Banklarni sanatsiya qilish va tugatish tartibi belgilandi
Banklarni sanatsiya qilish hamda oid qoidalar belgilandi. Bu haqida “Huquqiy axborot” Telegram-kanalida xabar berildi.
Joriy yilning 23-iyun kuni “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur Qonun banklar, banklar guruhlari va bank aksiyalarining nazorat paketiga egalik qiluvchi xolding kompaniyalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Quyida sanab oʻtilgan barcha asoslarning mavjudligi bankni sanatsiya qilishni boshlash uchun asos deb hisoblanadi:
- bankning toʻlovga qobiliyatsizligi yoki toʻlovga qobiliyatsizlikning yuzaga kelish ehtimoli yuqoriligi;
- banklar tomonidan koʻrilgan choralar, shuningdek, Markaziy bank tomonidan qoʻllangan nazorat choralari toʻlovga qobiliyatsizlikni bartaraf etishga qodir boʻlmaganligi yoxud 6 oy ichida buning ehtimoli mavjud emasligi;
- bankning tizimli ahamiyatga molik ekanligi yoki tizimli ahamiyatga molik boʻlmagan bankni majburiy tugatish orqali belgilangan maqsadlarga erishib boʻlmasligi sababli sanatsiya qilish zarurligi.
Markaziy bank sanatsiya qilinayotgan bankning maxsus boshqaruvchisini tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli hisoblanadi.
Sanatsiya qilish vositalari quyidagilardan iborat:
- aktivlar va majburiyatlarni oʻtkazish (sotish);
- oraliq bankni tashkil etish;
- hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish.
Qonunga koʻra, sanatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar Markaziy bank bankning aktivlari va majburiyatlari, shuningdek balansdan tashqari moddalari baholashdan oʻtkazilishini taʼminlaydi.
Baholovchi Markaziy bankka quyidagilarni oʻz ichiga olgan xulosani taqdim etadi:
- bankni sanatsiya qilish boshlangan kunda mazkur bankni majburiy tugatish tashabbus qilingan boʻlsa, sanatsiya qilinayotgan bank aksiyador va kreditorlari koʻrishi mumkin boʻlgan zararlarning miqdori;
- sanatsiya qilinayotgan bankning aksiyadorlari va kreditorlari koʻrgan haqiqiy zararlar miqdori;
- yuqorida koʻrsatilgan zararlar oʻrtasidagi farq.
Bundan tashqari, Markaziy bank hamda Omonatlarni kafolatlash agentligining qoʻshma qarori asosida sanatsiya qilish jamgʻarmasi tashkil etiladi. Markaziy bank sanatsiya qilinayotgan bank tuzgan shartnomalar boʻyicha uning toʻlov va oʻtkazmalarga doir muayyan majburiyatlarini 6 haftadan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turishga haqli hisoblanadi.
Shuningdek, bank faoliyatini tugatish ixtiyoriy yoki majburiy tugatish shaklida amalga oshirilishi mumkin.
Agar bank toʻlovga qobiliyatsiz boʻlmasa yoki uning toʻlovga qobiliyatsizligi yuzaga kelishi ehtimoli yuqori boʻlmasa, u ixtiyoriy tugatilishi mumkin. Bankni ixtiyoriy tugatish Markaziy bankning roziligiga asosan amalga oshiriladi.
Agar bank tizimli ahamiyatga molik deb eʼtirof etilmagan boʻlsa, u “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilgan hollarda majburiy tugatilishi mumkin.
Bankni majburiy tugatish Markaziy bank boshqaruvining litsenziyani chaqirib olish va bankni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qarori asosida amalga oshiriladi.
“Bankni majburiy tugatish suddan tashqari va sud tartibida amalga oshirilishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring