“Bilimxona”: shunchaki kelib ketma, bilib ket!
Parkent tumanidagi “Kumushkon” mahallasida “Bilimxona” elektron kutubxonasining tantanali ochilishiga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi. Tadbirda Parkent tumani hokimligi vakillari, masʼul tashkilotlar xodimlari, nuroniylar va yoshlar qatnashib, binoda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Tuman hokimligi va “Ipoteka banki” tomonidan amalga oshirilgan mazkur loyihaga muvofiq, yoshlarning kasbiy va raqamli texnologiyalar boʻyicha koʻnikmalarini takomillashtirish uchun zarur texnik vositalar va qulay oʻquv sharoitlari yaratilmoqda.
— 814 nafar kumushkonlik yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishda bu kabi tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etadi. Mahallamiz tuman markazidan qariyb 15 kilometr uzoqlikda ekanligini hisobga olsak, yangi “Bilimxona”ning ahamiyati ikki karra ortadi. Endilikda yoshlar darsdan soʻng va qolgan boʻsh vaqtida bu yerda yangi bilim olishi mumkin boʻldi, — deydi “Kumushkon” mahallasi yoshlar yetakchisi Murod Azimboyev.

“Bilimxona” elektron kutubxonasi bir vaqtning oʻzida 50 kitobxonga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega. Bu maskanda foydalanuvchilar uchun elektron platformalar orqali kitob mutolaa qilish va bilimlarini oshirish imkoniyati yaratilgan. Maxsus oʻquv kurslarida esa kompyuter texnologiyalari va dasturlash boʻyicha sertifikat olish mumkin.

Qayd etish lozim, bugungi kungacha shu koʻrinishdagi elektron kutubxonalar Jizzax viloyati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahridagi taʼlim muassasalarida foydalanishga topshirilgan edi. Foydalanuvchilari shunchaki kelib emas, bilib ketadigan bunday ziyo maskanlarini mamlakatimizning boshqa hududlarida ham ochish koʻzda tutilgan.
Otabek ISROILOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring