Bir ummonki, duru javohiri aslo tugamas...

14:39 09 Fevral 2022 Jamiyat
648 0

Foto: Халқ сўзи

Adabiyotshunoslar, shoir va yozuvchilar, sanʼat ahli, umuman, mutolaani, adabiyotni sevgan inson borki, elimizning buyuk farzandi – Alisher Navoiy ijodiyotini oʻqib-oʻrganadi, ummonga qiyos qilgulik bebaho xazinadagi duru javohirlardan zavqu bahra olishga savqi tabiiy intiladi. Zotan, bu ulugʻ mutafakkir bitgan har bir satrda na zamonu na makon tanlaydigan tuygʻular, teran gʻoyalar, yuksak fikr va qarashlar mujassam. Navoiy ijodi Yer yuzining turli nuqtalarida ham sevib oʻqilib, chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borilishi, qator tillarga doimiy ravishda tarjima qilinishi ham bejiz emas.

Buni qarangki, Fargʻona shahrida joylashgan Prezident maktabida taʼlim berayotgan Kanada, Buyuk Britaniya va Filippindan kelgan oʻqituvchilar ham Navoiy asarlarining shaydosi ekan. Ular bobokalonimiz tavalludining 581-yilligiga bagʻishlab Fargʻonada oʻtkazilgan bayram tadbirida shoir gʻazallarini yoddan oʻqidilar. Mushoirani Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari davom ettirdi.

 

 

Bugun erta tongda Fargʻona shahridagi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ziyolilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan viloyat hokimi oʻrinbosari Fayzullo Qosimov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Enaxon Siddiqova, filologiya fanlari doktori, navoiyshunos olim Habibullo Joʻrayev Navoiyning oʻlmas merosi, ularda ulugʻlangan gʻoyalarning xalqimiz, yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyatiga alohida urgʻu berdilar.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер