Aravani tortsa yuradi
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. “Bundan toʻrt yil oldin turmush oʻrtogʻim ham, oʻzim ham ishsiz, oilamizning moddiy ahvoli juda tang edi. Chorasizlikdan koʻmak soʻrab tuman hokimligiga borganman...”
Bu dehqonobodlik yosh tadbirkor, ayni paytda oʻttizdan oshiq xotin-qizni ish bilan taʼminlagan Maʼrifat Ibragimovaning soʻzlari. Ayolning aytishicha, oʻshanda tuman hokimligi tomonidan unga hech qanday moddiy koʻmak koʻrsatilmadi, lekin oʻzi harakat qilib biror tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻysa, hokimiyat qoʻllab-quvvatlashini bildirishdi.

— Uyga qaytib qanday faoliyat bilan shugʻullanishim mumkinligi haqida oʻylay boshladim, — deydi u. — Oʻsha paytda koʻpchilik oilaviy bogʻchalar ochayotganidan xabarim bor, biz yashayotgan mahallada bogʻcha yoʻq edi. Xullas, keyingi safar tuman hokimligiga xuddi shu taklif bilan bordim. Ular shart-sharoitimni, imkoniyatlarimni oʻrgangach, chindan qoʻllab-quvvatlashdi. Imtiyozli kredit olib, uyimda 25 oʻrinli oilaviy bogʻchani ishga tushirdim.
Oradan bir yil oʻtib taqdir Maʼrifat Ibragimovani yana bir ogʻir sinovga roʻbaroʻ qildi. Unda bosh miya oʻsimtasi aniqlandi. Uzoq davom etgan tibbiy tekshiruvlar va muolajalardan soʻng yaqinlarining ruhiy va moddiy qoʻllab-quvvatlovi ostida jarrohlik stoliga yotishga majbur boʻldi. Ammo bu qiyinchiliklar ham qahramonimizning irodasini buka olmadi. Shifoxonadan qaytgach yoshlikda oʻrgangan hunarini ishga solib, qoʻni-qoʻshniga koʻrpa-koʻrpacha qavib bera boshladi. Soʻng shu ishni keng doirada tashkil qilishda amaliy koʻmak soʻrab, yana tuman hokimligiga murojaat etdi. Masʼullarning maslahati bilan bankdan ellik million soʻm imtiyozli kredit olib, zarur tikuv mashinalarini xarid qildi. “Fayziniso-Amirxon” oilaviy korxonasini tashkil etib, 2023-yilda tadbirkorlik faoliyatini boshladi.

— Boshida ijtimoiy himoyaga muhtoj bir ayolni ishga oldim, — deydi Maʼrifat Ibragimova. — Ikkalamiz uyimning bir xonasida, ming bir hadik va umid bilan ish boshladik. Ishimizni koʻrsatishga, koʻproq buyurtmalar topishga harakat qilardik. Shukrki, asta-sekin buni uddaladik. Buyurtmalar soni osha boshladi, moliyaviy holatimiz yaxshilandi. Shundan soʻng ikkinchi, uchinchi ishchilarni chorladik. Uy torlik qilib qolgani sabab oʻtgan yili tuman markazida moʻjazgina boʻlsada, oʻz tikuvchilik seximizni qurib ishga tushirdik. Nafaqat koʻrpa-koʻrpacha, balki oʻndan oshiq turdagi tikuvchilik buyumlarini tayyorlashni oʻzlashtirdik. Ayni paytda turmush oʻrtogʻim ham, oʻzim ham shu faoliyat bilan mashgʻulmiz. Turmush oʻrtogʻim tashkiliy ishlar bilan band, buyurtmalarni oʻz vaqtida va sifatli tayyorlash mening zimmamda.
Bugungi kunda korxonada 30 nafardan ortiq kishi ish bilan band qilingan. Ularning deyarli barchasi avval bekor oʻtirgan, 12 nafarini nogironligi boʻlgan xotin-qizlar tashkil etadi. Joy torligi va tikuv mashinalari yetishmasligi bois tadbirkor ayol chevarlarning aksariyati kasanachilik asosida ishga yollagan. Bu ham har ikki tomon uchun oʻziga xos qulaylik yaratmoqda. Mijozdan buyurtma olgan tadbirkor ishni kasanachilarga taqsimlaydi, zarur materiallarni yetkazib beradi. Kasanachi belgilangan vaqtda ishni tugatib, tayyor boʻlgan buyumni keltirib topshiradi. Oy oxirida har bir kasanachi bajargan ish hajmi va sifatidan kelib chiqib, 2 million soʻmdan 6 milliongacha daromad topmoqda.

Xalqimizda “Izlagan imkon topar” degan naql bor. Bundan atigi toʻrt yil avval ishsiz va daromadsiz boʻlgan Maʼrifat Ibragimova ham oʻzining izlanishi, tashabbuskorligi, mehnati ortidan bugun rivojlanib borayotgan bir korxonaga rahbarlik qilmoqda. Yaxshi daromad topyapti. Aravani tortsa yurishini anglagan bu ayol endi yanada yangi-yangi choʻqqilarni maqsad qilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring