ASRA

08:57 02 May 2024 Jamiyat
421 0


Abdusaid KO‘CHIMOV

Qatra simobday titrab, qalqib turibdi dunyo,
Mezon singari idrab, salqib turibdi dunyo,
Kuygan quyoshdek xira balqib turibdi dunyo...
Chang-to‘zonli zamonda, nonu tuzingni asra,
O‘g‘il-qizingni asra, asra, o‘zingni asra.

Asriy sahro, cho‘llarda quturmoqda toshqinlar,
Qarindoshdan qondoshga qirg‘inlaru bosqinlar,
Imoga shay turmishlar Yalavochlar — sotqinlar...
Fosiq dasturxonidan nonu tuzingni asra,
O‘g‘il-qizingni asra, asra, o‘zingni asra.

Mustaqillik, ozodlik qorbobodan sovg‘amas,
Ne-ne jasur alplarga g‘animlar qilmadi qasd,
Eh! Bugun ham oz emas, tulki mijoz ayyor kas...
Nafsi olchoq, qallobdan nonu tuzingni asra,
O‘g‘il-qizingni asra, asra, o‘zingni asra.

Buyuk ajdodlaringdan meros erur bu zamin,
Yemog‘ing shartdir bugun shu yurtning tashvish-g‘amin,
Qolsin desang to abad O‘ZBЕK degan hur noming...
Shonu sha’ningni asra, qaynoq noningni asra,
O‘g‘il-qizingni asra, asra, o‘zingni asra.

Asramasang o‘zingni, tuzlig‘ingni-tuzingni,
Qashqirlar ilhaq-zordir o‘ymoq uchun ko‘zingni.
Jahon eshitsin desang, hayqirig‘ing, so‘zingni,
Rizqu ro‘zingni asra, chaqmoq so‘zingni asra,
O‘g‘il-qizingni asra, asra, o‘zingni asra.

Har damingda ajdodlar armoni bor, ahdi bor,
Manguberdi, Temurbek, Sarbadorlar jahdi bor,
Har ikki Uyg‘onishning jahonda o‘z taxti bor...
Uchinchi Renessans deb bosgan izingni asra,
O‘g‘il-qizingni asra, asra, o‘zingni asra.

Tuqqan yerda tug‘ing tik, tuqqan joying chamandir,
Qush butaga sig‘ingay, sajdagohing Vatandir,
Vatandan ayrilganga har qadami kafandir...
Kafangado kaslardan elu yurtingni asra,
O‘g‘il-qizingni asra, asra, o‘zingni asra.

Dengizga ham osonmas, bardosh bermoq to‘fonga,
Hatto quyosh ham goho yo‘l bergaydir to‘zonga,
Bugun yengil emasdir Yangi O‘zbekistonga...
Yangi O‘zbekistonda dashtu bo‘zingni asra,
O‘g‘il-qizingni asra, asra, o‘zingni asra.

Daryo emas bir irmoq, bir daraxt o‘rmon emas,
Ko‘klam emas bir giyoh, bitta don xirmon emas,
Birligi yo‘q ulusning ko‘kragi osmon emas...
Daydi to‘da-uyurdan janda bo‘zingni asra,
O‘g‘il-qizingni asra, asra, o‘zingni asra.

Bog‘ jamoli — bog‘bondan. Bog‘boning bor daryodil,
Daryodilli bog‘bonga daryo bo‘lib qo‘shilgil,
Daryolarga aylanib, ummon kabi jo‘shsin el...
Bog‘li diyoring uchun qoru muzingni asra,
O‘g‘il-qizingni asra, asra, o‘zingni asra.

Fursat poylab turibdi, qaroqchi kishandorlar,
O‘z qavmini kishanlab, to‘n kiygan nishondorlar,
Ko‘m-ko‘k dalangni bevaqt bosmasin desang qorlar...
Bemahal yoqqan do‘lu qishdan kuzingni asra,
O‘g‘il-qizingni asra, asra, o‘zingni asra.

Bir vujudga aylansin ming-milliyon jonu tan,
Ming-milliyon vujudlar bir jonga bo‘lsin payvand,
Quyosh bitta, Oy bitta, Oyu Quyoshdir VATAN...
Quyoshingni, Oyingni qoshu ko‘zingdek asra,
O‘g‘il-qizingdek asra, asra, o‘zingdek asra!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер