Anomal ob-havo va kreativ munosabat

12:36 19 Dekabr 2025 Jamiyat
218 0

Soʻnggi yillarda oʻlkamizga xos boʻlmagan anomal ob-havo sharoitida issiqlik, tabiiy gaz, elektr energiyasi va suv taqchilligi tez-tez kuzatilmoqda. Tabiiyki, har safar ularning sabablari oʻrganilib, birlamchi xulosalari qilinadi. Aybdorlarga nisbatan koʻrilgan choralar, belgilangan tadbirlar anomal sovuq yoki issiq tufayli tortgan tashvishimiz alami hovurini biroz bosib, endi takrorlanmas, degan umid uygʻotsa ajab emas.

Nafsilambrini aytganda, tabiat injiqliklari tufayli yuzaga kelgan har qanday taqchilliklar taʼminotchi subyektlar hamda isteʼmolchilar baqamti birdamligi natijasida bartaraf etilib, yuzaga keladigan favqulodda avariyalarning oldi olinayapti ham. Biroq odamlarda hamon energiya taʼminotiga nisbatan mustahkam ishonch yoʻq.

Keling, aniq misollarga oʻtaylik. Pensioner Abdurahmon Qilichev Navoiy shahridagi Umid qoʻrgʻonida istiqomat qiladi. Qoʻrgʻon shaharning nufuzli hududlaridan hisoblanib, Abdurahmon aka ham hovli imoratini koʻp yillik kuzatuvi, iqlim sharoiti va oʻz didiga mos qilib 2012-yil tiklagan. Roʻzgʻorda oshxonadagina olovdan, aniqrogʻi gazdan foydalanadi. Isitish “yoz-qish” tizimidagi shkafday keladigan konditsionerlar bilan taʼminlanadi. Oʻzining aytishicha, havo harorati keskin pasayib, barcha konditsionerlar qoʻshilgan kunlarda elektr kabellari kuchlanishga dosh berolmay, baquvvatrogʻiga almashtiribdi.

— Baribir foydasi boʻlmadi, — deydi A. Qilichev. – “Svet” oʻchavergach, isitib boʻlmay qoldi. Shundan keyin bir-ikkitasini qoʻshib qoʻyib,(uydagi suv tizimi muzlab qolmasligi uchun) koʻp qavatli uydagi xonadonimizga koʻchib oʻtdik.

Katta-kichik shaharlardan bunday misollarni oʻnlab keltirish mumkin. Buning yoniga bozorlar, avtobekatlardagi yengil konstruksiyali doʻkonlar, toʻlasincha konditsionerlar yordamida isitiladigan toʻyxonalar, avtoservis va boshqa xizmat koʻrsatish nuqtalarini qoʻshsak, anchagina salmoqli raqamlar koʻrinish oladi.

— Agar besh yil oldin viloyatimiz isteʼmolchilariga jami 7185 mln.kVt/soat elektr energiya yetkazib bergan boʻlsak, bugungi kunda bu koʻrsatkich 8010 mln kVt/soatni tashkil etadi. — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Navoiy filiali matbuot kotibi Baqitbek Qizilboyev. – Boshqacharoq aytsak, elektr energiyasi isteʼmoli qariyb 11 foizga oshdi. Tabiiyki, bu shu davr ichida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining ham oshganligini ifoda etadi. Elektr energiyasiga talab oy sayin emas, kun sayin ortib bormoqda.

Taʼkidlash joiz, elektr energiyasi taʼminoti tizimida talab va taklif muvozanati muhim ahamiyatga ega. Ehtiyojning keskin ortishi hox jazirama yoz issigʻi, xoh qish sovugʻi boʻlsin hatto, rivojlangan mamlakatlarda ham taʼminotda qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Bunday sharoitda taʼminotchi korxonalar koʻpincha elektr energiyasi taqchilligidan emas, balki bosimni koʻtarolmay katta avariyalar, butun boshli hududlar isteʼmolchilarining elektr energiyasi taʼminotidan uzilib qolishining oldini olish maqsadida cheklovlar joriy etishga majbur boʻlishadi. Buni yuqorida Abdurahmon akaning birgina xonadoni misolida keltirib oʻtdik. Biroq shu oʻrinda taʼkidlash joiz, aholi oʻrtasida isteʼmol madaniyati yuksalmas, muqobil, xususan yashil energetikadan keng foydalanish ishtiyoqi paydo boʻlmas ekan, elektr energiyasi taʼminotidagi “zoʻriqish”ni butunlay bartaraf etish mushkul. Shu sabab joriy mavsumga tayyorgarlik koʻrish jarayonlarida viloyatning tuman va shahar hududlarida elektr taʼminotini yaxshilash uchun 1 485,2 km 0,4-6/10-110kVli havo elektr uzatish tarmoqlari, 6 dona 110-35 kVli podstansiya hamda 371 dona transformator punktlari tubdan taʼmirlanib, “Oʻzenergoinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasiga hisobotlari topshirildi.

Shuningdek taftish va oʻrganish natijalariga asosan 3 229.7 km 0,4-110 kVli havo elektr uzatish tarmoqlari, 74 dona 110-35 kVli podstansiya hamda 847 dona transformator punktlarida joriy taʼmirlash hamda 435,5 km elektr uzatish tarmogʻida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, 110 ta transformator punkti qurildi. Bunga viloyatning Navbahor, Xatirchi, Tomdi va Nurota tumanlaridagi olis qishloqlaridan oʻnlab misollar keltirish mumkin.

Ayni qor yogʻib, sovuq tushgan kunlari xizmat yuzasidan Nurota tumanining Temirqovuq qishlogʻidagi Akram Uzoqov xonadonida boʻldik. Aniq yodimizda yoʻq, kamida uch xona, oshxona va yoʻlaklardan iborat uy toʻlasincha bitta qozonxonadan isitilar ekan. Obi-ravi aniq olingan emasmi, xonalar issiq. Tabiiy gaz va temir yoʻl tarmogʻidan qariyb 160 kilometr olislikdagi ushbu goʻshada yoqilgʻi masalasi bilan qiziqdik.

- Asosan chalma yoqamiz, — deydi Akram Uzoqov. – Bu qishki yotoqda qoʻy nurisining tuyoqlari ostida zichlanishi natijasida hosil boʻladi. Yozda qurib, koʻmirday toshga aylanadi. Koʻchirib, sindirib olamiz. Ikki boʻlagini ertalab soat yettilarda tashlab qoʻysak, soat ikkilargacha yonadi. Keyin yana bir marta va nihoyat uyqu oldidan kechki soat 10-11lar atrofida tagʻin tashlaymiz. Toʻgʻri, gazdek baland olov bermaydi, shuning uchun havo keskin sovib ketganida oʻzimizning qoʻl bola briketni ishlatamiz.

Akram koʻmir kukuni va avtomashinalarning almashtirilgan moyi, aholi taʼbiri bilan aytganda “otrabotka” bilan aralashtirilib, plastmasa idish(baklashka)larga joylangan qorishmani koʻrsatdi. Shu usul bilan qariyb oʻn yildirki qishni betashvish oʻtkazar emish.

Albatta, gap bu yerda A. Uzoqovning omilkorligi haqida emas, aksincha qishga vaqtida tayyorgarligi xususida. Anomal sovuq tushib, aʼzoyi badaning titraganda baʼzi ijtimoiy tarmoqlardan gazimiz qani, yigirma birinchi asrda yashab molning axlatini yoqamizmi, degan malomatlarni oʻqib yotishdan ne naf, deydi u.

Chindanam, Yevropaning eng rivojlangan mamlakatlarida ham biotexnologiyalar asosida chiqindilardan yoqilgʻi gaz olinib, hididan nozik taʼb Gʻarb burun jiyirmay qoʻyganiga koʻp yillar boʻlgan. Qolaversa, har qanday tabiiy gaz chiqindilarning uzoq yillik biologik chirish jarayonlarining mahsuli.

— Havoning keskin sovishi natijasida gaz quvurlarining sovuqdan tortilishi oqibatida payvand choklaridan uzilishlar, yorilishlar, GTQlarda muzlash holatlari sodir boʻlishi uchrab turadi, — deydi “Hududgaz Navoiy” filialining favqulodda holatlarning oldini olish va ishlab chiqarish boʻlimi boshligʻi Bahriddin Xudoyorov. – Bunday sharoitda bosimni koʻtarishning oʻzi ham ancha xavfli tavakkal ish. Shu bois barcha nosozliklar filialimiz va uning boʻlimlari huzurida tuzilgan avariya xizmatlari tomonidan vaqtida bartaraf etiladi. Har yili kelgusi mavsumga tayyorgarlik koʻrish va gaz tarmoqlarini taftishdan oʻtkazishda ushbu omillarni inobatga olamiz. Olis hududlar aholisini suyultirilgan gaz bilan taʼminlashda esa muammolar yuzaga kelgan emas. Eng muhimi, mazkur hududlarda suyultirilgan gaz zaxiralari yaratildi.

Sovuq ob-havo sharoiti isteʼmolchilarga uzluksiz ichimlik va oqava suv taʼminoti xizmatlarini koʻrsatishda ham bir qator muammolarni yuzaga chiqaradi.

— Oʻtgan yilgi mavsumda 200 dan ortiq holatda ichimlik va oqava suv taʼminoti tizimlarida nosozliklar boʻyicha murojaatlar qabul qilingan edi, — deydi “Navoiy suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyatining matbuot kotibi Lobar Doʻstova. – Shularning qariyb yarmi isteʼmolchilarning hovli joyiga tortilgan quvurlarning yuzaki koʻmilganligi natijasida vujudga kelgan. Joriy mavsumga tayyorgarlik jarayonlarida 10 kmga yaqin quvurlar hamda 5 mingga yaqin uskuna va jihozlar sovuqdan himoyalovchi maxsus vositalar bilan oʻrab chiqildi. Kelgusida yuz berishi mumkin noqulay ob-havo sharoiti ichimlik va oqava suv taʼminoti tizimlariga muammoli vaziyatlarni keltirib chiqarishini oldini olish maqsadida zarur zaxiralar yaratildi.

Hademay qishning ham shashti qaytib, yozniki kabi uning tashvishlari ham unutiladi. Keyin esa navbatdagi mavsumga hozirlik boshlanadi. Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, har bir mavsumga tayyorgarlik yolgʻiz taʼminotchi idoralarninggina emas, balki har bir isteʼmolchining ham tashvishiga aylanishi lozim. Kelgusi ob-havoning anomal kelishi ehtimoldan xoli emas ekan, unga tayyorgarlik ham odatdagidan boʻlakcha, kreativ boʻlmogʻi joiz.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?