Badiiyat olami

21:57 29 Yanvar 2023 Madaniyat
1004 0

Foto: Arxiv surat

Mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar silsilasida adabiyotni rivojlantirish, ijodkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yosh iqtidorlarni kashf etish va tarbiyalashga qaratilgan ishlar butunlay yangi bosqichga koʻtarildi.

Zotan, inja sanʼat xalqning maʼnaviy-ruhiy ozuqasidir. Badiiy soʻz qudrati inson qalbini nafaqat poklaydi, balki tafakkur olamini yoritadi, orzu-umidlari roʻyobi sari qanot boʻladi, uni yangi-yangi marralar sari ragʻbatlantiradi.

www.xs.uz saytimizda “Badiiyat olami” ruknining tashkil etilishidan koʻzlangan ezgu maqsad-muddao ham shu. Oʻquvchilarga ushbu rukn ostida yozuvchi-shoirlar, adabiyot boʻstoniga endi qadam qoʻyayotgan yosh ijodkorlar asarlaridan tuhfa etib boramiz.

Mushtariylarimizni xalqimizning maʼnaviy saviyasini yanada oshirish, didini yuksaltirish, ularni badiiy soʻzning bepoyon jilvasidan bahramand etish, orzu-umidlari roʻyobi tomon olgʻa intilishga undash, ruhlantirishdek ezgu ishlarga kamarbasta boʻlishga chorlab qolamiz.

Shukur QURBON

* * *

Xudodan qoʻrqishdek bahodirlik yoʻq,

Bandai ojizlikday qodirlik yoʻq,

Oxiratni oʻylab bosilsa qadam,

Yoʻlda ham, dilda ham gʻashlik, kirlik yoʻq.

* * *

Kimki xizmatin qilib keksa ota-onasin,

Yo ulardan birining duosin ololmasa,

Burni yerga ishqalansin, burni yerga ishqalansin,

Burni yerga ishqalansin, jannatiy boʻlolmasa.

* * *

Rahmat nuri yogʻar senga — jufti haloling bilan

Mehr hamda muhabbat-la toʻqnashsa nigohlaring

Va yaxshi soʻz aytsang unga, ushlasang qoʻllaridan

Barmoqlaring orasidan toʻkilar gunohlaring.

* * *

Suyumliroq, dema, azizroq, degil,

Dunyoda farzandsiz koʻngil yarimdir.

Hidlash uchun sen ham boʻyniga egil,

Degil, bolalarim rayhonlarimdir.

SHAYTANAT

(Adib Tohir Malikning «Shaytanat» videofilmida aytilgan qoʻshiq)

Hayot-gulzor, deya, kezdim, tikonlari chiqdi yoʻldan,

Nada tikonlari, turfa ilonlari chiqdi yoʻldan.

Tilindi qalb, shilindi til, baloi nafs boʻldi gʻolib,

Qimorga boy berildi or, pushmonlari chiqdi yoʻldan.

Koʻngil berdim yora nogoh, axtarib men tasallolar,

Zaharxanda qildi agʻyor, yomonlari chiqdi yoʻldan.

Zamon Haqqa tegishli, deb necha fursat qildim sabr,

Chektirib oh, necha sohibzamonlari chiqdi yoʻldan.

Bu bir qismat, dedim, balki peshonamga yozilgani,

Xudo urgan Shaytanatning shaytonlari chiqdi yoʻldan.

Bormi biror hayrixohim va yo hamdard? Muhabbatning

Tohir Malik, Shukurdayin qurbonlari chiqdi yoʻldan.

Gavhar IBODULLAYEVA

* * *

Buncha soʻroqlaysiz sevasanmi deb,

Sizni sevdim deyish oson ekanmi?

Tillarim uvushsa, jonim uvushsa,

Sevgi dilga botgan sanchiq, tikonmi?

Sizni oʻylar boʻlsam, lahzalar yildek,

Kun-kunim sixlasa, umrim tigʻlasa.

Kiprik qoqolmasam tunlar gʻam bosib,

Kiprigim ustida sogʻinch uxlasa.

Sizga yurar boʻlsam, yoʻlim gullasa,

Ruhimda boshlansa Navroʻz ayyomi.

Dilim oqib ketsa mendan ilgari,

Sevgi qirgʻoq bilmas toshqin daryomi?

Sizni koʻrar boʻlsam, oʻz dunyom abas,

Dilni poralasam, bagʻrimni tilsam.

Mayli, koʻrmasamda, mayli, yetmasam,

Hajringiz malolin boʻynimga ilsam!

Sizni topar boʻlsam, oʻzni yoʻqotsam,

Jonimga yoprilsa hislar quyuni.

Ilkis dovdirasam, tinsam, tutilsam,

Boshim gangisa bu baxtdan suyunib.

Sizga talpinishdan tolmasa yurak,

Oxiri boʻlmasa bu shirin tushning.

Ayting, nima qilsin, ayting, ne desin,

Zaboni boʻlmasa shoʻrlik bu qushning?

Buncha soʻroqlamang sevasanmi deb,

Sizni sevdim deyish oson ekanmi?..

* * *

Suluv yigit, huv yigit,

Goh maʼsum, goh quv yigit,

Umr – oqar suv, yigit,

Qaytmas imkon muborak!

Shahlo koʻzim, yosh koʻzim.

Egildiku bosh, koʻzim.

Nechun jimsan, tosh, koʻzim,

Jon oʻrtar on muborak!

Qora sochim, tun sochim,

Goh alif, goh nun sochim,

Bu ne qora kun, sochim,

Zulf parishon muborak!

Xazon koʻnglim, bogʻ koʻnglim,

Goh jarlik, goh togʻ koʻnglim,

Qayon boqsam dogʻ koʻnglim,

Mangu hijron muborak!

Oʻksik bagʻrim, xush bagʻrim,

Qulochi oqqush, bagʻrim,

Bu oʻngmi yo tush, bagʻrim,

Limmo-lim qon muborak!

Chiroyli qiz, goʻzal qiz,

Kulgichlari – gʻazal qiz,

Muhabbat yoʻq, azal, qiz,

Goʻzal armon muborak!…

Chiroyli qiz, goʻzal qiz,

Suluv yigit, huuu-v yigit!..

Muhammad SIDDIQ

* * *

Yolgʻon soʻzlayajak sendan boshqasi –

Nechun bagʻring toʻla ogʻir xoʻrsiniq?

Ey ohu, bunchalar qayon shoshasan,

Kel, soʻyla!

Tinglayin,

Faqat bir sening

Soʻzing shaydosiman.

Axir, istamasman qolmoqni uzoq,

Ketaylik, muhabbat fasli bizdadir!

Qay sori yoʻl solmay qoʻyarlar tuzoq...

Mening umrim nadir?

Hatto qisqadir

Qoshing arosidan.

Bir tomchi yoshingga ketayda sadqa,

Ey mening ozurda, ham zada koʻnglim.

Haqni – ichingdagi nolangni alqab,

Aytgil, toliqdingmi

Senam, ey munglim

Dunyo gʻavgʻosidan?!

Zulmat lashkarlari borar ayqirib,

Qara, tegramizni! Qabohat yenggan...

Kel endi!

Eng soʻnggi bora qayrilib,

Umid bogʻlarida

Kuylab ber menga

Qushlar navosidan.

Feruzshoh NEʼMATULLAYEV

* * *

Darbadar

Kezarman shaylanib.

Falakdan toʻkilib tushgan har

Muzlagan yaproqqa aylanib.

Toʻlmadi,

Tinmadi xastalik.

Osmonning yoshini, bilmadim,

Qaysi bir yer uchun asradik...

Yorishdi

Qaro tun sollanib.

Ilgʻadim xalqimdek qorishgan

Sochimga ilingan jonlarni.

Sukunat

Porladi koʻzimda.

Oʻzimga toʻydimu, men faqat,

Toʻymadim oʻzimning soʻzimga.

Osondir

Hayollar aytari.

Ketarman va lekin qachondir

Oppoq tong men boʻlib qaytadi...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?