Andijonda “mahallabay” gaz xizmati aholi ishonchini mustahkamlamoqda
Andijon tumanida gaz taʼminoti tizimida joriy etilgan “mahallabay” ishlash tartibi bugun aholi uchun qulaylik, tezkorlik va ishonchni taʼminlamoqda. Eng muhimi, endilikda isteʼmolchi gaz bilan bogʻliq muammo yuzaga kelganda idorama-idora sarson boʻlib yurmaydi, oʻz mahallasida xizmat koʻrsatayotgan mahalla gazchisiga bevosita murojaat qiladi. Bu esa gaz xizmati bilan aholi oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri, jonli muloqotni yoʻlga qoʻygan samarali tizim sifatida oʻzini oqlamoqda.
Andijon tumanidagi “Noʻxatak” va “Obi hayot” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi 1 670 nafar isteʼmolchi mazkur tizim imkoniyatlaridan samarali foydalanmoqda. Mahalla gazchisi har kuni hududdagi xonadonlar bilan ish olib borib, tabiiy gaz hisobi, hisoblagichlar holati, texnik muammolar hamda isteʼmolchilar murojaatlarini oʻrganmoqda. Ayni paytda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha kuniga oʻrtacha 20 ta vazifa bajarilmoqda. Bu esa mahallada gaz taʼminoti barqarorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Mahalla gazchisi faoliyati faqat hisob-kitob yoki texnik xizmat bilan cheklanib qolmayapti. U har bir xonadonda tabiiy gazdan xavfsiz foydalanish, is gazidan saqlanish, gaz jihozlarini toʻgʻri ishlatish boʻyicha tushuntirish ishlarini ham olib bormoqda. Ayniqsa, qish mavsumida gaz plitalar, qozonxonalar, kamin va pechlarning soz holatda boʻlishi, dudboʻron hamda shamollatish tizimlarining ishlayotgani hayotiy ahamiyat kasb etadi. Shu bois bu masalalar doimiy ravishda aholi eʼtiboriga havola etilmoqda.
— Mahalladagi har bir oilaga tabiiy gazdan toʻgʻri foydalanish, xavfsizlik qoidalariga rioya etish, energiya tejamkor zamonaviy gaz yondirgichlaridan foydalanish boʻyicha tushuntirishlar beryapmiz, — deydi mahalla gazchisi Xurshidbek Ibragimov. — Shu bilan birga, isteʼmolchilarning gaz bilan bogʻliq murojaatlarini joyida oʻrganib, kamchilik aniqlansa, uni zudlik bilan bartaraf etishga harakat qilamiz.
Bunday ish uslubi mahallada nafaqat gaz taʼminoti sifatini oshirmoqda, balki aholining masʼuliyatini ham kuchaytirmoqda. Qoʻlbola isitish vositalari, sifatsiz rezina shlanglar yoki nosoz jihozlardan foydalanish qanday ogʻir oqibatlarga olib kelishi haqida berilayotgan tushuntirishlar koʻplab baxtsiz hodisalarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, “mahallabay” tizimi asosida ish olib borayotgan mahalla gazchilari bugun oddiy nazoratchi emas, balki aholi xavfsizligi, qulayligi va barqaror gaz taʼminoti uchun masʼul boʻlgan ishonchli hamkorga aylanmoqda. Bu esa gaz sohasida xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqayotgan muhim islohot sifatida aholining kundalik hayotida oʻz ifodasini topmoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring