Bir qoʻlli jahon chempioni

11:10 06 Yanvar 2026 Sport
226 0

Futbol tarixidan maʼlumki, Urugvay terma jamoasi ilk jahon chempioni sanaladi. 1930-yilda shu mamlakatda oʻtkazilgan birinchi mundialda u gʻoliblik nashidasini surgandi. Oʻshanda jamoa hujumchisi Ektor Kastro ajoyib oʻyini bilan muxlislar qalbidan joy olgandi. Ajablanarlisi, Ektor bir qoʻlli edi. Quyida shu noyob futbolchining hayoti va faoliyati haqida soʻz yuritamiz.

Janubiy amerikalik har ikki futbolchining biri peshonasiga umri qora mehnat bilan kechadigan oilada tugʻilish bitilgan. Ektor ham bundan istisno emasdi. Uning otasi ispan koʻchmanchilaridan boʻlib, XIX asrda Urugvayda qoʻnim topgandi. Oʻsha kezlardayoq bu yerda futbol ommalashgan, har bir bolakay “millionlar oʻyini” orqali kambagʻallikdan xalos boʻlishni, odamday yashashni orzu qilardi. Ektorning otasi chilangarlik qilar, topgani qozon qaynatishga uchma-uch yetardi. Shu sababli bolakay otasiga ishdan keyingi mayda-chuyda yumushlarga koʻmaklashgani chiqardi.

Ana shunday ishlarning birida fojia roʻy berdi. Otasi bilan oʻtin tayyorlayotgan 13 yoshli bolaning oʻng qoʻlini elektr arra kesib yubordi. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolishdi. Ammo Ektor bir qoʻlidan ayrildi. Vaholanki, u tengdoshlari bilan futbol oʻynaganida darvozada turar, epchilligi, keng jussasi sabab boladan kelajakda zoʻr posbon chiqishi bashorat qilinardi. Bu koʻrgilikdan soʻng darvozada turish haqida endi uning oʻylashiga ham hojat yoʻq edi. Biroq futbolga boʻlgan mehr-u muhabbati hamma narsadan ustun keldi. Ektor murabbiyning oldiga kelib, oʻzini hujumchi sifatida sinab koʻrishni soʻradi.

Sirasini aytganda, bir qoʻlsiz tez yugurish, maydonga moslashish, raqib futbolchilari bilan toʻp uchun kurashish anoyi ish emas. Qahramonimiz shu qiyinchiliklarni mardonavor yengdi. Ruhan choʻkmadi. Oradan uch yil oʻtib, Ektorning oʻyini “Lito” deb ataladigan oʻrtamiyona, ammo professional klub eʼtiborini tortdi. Bu jamoadagi dastlabki mavsum Ektor uchun ham, klub uchun ham burilish davri boʻldi. Urugvay chempionatida debyut qilgan yigitcha trenerlar ishonchini oqladi. Faqat muxlislar “Jamoaning kuni bir qoʻlli futbolchiga qoldimi”, deya taajjubda edi. Ammo shubhalar tumandek tezda tarqab ketdi. Kastro gol urishni ham, safdoshlariga qulay vaziyat yaratib berishni ham qoyillatardi. Unga “Birqoʻlli” deya laqab berishdi. Debyut mavsumda “Lito” 12 ta komanda orasida 6-oʻrinni egalladi. Ikki yil oʻtgach esa qahramonimiz mamlakatning nomdor klubi “Nasyonal” safiga qoʻshildi.

“Nasyonal”da u uzoq yillar toʻp surdi. Dastlab 1924–1932, keyin esa 1933–1936-yillarda shu jamoa sharafini himoya qildi. Ektor “Nasyonal”ning yetakchi futbolchisi sanalardi. Buni qahramonimizning 231 ta oʻyinda 145 ta gol kiritgani ham tasdiqlaydi.

Tabiiyki, toʻpurar hujumchi terma jamoa murabbiylari nazaridan chetda qolmadi. Buni qarangki, Urugvayning xalqaro maydonlardagi dastlabki yutuqlari bevosita shu futbolchi nomi bilan bogʻlandi. Yozgi olimpiada chorak finalida Germaniya terma jamoasi darvozasiga u tomonidan kiritilgan gol komandaga final sari yoʻl ochdi. Keyin esa birinchi jahon chempionati (1930-yil) da qahramonimiz Peru terma jamoasi darvozasini ishgʻol etib, dastlabki gol muallifiga aylandi. Mundial finalida esa Argentina terma komandasi darvozasini ishgʻol etdi.

Aytmoqchi, Kastro Urugvay terma jamoasi bilan amalda hamma narsaga erishdi. 1928-yilda Amsterdamda oʻtgan olimpiadada, 1930-yilda tashkil etilgan jahon chempionatida gʻolib boʻldi. 1928 va 1935-yilgi Amerika Kubogida zafar quchdi. Milliy terma jamoa safidagi 26 ta uchrashuvda u 18 ta gol kiritdi. Bir oʻyindagi oʻrtacha golli koʻrsatgich boʻyicha u Suares va Kavanidek biz-u sizga yaxshi tanish taniqli futbolchilarnikiga qaraganda yaxshiroq natija qayd etgan.

1936-yilda futbolchilik faoliyatini tugatgan qahramonimiz keyinchalik “Nasyonal”ning murabbiylar shtabida ishladi. Qizigʻi, shu jamoaning bosh murabbiyi sifatida futbolchilik faoliyatidagiga qaraganda koʻproq sovrinni qoʻlga kiritdi. Olti bor mamlakat chempioni boʻldi. 1959-yilda esa u Urugvay milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Asosiy maqsad komandani 1962-yilda oʻtadigan jahon chempionatiga tayyorlash edi. Afsuski, unga boshlangan ishni oxiriga yetkazish nasib qilmadi. 1960-yilning 15-sentyabrida ajoyib inson, oʻta mahoratli futbolchi va trener, shu kunga qadar yagona sanalgan bir qoʻlli jahon va olimpiada chempioni Ektor Kastro toʻsatdan roʻy bergan yurak xuruji oqibatida vafot etdi. Oʻshanda u atigi 55 yoshda edi.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?