fanlari doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
 
                 
        
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring