BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti “Zamin” fondi bilan hamkorlikda Fargʻonada trening oʻtkazdi

23:46 20 Aprel 2024 Jamiyat
648 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Fargʻonada issiqxonachilikning eng yosh ishqibozlari — eko-maktab oʻquvchilari hamda ularning oʻqituvchilari uchun yetakchi xalqaro va milliy ekspertlar ishtirokida trening boʻlib oʻtdi. Mashgʻulotlar BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamkorligida “Yeco-schools Uzbekistan” dasturining ishtirokchi-maktablari uchun “Yosh fermer” qoʻshma loyihasi doirasida tashkil etildi.

Loyiha bolalarda tabiatga gʻamxoʻrlik qilish tuygʻularini shakllantirib, global ekologik muammolar va ularni shaxs sifatida hal qilish imkoniyatlari toʻgʻrisidagi tushunchalarni shakllantiradi.

Eko-maktablar hududlarida qurilgan va maxsus jihozlangan issiqxonalarda olib borilgan mashgʻulotlar ekologik taʼlim usullaridan biri boʻldi. Bolalar oʻsimliklarga gʻamxoʻrlik qilishni, oʻz qoʻllari bilan turli xil ekinlarni yetishtirishni oʻrganadilar va shu bilan tabiiy resurslarning qadrini va ulardan oqilona foydalanish zarurligini anglaydilar.

Avvalroq, FAOning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi tomonidan 22 ta shunday issiqxona respublikadagi ixtisoslashtirilgan maktablar va eko-maktablariga berilgan edi. Keyinchalik Zamin fondi tomonidan moliyalashtirish asosida yana 18 ta issiqxona qurildi.

Fargʻonada boʻlib oʻtgan trening ham issiqxonalarda ekin yetishtirishning yangi usul va texnologiyalarini joriy etayotgan CACILM-2 loyihasi va FAOning yana bir — “Kelajak avlod uchun aqlli qishloq xoʻjaligi” loyihasi koʻmagida tashkil etildi. FAOning ushbu ikkala loyihasi ham Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Treningda mamlakatimizning turli hududlarida joylashgan 18 ta eko-maktab oʻquvchilari va oʻqituvchilari ishtirok etishdi.

“Atrof-muhit holatini yaxshilash — FAOning 2022 — 2031-yillarga moʻljallangan strategik doiraviy dasturiga kiritilgan global miqyosdagi toʻrtta yaxshilash yoʻnalishidan biridir. Bu soha iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, ekotizimlarni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, masʼuliyatli isteʼmol va boshqa koʻp masalalarni oʻz ichiga oladi. Biz esa ekologik masʼuliyatli yosh avlodni tarbiyalashga hissa qoʻshayotganimizdan mamnunmiz”, — dedi FAOning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov.

Mashgʻulotlar davomida FAOning xalqaro eksperti Guido Santini ishtirokchilarga “Kelajak avlod uchun aqlli qishloq xoʻjaligi” loyihasi doirasida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan ishlar haqidagi taqdimot qilib, yangi texnologiyalarni joriy etish Fargʻona vodiysida qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirish bilan birgalikda mintaqada ekologik toza qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash, qishloq aholisining daromadlarini sezilarli darajada koʻpaytirish imkonini bergani haqida gapirdi.

Mavzuni issiqxonada sabzavot yetishtirish boʻyicha katta agronom, FAO mutaxassisi Xayrullo Esonov davom ettirib, maktab oʻquvchilariga issiqxona xoʻjaligi asoslari toʻgʻrisida tushuncha berdi.

Oʻquv dasturiga FAOning “Kelajak avlod uchun aqlli qishloq xoʻjaligi” loyihasini amalga oshirish jarayonida takomillashtirilgan issiqxonalar joylashgan Fargʻona viloyatining Fargʻona tumani Doʻstlik va Novkent mahallalaridagi ikkita xonadonga tashriflar kiritildi. Tashrif davomida zamonaviy va yangi jihozlangan issiqxonalarni borib koʻrgan maktab oʻquvchilari avvalroq mutaxassislar tomonidan oʻquv jarayonida aytib oʻtilgan issiqxona xoʻjaligini yuritishning yangi usullari samaradorligini oʻz koʻzlari bilan koʻrib, baho berdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?