“Baliq emas, qarmoq berish” tamoyiliga amal qilib...

00:12 04 Noyabr 2021 Jamiyat
982 0

Foto: Халқ сўзи

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Pop tumani boʻlimi qoshidagi “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi tomonidan 240 ta ehtiyojmand oilaga joʻja ochirish qurilmasi - inkubator topshirildi. Bu esa ushbu oilalarning doimiy daromad manbaini yaratish imkonini bergani bilan ahamiyatlidir. Chunki ularga bepul taqdim qilingan “Kvochka” qurilmasida bir yoʻla 80 ta joʻja ochirish va parrandachilikni rivojlantirish mumkin. Parrandachilik esa yetti xazinaning biri. Darvoqe, har bir xonadonga qurilma bilan birga 80 donadan urugʻlantirilgan maxsus tuxumlar ham tarqatildi.

- Ikkinchi guruh nogironiman, ikki farzandim bilan roʻzgʻor tebratishga qiynalib qolgan chogʻimda koʻrsatilgan yordam tufayli mushkul vaziyatdan chiqib oladigan boʻldim. Endi inkubatordan foydalanib, uyimizda parranda goʻshti, tuxum yetishtirish bilan astoydil shugʻullanaman, -deydi “Obod” mahallasida yashovchi Madina Ulkanboyeva.

Namangan viloyatida ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlashda “baliq emas, qarmoq berish” tamoyilidan foydalanilayotgani samarasi moddiy jihatdan ahvolini yaxshilab olayotgan xonadonlar soni ortayotganida yaqqol koʻrinadi. Xususan, Pop tumanida joriy yilning oʻtgan davrida yuqoridagi jamgʻarma tomonidan xotin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida 176 nafar ayolga zamonaviy tikuv mashinasi, yigirmaga yaqin fuqaroga chorva mollari va 1 ming 335 fuqaroga parranda berilgani buning isbotidir.

Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер