“Arsenal” avtogollar evaziga gʻalabani ilib ketdi, “Liverpul” nihoyat gʻalaba qozondi
Kecha, 13-dekabr kuni Angliya Premyer ligasida 17-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Kun doirasidan oʻrin olgan muhim bahslarga alohida toʻxtalib oʻtamiz.
“Liverpul” nihoyat gʻalaba qozondi
Soʻnggi vaqtlarda “Liverpul” jamoasida barqarorlik boʻyicha yetarlicha muammolar yuzaga keldi. Dastlab, Florian Virs va Aleksandr Isak kabi futbolchilarning omadsiz transferlari bunga sabab boʻldi, degan mulohazalar koʻpaydi.
Keyinroq jamoa bosh murabbiyi Arne Slotning jamoani boshqarishda xatolarga yoʻl qoʻyayotgani taʼkidlandi. Jumladan, murabbiy va jamoaning asosiy futbolchilaridan biri Muhammad Saloh oʻrtasida munosabatlar yomonlashdi. Misrlik futbolchi “Liverpul”da muntazam oʻyin amaliyotiga ega boʻlmayotganidan shikoyat qildi. Hatto uni jamoadan ketib, Saudiya Arabistoni klublaridan biriga oʻtishi haqida ham matbuotda turli gap-soʻzlar tarqaldi.
Lekin bu galgi oʻyin oldidan “Liverpul”da hammasi joyiga tushdi. Muhammad Saloh oʻyinni asosiy tarkibda boshlamagan boʻlsa-da, 25-daqiqadayoq maydonga tushdi.
Jamoa umidlarini oqlamayotgan Aleksandr Isak zaxirada qoldirildi va uning asosiy tarkibdagi oʻrnini egallagan Ugo Ekitike oʻyin taqdirini hal qildi.
Uchrashuvda hisob dastlabki daqiqadayoq mezbonlar tomonidan ochildi. Ekitike birinchi urinishining oʻzidayoq “Brayton” darvozasini ishgʻol qildi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimda ham “Liverpul” ustunlikka ega boʻldi. 60-daqiqada ushbu ustunlik gol bilan mustahkamlab qoʻyildi. Ugo Ekitike yana bir bor katta sahnaga chiqdi.
Shu tariqa oʻyin 2:0 hisobida “mersisaydliklar”ning gʻalabasi bilan yakunlandi. Ushbu gʻalaba evaziga “Liverpul” turnir jadvalida 6-oʻringa koʻtarilib oldi.
“Liverpul” – “Brayton” 2:0
Gollar: Ekitike 1, 60
“Liverpul”: Alisson, Gomes (Saloh, 26), van Deyk, Konate, Kerkez, Virs (Robertson, 78), Soboslai (Keza, 83), Makallister, Jons, Gravenberx, Ekitike (Isak, 78).
“Brayton”: Verbruggen, Dank, van Heke, Kadioglu, Viyeffer, Gruda (Mitoma, 64), Minte, Hinshelvud (Uelbek, 82), Baleba (Ayari, 64), Gomes, Ryutter (Kostoulas, 82).
Ogohlantirishlar: Konate 64 — Gomes 45+3, Dank 59.
“Chelsi” yana gʻalaba qozondi
“Chelsi” klubi uchun soʻnggi 4 ta oʻyin juda omadsiz oʻtdi. Klub APL doirasida “Arsenal”ni oʻz maydonida yenga olmadi. “Bornmut” bilan safarda durang oʻynadi. Yetmaganiga “Lids Yunayted” jamoasiga 3:1 hisobida magʻlubiyatga uchradi. U ham yetmaganidek, Yevropa chempionlar ligasi 6-turi doirasida “Atalanta” klubi maydonidan magʻlubiyat bilan qaytdi.
Bu turga kelib esa jamoa oʻz maydonida “Everton”ni qabul qildi. Uchrashuvning birinchi boʻlimidayoq oʻyin taqdiri hal boʻldi.
Bahsda hisob 21-daqiqada “aristokratlar”ning jarohatdan qaytgan yetakchisi Koul Palmer tomonidan ochildi. Birinchi boʻlimning soʻnggi daqiqasida jamoa himoyachisi Malo Gusto ham oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻydi. Birinchi boʻlim 2:0 hisobida Mareska boshqaruvidagi klubning gʻalabasi bilan yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimda ham London klubi katta ustunlikka ega boʻldi. Raqib darvozasi tomon umumiy hisobda 8 ta zarba yoʻlladi. Ammo oʻyinda hisob boshqa oʻzgarmadi.
“Chelsi” – “Everton” 2:0
Gollar: Palmer 21, Gusto 45+1
“Chelsi”: Sanches, Kukurelya, Chaloba, Gusto, Fofana, Netu, Enso, Palmer (Andrey Santos, 58), Jeyms, Garnacho (Gittens, 65), Joao Pedro (Estevao, 81).
“Everton”: Pikford, Kin, Tarkovski, OʼBrayen, Ndiaye, Mikolenko, Grilish (Dibling, 84), Holl (Alkaras, 16), Guye, Garner, Barri (Betu, 68).
Avtogollar “Arsenal”ga gʻalaba olib keldi
Londonning “Arsenal” klubi mavsumni juda barqaror oʻtkazmoqda. Jamoa APLda peshqadam boʻlib turish bilan bir qatorda, Yevropa chempionlar ligasida ham gʻalabali seriya qayd etmoqda.
Bu gal klub oʻz maydonida “Vulverxempton” jamoasini qabul qildi. Ushbu uchrashuvda jamoaning asosiy hujumchilaridan biri Gabriel Jezus uzoq muddatli jarohatdan soʻng yana maydonga qaytdi. Ammo na u, na “Arsenal”ning boshqa hujumchilari oʻyin davomida gol ura olishdi.
Uchrashuvning birinchi boʻlimi teng kurashlar ostida oʻtdi. Har ikki jamoa ham gol urish uchun yaxshi imkoniyatlarga ega boʻldi, biroq dastlabki boʻlimda hisob ochilmadi.
Ikkinchi boʻlimning 70-daqiqasida “Arsenal” hisobda oldinga chiqib oldi. Ushbu vaziyatda “Vulverxempton” darvozaboni Sem Jonston toʻpni oʻz darvozasiga kiritib qoʻydi.
Oʻyinning soʻnggi daqiqasida “boʻrilar” hisobni tenglashtirishga erishdi. Golga jamoa hujumchisi Arokodare mualliflik qildi. Ammo bu hali yakun emas edi.
Hakam tomonidan ikkinchi boʻlimga qoʻshib berilgan toʻrtinchi daqiqada “Vulverxempton” himoyachisi Moskera ham oʻz darvozasiga toʻp kiritdi. Shu tariqa uchrashuv maydon egalarining 2:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.
“Arsenal” – “Vulverxempton” 2:1
Gollar: Jonston 70 (avtogol), Moskera 90+4 — Arokodare 90
“Arsenal”: Rayya, Uayt (Lyuis-Skelli, 31), Saliba, Inkapiye, Timber, Rays, Subimendi (Merino, 58), Eze (Edegor, 57), Saka, Martinelli (Trossar, 57), Gyokeresh (Gabriel Jezus, 81).
“Vulverxempton”: Jonston, Doxerti (Chatchua, 69), Moskera, Agbadu, Toti (Mane, 86), Volf, Kreychiy (Lopes, 80), Andre, Gomes, Hvang (Ariyas, 80), Larsen (Arokodare, 69).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring