Andijon delegatsiyasi AQSHda yirik loyihalarga sarmoya jalb etmoqda

12:17 08 Sentyabr 2025 Jamiyat
83 0

Ayni paytda Andijon viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya AQSHda boʻlib, iqtisodiy va savdo masalalari boʻyicha muhim uchrashuvlar oʻtkazmoqda. Nyu-York shahrida muzokaralar doirasida yirik moliyaviy xizmat koʻrsatuvchi kompaniya — “Oppenheimer” boshqaruv direktori Jon Tonelli bilan uchrashuv amalga oshirildi.

— Muzokara chogʻida qiymati 180 million dollarlik toʻqimachilik sanoat zonasi, 20 million dollarlik Xonobod shahridagi “Sunʼiy dam olish koʻli” hamda 1 milliard dollarlik “Yangi Andijon” shaharsozlik loyihasi taqdim etildi, — deydi viloyat hokimligi masʼul xodimi Rustamjon Eshonov. — Uchrashuv yakunida “Oppenheimer” mazkur yirik loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, delegatsiya WRAP xalqaro sertifikatlash tashkiloti hamda Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi vakillari bilan ham muzokara oʻtkazdi. Unda Andijon toʻqimachilik mahsulotlarini Amerika bozoriga olib chiqish, distribyutorlar tarmogʻini yoʻlga qoʻyish va mahsulot sifatini jahon standartlariga yetkazish masalalari muhokama qilindi.

Aytish joizki, ushbu tashrif viloyat iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochmoqda. Bir tomondan, yirik investitsiya loyihalari orqali ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, ikkinchi tomondan, toʻqimachilik mahsulotlarini AQSH va jahon bozoriga olib chiqish yoʻlida amaliy qadamlar qoʻyilmoqda. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozor, aholi uchun esa koʻplab ish oʻrinlari yaratilishini anglatadi.

Mutaxassislarning fikricha, muzokaralar natijasida Andijon viloyati uchun sarmoyalar oqimi kengayishi, oʻzbek mahsulotlari esa global brend sifatida mustahkamlanishi kutilmoqda.

Delegatsiya aʼzolarining safari davom etmoqda.

Saminjon HUSANOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер