BMT vakillari Shahrisabzdagi mahallalar hayoti bilan tanishdi

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Shahrisabz shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining oʻndan ortiq agentlik, fond va dasturlari vakillari hamda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi masʼullari ishtirokida kelgusidagi hamkorlik yoʻnalishlari va boʻlajak loyihalar muhokamasiga bagʻishlangan ikki tomonlama muloqotlar boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlash joiz, bugungi kunda mamlakatimizda BMTning turli grant va dasturlari doirasida mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholining turmush farovonligini yanada yuksaltirishga qaratilgan turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Qishloq joylarini barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida ajratilgan grant mablagʻlari hisobidan 40 ta mahallada zamonaviy andozalar asosidagi mahalla binolari barpo etilmoqda.
Muloqotda mahallalar negizida amalga oshiriladigan bu kabi dasturlar qamrovini kengaytirish, yoshlarni ish bilan taʼminlash, taʼlim markazlarini tashkil etish va yashil energetika loyihalarini rivojlantirish borasidagi hamkorlik rejalari kelishib olindi.
Shundan soʻng tadbir ishtirokchilar BMTning Taraqqiyot dasturi, UNICEF, “Yuksalish” harakati, Shveysariya rivojlantirish agentligi va Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi hamkorligida yoʻlga qoʻyilgan yangi loyiha – Shahrisabz shahrining Zangiron mahallasidagi “Yoshlar markazi” faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur innovatsion markazda 14–30 yoshli oʻgʻil-qizlar raqamli texnologiyalar, tadbirkorlik, xorijiy tillar, psixologiya, jamoaviy faollik, kasbiy koʻnikmalarga oʻrgatiladi. “Yoshlar bilan birga” tamoyili asosida zamonaviy menejment asoslari boʻyicha taʼlim beriladi.
2028-yilgacha markazda 8 ming nafar yosh mahalliy boshqaruv jarayonlarida ishtirok etishi, 2 ming nafari esa zamonaviy koʻnikmalarga ega boʻlishi rejalashtirilgan.
— Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda BMTning Oʻzbekistondagi barcha agentliklari vakillari, koordinatorlari ishtirok etmoqdamiz, — deydi BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinator Sabine Mahl xonim. — Tadbirning aynan Shahrisabzda tashkil etilishi ham bejiz emas. Chunki bu yerda hamkorlikda bir qator loyihalar bajarilmoqda. Kelgusida hamkorlik qamrovini yanada oshirish boʻyicha tashabbuslar ilgari surildi.
Shuningdek, BMT vakillari Qashqadaryo viloyati hokimi ishtirokida oʻtkazilgan muloqotda ishtirok etib, bir qator yoʻnalishlarda hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi. Shahrisabz shahri va tumanidagi mahallalar hayoti, hunarmandchilik markazlari, sayyohlik maskanlari faoliyati bilan tanishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring