“Barselona”dan mavsumdagi dastlabki magʻlubiyat, “Manchester Siti” Fransiyada durang oʻynadi

09:57 02 Oktyabr 2025 Sport
213 0

Kecha, 1-oktyabr kuni UEFA Chempionlar Ligasi musobaqasining 2-tur oʻyinlari start oldi. Kun doirasida bir qator qiziqarli uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Quyida ushbu bahslar haqida batafsil toʻxtalib oʻtamiz:

Markaziy oʻyin

2-turning markaziy bahsida “Barselona” klubi oʻz maydonida PSJni qabul qildi. Oʻyin oldidan mehmonlarning 3 nafar asosiy futbolchisi Usmon Dembele, Xvicha Kvarasxeliya va Markinyos mazkur bahsda ishtirok eta olmasligi maʼlum boʻldi. Shu bois koʻpchilik ushbu oʻyinda “Barselona”ni favorit deb hisoblayotgandi. Ammo natija aksincha boʻldi.

Kataloniya klubida oʻtgan uchrashuv bilan solishtirganda 5 ta oʻzgarish amalga oshirildi. “Real Sosiyedad”ga qarshi bahsni asosiy tarkibda boshlagan Arauxo, Kristensen, Joao Fernandes, Bargji va Levandovski bu safar zaxirada qoldirildi. Ularning oʻrniga Erik Garsiya, Pau Kubarsi, Dani Olmo, Ferran Torres va Lamin Yamal dastlabki daqiqalardan maydonda harakat qildi.

PSJda ham oʻtgan oʻyinga nisbatan 5 ta oʻzgarish kuzatildi. Fransiya chempionatidagi bahsni asosiy tarkibda boshlagan Lukas Beraldo, Lukas Ernandes, Kan In Li, Gonsalo Ramush va Xvicha Kvarasxeliya startda boʻlmadi. Ular oʻrniga Uilyam Pacho, Ashraf Hakimi, Nunu Mendesh, Fabian Ruis va Bradli Barkola maydonga tushirildi.

Uchrashuvning 19-daqiqasida maydon egalari hisobni ochishdi. Markus Reshfordning kross uzatmasidan soʻng, Ferran Torres gol urdi.

38-daqiqada “parijliklar” hisobni tenglashtirishdi. Nunu Mendeshning uzatmasidan soʻng, Senni Mayulu “Barselona” darvozasini ishgʻol etdi. Birinchi boʻlim shu hisob bilan yakunlandi.

Oʻyinning asosiy vaqtining soʻnggi daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan Gonsalo Ramush PSJga gʻalaba taqdim etdi.

“Barselona” — PSJ 1:2

Gollar: Torres (19) — Mayulu (38), Ramush (90).

“Barselona” — Shchesni, Kubarsi, Garsiya (Kristensen, 86), Martin (Balde, 72), Kunde, Pedri (Bernal, 79), De Yong, Olmo (Kasado, 72), Reshford (Levandovski, 72), Yamal, Torres.

PSJ — Shevalye, Zabarniy, Pacho, Nunu Mendesh, Hakimi, Vitinya, Zair-Emeri, Ruis (Ramush, 72), Barkola (Li Kan In, 80), Mbaye (Ernandes, 65), Mayulu (Ndjantu, 80).

“Manchester Siti” durang oʻynadi

Birinchi turda kutilmaganda Belgiyada 4:1 hisobida magʻlubiyatga uchragan “Monako” bu safar musobaqadagi dastlabki ochkosini qoʻlga kiritdi. Birinchi oʻyinda “Napoli”ni magʻlub etgan “Manchester Siti” esa ushbu bahsning soʻnggi daqiqasida gʻalabani qoʻldan boy berdi.

“Siti”da oʻtgan bahsga nisbatan 3 ta oʻzgarish amalga oshirildi. APL doirasidagi uchrashuvni asosiy tarkibda boshlagan Mateus Nunyes, Niko Gonsales va Savinyo bu safar zaxirada qoldirildi. Ularning oʻrniga Rodri, Jon Stounz va Bernardo Silva startda maydonga tushdi.

15-daqiqada “Manchester Siti” hisobni ochdi. Gvardiolning uzatmasidan soʻng, Erling Holand gol kiritdi. Oradan 3 daqiqa oʻtib, Jordan Teze hisobni tenglashtirdi.

Birinchi boʻlimning soʻnggi daqiqasida Erling Holand dublga erishdi. Tanaffusga jamoalar 1:2 hisobida yoʻl oldi.

Uchrashuvning soʻnggi daqiqasida “Monako” penalti ishlab oldi. 11 metrlik jarima toʻpidan Erik Dayer aniq zarba berib, hisobni tenglashtirdi. Oʻyin 2:2 hisobida yakunlandi.

“Monako” — “Manchester Siti” 2:2

Gollar: Teze (18), Dayer (90) — Holand (15, 44).

“Monako” — Ken, Kerer, Dayer, Salisu (Ilenikena, 82), Vanderson (Uattara, 22), Teze (Kabral, 82), Kulibali, Diatta, Akliush, Fati (Idumbo, 64), Balogun (Biret, 82).

“Manchester Siti” — Donnarumma, Stounz (Nunyes, 72), Diash, Gvardiol, OʻRayli, Rodri (Gonsales, 61), Silva, Foden, Reynders, Doku (Savinyo, 61), Holand.

“Arsenal”dan yana gʻalaba

Birinchi turda “Atletik Bilbao” maydonida gʻalaba qozongan “Arsenal” bu gal ham zafar quchdi. Gretsiyaning “Olimpiakos” klubiga qarshi oʻyin 2:0 hisobida yakunlandi.

Oʻtgan oʻyinga nisbatan 6 ta oʻzgarish amalga oshirildi. “Nyukasl”ga qarshi bahsni asosiy tarkibda boshlagan Timber, Moskera, Kalafiori, Rays, Eze va Saka bu safar boshlangʻich tarkibda oʻrin olishmadi. Ularning oʻrnini esa Lyuis-Skelli, Saliba, Uayt, Martinelli, Merino va Edegor toʻldirdi.

Uchrashuvda hisob 12-daqiqada ochildi. Gabriel Martinelli jamoasini oldinga olib chiqdi. Birinchi boʻlim shu hisob bilan yakunlandi.

Oʻyinga hakam tomonidan qoʻshib berilgan daqiqalarda Edegorning uzatmasidan soʻng, Bukayo Saka “Arsenal”ning ikkinchi golini urdi.

“Arsenal” — “Olimpiakos” 2:0

Gollar: Martinelli (12), Saka (90+2).

“Arsenal” — Rayya, Uayt (Timber, 58), Saliba, Gabriel (Moskera, 75), Lyuis-Skelli, Edegor, Subimendi, Merino (Rays, 58), Trossard (Saka, 73), Martinelli (Eze, 73), Gokeresh.

“Olimpiakos” — Solikas, Koshtinya, Resos (Byankon, 86), Pirola, Ortega, Garsiya (Sipioni, 75), Esse (Muzakitis, 86), Martinsh (Taremi, 62), Shikinyu (Strefessa, 85), Podense, El-Kaabi.

“Borussiya Dortmund” yirik hisobda gʻalabaga erishdi

Birinchi turda Turin shahrida 4 ta gol kiritib, yakunda durang natija bilan qaytgan Niko Kovach shogirdlari bu gal ham 4 ta gol urdi. Faqat bu safar gollarga gʻalaba ham qoʻshildi.

Dastlabki turda oʻz maydonida “Arsenal”ga yutqazgan “Atletik Bilbao” esa bu safar ham ochko qoʻlga kirita olmadi.

Uchrashuvda hisob 28-daqiqada ochildi — Daniel Svensson tomonidan. Birinchi boʻlim 1:0 hisobida yakunlandi.

50-daqiqada Chukvuemeka hisobni 2:0 koʻrinishiga olib keldi. Ordan 11 daqiqa oʻtib, Gorko Guruseta “Atletik Bilbao”ning joriy mavsum UEFA Chempionlar Ligasidagi dastlabki goliga mualliflik qildi.

82-daqiqada Girassi jamoasining uchinchi golini kiritdi. Hakam qoʻshib bergan daqiqalarda esa Yulian Brandt hisobni 4:1 koʻrinishiga olib keldi. Oʻyin aynan shu hisob bilan yakunlandi.

“Borussiya D” — “Atletik” 4:1

Gollar: Svensson (28), Chukvuemeka (50), Girassi (82), Brandt (90+1) — Guruseta (61).

“Borussiya D” — Kobel, Svensson, Anton, Bensebaini, Zyule (Shlotterbek, 70), Riyerson, Zabitser, Bellingem (Nmecha, 69), Adeyemi (Bayer, 63), Girassi (Silva, 87), Chukvuemeka (Brandt, 63).

“Atletik” — Simon, Lekue, Vivian (Lyaport, 46), Paredes, Gorosabel, Rego, Xauregisar (de Gallareta, 46), Navarro, I. Uilyams (Guruseta, 46), Sannadi (Sanches, 80), Gomes (Serrano, 63).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер