AQSH Venesuela prezidenti Maduroni hibsga olish uchun uchuvchisini yollamoqchi boʻldi
Associated Press (AP) xabariga koʻra, AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi xodimi Edvin Lopes Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning bosh uchuvchisi — general Bitner Villegasni yollab, uni prezidentni hibsga olish mumkin boʻlgan joyga olib borishga undamoqchi boʻlgan.
Reja 2024-yil aprel oyida ishlab chiqilgan. Oʻsha paytda Lopes Dominikana Respublikasidagi AQSH elchixonasida attashe lavozimida ishlagan. Unga Maduroga tegishli deb taxmin qilingan Dassault Falcon 2000EX va Dassault Falcon 900EX samolyotlari Santo-Domingo aeroportida taʼmirda turgani haqida maʼlumot berilgan. Samolyotlarni besh uchuvchi, jumladan, bosh uchuvchi general Villegas ham kuzatib borgan.
AQSH agentlari uchuvchilarni soʻroq qilib, ularning Maduro bilan aloqalaridan bexabarligini bilishgan. Eng soʻnggida ular Villegas bilan suhbatlashishgan. Suhbat yakunida Lopes uchuvchiga katta mukofot evaziga Maduroni hibsga olish mumkin boʻlgan joyga yetkazib berishni taklif qilgan. Villegas bu taklifga aniq javob bermagan, ammo oʻz telefon raqamini qoldirgan. Agentlar buni ijobiy ishora deb baholagan. Uchuvchilarga Venesuelaga qaytishga ruxsat berilgan, samolyotlar esa musodara qilingan.
Keyingi 16 oy davomida Lopes Villegas bilan yozishib, uni Maduroni “topshirishga” koʻndirishga harakat qilgan, hatto 2025-yil iyulda nafaqaga chiqqanidan keyin ham yozishuvni davom ettirgan.
Avgust oyida u uchuvchiga Maduroni qoʻlga olishga yordam berganlar uchun AQSH mukofotni 50 million dollarga oshirganini aytgan. Shu paytdan soʻng Villegas yozishuvlarga javob berishni toʻxtatgan.
Reja barbod boʻlganini tushungan agentlar va ularning sheriklari Venesuela prezidentini ruhiy bosim ostiga olishga urinishgan. 2025-yil sentyabr oʻrtalarida Donald Trampning birinchi maʼmuriyati sobiq aʼzosi Marshal Billingsli (Venesuela muxolifati bilan aloqasi boʻlgan shaxs) ijtimoiy tarmoqlarda Villegasni tugʻilgan kuni bilan tabriklab, Dominikanada Lopes bilan uchrashuv chogʻida olingan suratni joylashtirgan (unda Lopesning qismi kesib tashlangan).
AP maʼlumotiga koʻra, bu post Maduroning samolyoti Karakasdan havoga koʻtarilishidan bir daqiqa oldin eʼlon qilingan. 20 daqiqadan soʻng samolyot aeroportga qaytgan. Billingslining posti Venesuela ijtimoiy tarmoqlarida katta shov-shuvga sabab boʻlgan: muxolifat vakillari uchuvchini “soʻroq uchun qaytarishganini” taxmin qilgan, boshqalar esa uning qamoqqa olinishi mumkinligini aytishgan.
Bir necha kun davomida Villegasdan hech qanday xabar boʻlmagan, biroq 24-sentyabr kuni u telekoʻrsatuvda paydo boʻlib, unda Venesuela uchuvchilarining sadoqati va halolligi haqida soʻz yuritilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring