Baxtim shul – O‘zbekning Zulfiyasiman

14:24 01 Mart 2024 Jamiyat
410 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

…Qish izgʻirinlari ortda qolib, roʻyi zamin yam-yashil koʻklam libosiga burkana boshlagan bahorning ilk kunida — Adiblar xiyobonida tashkil etilgan anjuman ishtirokchilari yuz-koʻzida mamnuniyat, qalbida milliy gʻurur, nafosatga oshuftalik hissi barq uradi.

Oʻzbek adabiyoti boʻstoni husniga husn qoʻshgan ijodkor, mehru muhabbatga toʻla sheʼrlari bilan xalqimiz qalbidan munosib oʻrin egallagan hassos shoira Zulfiya tavalludini keng nishonlash, uning xotirasiga hurmat, boy merosiga ehtirom va ulugʻ siymolar oldidagi maʼnaviy masʼullik tuygʻusi yozuvchi-shoirlar, yosh ijodkorlar hamda keng jamoatchilik vakillarini bu yerga jamladi.

“Baxtim shul — oʻzbekning Zulfiyasiman” deb nomlangan tadbir Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya haykali poyiga gul qoʻyish bilan boshlandi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, yurtimizda adabiyotni rivojlantirish, yosh avlod qalbida maʼnaviy fazilatlarni yuksaltirish, vatanparvarlik tuygʻularini tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar jarayonida marhum ustoz ijodkorlar xotirasini abadiylashtirishga, merosini chuqur oʻrganishga, targʻib etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, hassos soʻz sanʼatkori Zulfiya hayoti va ijodi davlatimizning, adabiyotshunos-olimlarning, butun xalqimizning doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Shoira nomidagi davlat mukofoti taʼsis etilgani, Adiblar xiyobonida unga haykali oʻrnatilgani, yurtimizdagi koʻchalardan biriga nomi berilgani ham shoiraga boʻlgan hurmat-ehtirom ramzidir.

Atoqli ijodkorning Vatan madhi, xalqimizning orzu-umidlari, sevgi va vafo, oqibat va sadoqat, haqiqat va adolat tuygʻulari tarannum etilgan haroratli sheʼrlari bugun ham sevib oʻqilmoqda.

Tadbirda shoira qalamiga mansub sheʼrlar oʻqildi, qoʻshiqlar kuylandi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi tomonidan yosh rassomlarning bahoriy rasmlar koʻrgazmasi hamda kitoblar yarmarkasi tashkil etildi. Oliy oʻquv yurtida taʼsis etilgan Zulfiya nomidagi maxsus stipendiya sovrindorlariga koʻkrak nishonlari topshirildi.

— Zulfiya sheʼrlarining maʼnaviy kamolotimizga taʼsiri, ahamiyati beqiyos, — deydi koʻkrak nishon sohibasi Diyora Sherbekova. — Esimda, dastlab shoira ijodi bilan maktab darsliklarida tanishganmiz, ular katta taassurot qoldirgan va maktabimiz kutubxonasidan bir qancha kitoblarini topib oʻqiganman. Shu-shu ijodkor sheʼriyatiga maftun boʻldim. Bugun esa mana Zulfiya nomidagi stipendiyaga loyiq koʻrildim. Bu yutuq quvonch bagʻishlashi bilan birga masʼuliyat ham yuklaydi. Zulfiya sheʼriyatini, hayot yoʻllarini oʻrganish biz, yoshlarga katta maktabdir.

Anjumanda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining badiiy chiqishlari ham davraga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер