Biologik faol qoʻshimchalar bozori: foydali ham, xavfli ham boʻlishi mumkin

17:11 10 Yanvar 2026 Ilm-fan
385 0

Illyustrativ foto

Bugungi kunda dorixonalarda sogʻliqni saqlash yoki yaxshilash maqsadida sotilayotgan 100 mingdan ortiq turli biologik faol qoʻshimchalar mavjud. Ular kapsula, kukun, tabletka va jele shaklida taklif etiladi hamda vitaminlar, minerallar, oʻsimlik moddalari va aminokislotalarni oʻz ichiga oladi. Biroq mutaxassislar taʼkidlashicha, ushbu mahsulotlarni mutlaqo xavfsiz deb hisoblash katta xato.

Meʼyordan ortiq isteʼmol sogʻliqqa zarar

Garvard tibbiyot maktabi professori Piter Koenga koʻra, ozuqa moddalarini haddan tashqari koʻp qabul qilish salomatlikka jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shu bois qoʻshimchalarni toʻgʻri dozada va sifatlilaridan tanlash juda muhim. Mutaxassislar, imkoni boricha, organizmga zarur vitamin va minerallarni oddiy ovqat orqali qabul qilishni tavsiya qiladi.

Nazorat zaif, yorliqlarga ishonish qiyin

AQSHda vitamin va qoʻshimchalar bozori ustidan davlat nazorati cheklangan. Oziq-ovqat va dori-darmon agentligi (FDA) bu mahsulotlarni sotuvga chiqishidan oldin tasdiqlamaydi. Shu sababli, yorliqda koʻrsatilgan tarkib har doim ham haqiqatga toʻgʻri kelavermaydi. Mutaxassislar faqat NSF yoki USP kabi mustaqil tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan mahsulotlarni tanlashni maslahat beradi.

Shifokor bilan maslahat — asosiy shartlardan biri

Qoʻshimchalarni qabul qilishdan oldin albatta shifokor bilan maslahatlashish lozim. Ayrim vitaminlar dori vositalari bilan oʻzaro taʼsirga kirishi, tahlil natijalarini buzishi yoki dorining samarasini pasaytirishi mumkin. Mutaxassislar qoʻshimchalarni dorixonada erkin sotiladigan dori vositalari kabi ehtiyotkorlik bilan qabul qilishni uqtiradi.

Koʻp qabul qilinadigan qoʻshimchalar va xavflar

Multivitaminlar tarkibidagi ayrim vitamin va minerallar meʼyordan yuqori boʻlishi mumkin. Masalan, tamaki chekuvchilar uchun A vitamini yoki beta-karotin yuqori miqdorda qabul qilinsa, oʻpka saratoni xavfini oshiradi. Homilador ayollarda esa kuniga 2800 mikrogrammdan ortiq A vitamini tugʻma nuqsonlar xavfini kuchaytiradi.

Vitamin D, kalsiy va boshqalar

Vitamin D ni haddan tashqari qabul qilish koʻngil aynishi, qusish, buyrak yetishmovchiligi va hatto oʻlimga olib kelishi mumkin. Kattalar uchun kunlik meʼyor 600 XB boʻlsa, yuqori chegara 4000 XB etib belgilangan. Kalsiyning ortiqcha miqdori buyrak toshlari va ayrim hollarda yurak kasalliklari xavfini oshiradi.

Omega-3, vitamin C va magniy

Omega-3 qoʻshimchalarining yuqori dozalari qon ketishi xavfini oshiradi. Vitamin C koʻp qabul qilinganda esa ich ketishi, qorin ogʻrigʻi va buyrak toshlari kuzatilishi mumkin. Magniyning ortiqcha miqdori ayniqsa buyrak kasalligi borlar uchun xavfli hisoblanadi.

Umumiy ogohlantirish

Shifokorlar va diyetologlar qoʻshimchalarni “tabiiy” deb hisoblab, beixtiyor qabul qilishdan ogohlantiradi. Qoʻshimchalar ham notoʻgʻri qabul qilinganda jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, eng toʻgʻri yoʻl — har qanday vitamin yoki qoʻshimchani qabul qilishdan oldin tibbiy maslahat olishdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?