Andijondagi suv havzalari atrofida barqaror xoʻjalik yuritish taʼminlanmoqda

12:10 08 Yanvar 2026 Jamiyat
162 0

Andijon viloyatida tabiiy suv manbalarini asrash hamda ularga tutash yer maydonlaridan oqilona foydalanishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga chiqdi. “Norin – Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufidagi 1 ta daryo va 5 ta tabiiy soy atrofidagi hududlar toʻliq xatlovdan oʻtkazildi. Natijada 247,4 kilometr sohil boʻylab himoya zonalari aniq belgilandi.

— Mazkur hududlar endilikda qonunchilik talablariga muvofiq suv xoʻjaligi tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida rasmiylashtirildi, — deydi “Norin – Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi Iqboljon Tohirov. — Bu jarayonda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda ijara shartnomalari qayta koʻrib chiqilib, 995 ta shartnoma belgilangan tartibda yangilandi. Bu esa suv fondi yerlaridan foydalanishda tartib va masʼuliyatni yanada mustahkamlaydi.

Ayni paytda mazkur hududlarda yordamchi xoʻjaliklar faoliyat yuritmoqda. Jumladan, ularda 200 boshdan ortiq qoramol, 4,5 ming bosh qoʻy-echki va 15 mingga yaqin parranda boqilmoqda. Shuningdek, asalarichilik, baliqchilik va ekin ekish ishlari ham yoʻlga qoʻyilib, suv havzalari atrofida barqaror ishlab chiqarish muhiti shakllanmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?