Birlashgan – albatta, oʻzadi

18:55 19 Yanvar 2026 Jamiyat
403 0

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mahalliy Kengashlar deputatlarining oʻrni beqiyos. Bugun mahalliy Kengashlar aholi bilan ijro hokimiyati oʻrtasidagi ishonchli koʻprikka aylanib bormoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyatining vakillik hamda ijro etuvchi organlari vakolatlari aniq ajratildi. Mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlarining bir-biridan ajratilishi hokimiyatlar boʻlinishi tamoyilining mahalliy darajadagi amaliy ifodasi boʻldi. Bu esa deputatlarning masʼuliyati va faolligini yanada oshirdi.

Endilikda joylarda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, atrof-muhitga taʼsir koʻrsatuvchi korxonalar va inshootlarni joylashtirish, ish oʻrinlariga boʻlgan ehtiyoj parametrlarini belgilash mahalliy Kengashlar vakolatiga kiradi. Shuningdek, ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari uchun tariflarni tasdiqlash, investitsiya loyihalari boʻyicha eshituvlar oʻtkazish, ilmiy faoliyatga oid hududiy dasturlarni qabul qilish ham Kengashlar zimmasiga yuklatildi. Umuman olganda, mahalliy hokimliklarning 33 ta vakolati mahalliy Kengashlarga oʻtkazildi.

Bu oʻzgarishlar Buxoro viloyatida ham aniq natijalar bermoqda. 2025-yilda viloyat, tuman va shahar Kengashlarida jami 201 ta sessiya oʻtkazilib, ularda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir 1822 ta masala koʻrib chiqildi. Sessiyalarning ochiqligi taʼminlanib, ular ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda jonli efirga uzatildi.

Davlat organlari rahbarlarining hisobdorligi ham kuchaydi. Sessiyalarda soha rahbarlarining 1079 marotaba hisoboti tinglandi, mansabdor shaxslarga 1129 ta deputatlik soʻrovi yuborildi. Davlat byudjeti mablagʻlarining maqsadli sarflanishi va bu jarayonda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish doimiy eʼtiborimizda.

Saylovchilar bilan uchrashuvlar chogʻida bildirilgan taklif va muammolar asosida ijtimoiy soha obyektlarini rivojlantirish uchun qoʻshimcha mablagʻlar yoʻnaltirilmoqda. Ular sarfining manzilliligi deputatlar tomonidan qatʼiy nazorat qilib borilyapti. Shu bilan birga, davlat va hududiy dasturlar ijrosi muntazam tahlil etilmoqda.

Bugun dunyoda kechayotgan murakkab geosiyosiy va iqtisodiy jarayonlar islohotlarni qatʼiyat bilan amalga oshirishni talab qilmoqda. Shu maʼnoda Prezidentimizning Murojaatnomasi yurt taraqqiyoti uchun muhim yoʻl xaritasi boʻlib xizmat qilmoqda.

Murojaatnomada aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, ayniqsa, ichimlik suvi va uy-joy taʼminoti masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu borada viloyatimizda salmoqli ishlar qilindi. 2025-yilda davlat dasturlari doirasida 810 ta obyektda qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, bu maqsadlarga 2,9 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Ichimlik suvi taʼminoti bosqichma-bosqich yaxshilanmoqda. 2024-yilda aholining 74 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatkich 80 foizga yetdi. Deputatlar tashabbusi va aholi takliflari asosida 7 ta yangi suv inshooti barpo etildi, 358 kilometr ichimlik suv tarmogʻi tortildi. Shuningdek, 51 ta ijtimoiy obyekt rekonstruksiya qilinib, ming kilometrdan ortiq yoʻl taʼmirlandi.

Davlat rahbarining tegishli qarori asosida 19 mingdan ortiq oilani kambagʻallikdan chiqarish rejalashtirilgan edi. Amalda esa 26 ming 900 dan ziyod fuqaroning bandligi taʼminlandi. “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 55 ta mahallaga qoʻshimcha mablagʻ ajratilib, elektr taʼminoti, sugʻorish va ichki yoʻllar bilan bogʻliq muammolar hal etildi.

Xususan, Vobkent tumanidagi “Rozmoz” va “Sariosiyo” mahallalarida ariqlar betonlashtirilib, sugʻorish tizimi yaxshilandi. Natijada yuzlab xonadonlar tomorqasini barqaror sugʻorish imkoniyatiga ega boʻldi. Oilalar daromadi sezilarli oshdi.

Shu bilan birga, viloyatda suv tanqisligi va yerlarning shoʻrlanishi jiddiy masala boʻlib qolmoqda. Shu bois qishloq xoʻjaligida tomchilatib sugʻorish, irrigatsiya tarmoqlarini yangilash, suv hisobini raqamlashtirish, iqlimga mos ekin turlariga oʻtish kabi vazifalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Aytib oʻtilgan ishlar — viloyat hayotidagi ayrim yoʻnalishlar, xolos. Ularni toʻliq amalga oshirish uchun hamjihatlik, fidoyilik va ahillik zarur. Murojaatnomada taʼkidlanganidek, birlashgan — albatta, oʻzadi. Maqsadimiz yagona – istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish orqali viloyatimizni har tomonlama rivojlantirish va xalq roziligiga erishish. Buning uchun yetarli salohiyat va imkoniyatlar mavjud.

Jamol ASHUROV,
Xalq deputatlari

Buxoro viloyati Kengashi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?