“Arzimagan 900 ming soʻm” — Tez yordam mashinasiga yoʻl bermagan haydovchi jazolandi

Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda 01 774 OLA davlat raqami belgi “LiXiang” rusumli avtomobil haydovchisi harakat davomida bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan tez tibbiy yordam mashinasiga yoʻl bermagani, hatto xizmat mashinasi uni quvib oʻtishga harakat qilgan vaqtida ham bunga imkon bermagani aks etgan videolar tarqaldi. Shundan soʻng mazkur holat keng jamoatchilikning haqli eʼtirozi va muhokamalariga sabab boʻldi.
Internet tarmogʻiga “Noinsof haydovchi” sarlavhasi bilan sizdirilgan video qisqa vaqt ichida bir necha yuz minglab koʻrishlar va qariyb shuncha salbiy izohlar toʻpladi.
Maʼlum boʻlishicha, voqea joriy yilning 29-may kuni Toshkent viloyatining Angren shahri hududida qayd etilgan. Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmatining bugun, 1-iyun kuni mazkur qoidabuzarlikni sodir etgan haydovchiga tegishli jazo chorasi qoʻllanilganini maʼlum qildi.
Unga koʻra, ushbu shaxsga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1285-moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Maʼlumot uchun, hozirda bu qoidabuzarlikning badali 1 mln 875 ming soʻmni tashkil etadi. Agar jarima 15 kun ichida toʻlansa, haydovchidan pulning 50 foizi — 937 ming soʻm undiriladi.
IIV JXDning rasmiy munosabati eʼlon qilingach, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev oʻzining Telegramʻdagi kanalida “Oʻzbekiston jazo tizimidagi yana bir maynavozchilik haqida” sarlavhasi bilan post joyladi. Uning fikriga koʻra, bir yoki bir necha inson hayotiga zomin boʻlishi mumkin boʻlgan bu kabi qoʻpol qoidabuzarlik uchun bunaqa yengil jazo berish sharmandalik.
“Sharmandalikning yana bir tomoni shundaki, ruxsatsiz tonirovka qilgan haydovchiga dastlab 9 mln 375 ming soʻm, agar yana takrorlansa 15 mln soʻm jarima belgilaganmiz. Nima uchunligini bilasizmi? Chunki tonirovkadan tushadigan pulning asosiy qismi Ichki ishlar vazirligiga tushadi.
Maxsus transport vositalariga yoʻl bermaganlarga esa takroriylik uchun ogʻirroq jazo ham yoʻq. Yaʼni har kuni shu ishni qayta-qayta qilaversangiz ham, bir xil 900 ming soʻm jarima toʻlab, qutilib ketaverasiz”, deb yozgan Xudoyberdiyev.
Shuningdek, u bugundan ishga tushgan jarima ballari tizimida ham yuqoridagi kabi holatni sodir etganlik uchun atigi 0,5 (yarim) jarima bali berilishi, ruxsatsiz tonirovka uchun dastlab 0,5, takrorlansa 1 ball berilishini tanqid ostiga olgan.
Bundan tashqari huquqshunos qonunchilik tashabbusiga ega masʼullarga murojaat yoʻllab, jazo tizimini insonparvarlik nuqtayi nazaridan qayta koʻrib chiqish kerakligini taʼkidlagan.
“Bizga birinchi oʻringa inson qadrini, odamlar xavfsizligini ustun qoʻyadigan tizim kerak. Pul ishlash uchun oʻylab topilgan ahmoqona qoidalaru, jazolarni yoʻqotish kerak.
Maxsus xizmat mashinalariga, jumladan, tez tibbiy yordam yoki oʻt oʻchiruvchilarga yoʻl bermagan haydovchilarga Oʻta qattiq jazo qoʻllashimiz kerak. Bu kamida inson(lar) hayotiga suiqasd deb baholanishi va jinoiy javobgarlik keltirib chiqarishi, haydovchilik huquqidan mahrum qilinishi shart. Bu holat yana takrorlansa mashinasini musodara qilishsa ham roziman”, degan Xushnudbek Xudoyberdiyev.
U yuqoridagi kabi qoidabuzarlikni sodir etgan haydovchilar arzimagan 900 ming soʻmni toʻlab qutilib ketishidan norozi ekanini bildirib, jazo yengil boʻlsa, “krutoyvachchalar” hech qachon xatosidan tegishli xulosa chiqarmasligini qoʻshimcha qilgan.
“Gap insonlar hayoti haqida ketayotganda koʻngilchanlik ketmaydi, oʻrtoqlar!” deb yozadi Xushnudbek.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring