Asakada koʻp qavatli uylar issiqlik energiyasi bilan taʼminlandi

13:02 12 Noyabr 2024 Jamiyat
308 0

Saminjon Husanov/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyatida koʻp qavatli uylarni qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Asaka tumanidagi 19 ta MFY hududlarida joylashgan 167 ta koʻp qavatli uylarning yer toʻlasidan tomigacha boʻlgan qismida nazorat va taʼmirlash ishlari olib borildi.

— Uzoq yillar davomida viloyatdagi birorta ham uyda issiqlik manbaidan foydalanishning imkoni boʻlmadi, — deydi “Issiqlik manbai” DUK bosh muhandisi Qobiljon Moʻminov. — Soʻnggi yillarda aholi turmush sharoitini yaxshilashga boʻlgan eʼtibor tufayli keng koʻlamdagi bunyodkorlik ishlari bajarildi. Jumladan, Asaka tumanidagi Amir Temur nomli MFYda markazlashgan isitish qozonxonasi ishga tushirildi. Natijada 28 ta koʻp qavatli uylarda joylashgan 1034 ta xonadonlarni issiqlik energiyasi bilan taʼminlash imkoni yaratildi.

30 mlrd. soʻmlik loyiha asosida barpo etilgan ushbu qozonxona aholi turar-joy maskanlaridan tashqari 9 ta ijtimoiy obyektlarga ham xizmat koʻrsatmoqda. Uning foydalanishga topshirilishi orqali bir yilda tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun sarflanadigan 20 mlrd. soʻm mablagʻni iqtisod qilish mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?