Alisher Navoiy Karmanada boʻlganmi?
Karmana yurtimizning Buyuk Ipak yoʻlidagi qadim manzillaridan. Dastlab sakkizinchi asrga taalluqli tarixiy manbalardagina tilga olingan boʻlsa-da, soʻnggi tadqiqotlar shahar miloddan oldingi birinchi ming yillikda paydo boʻlganligini tasdiqladi.
Ne-ne bosqinu istilolar, obodlik va roʻshnoliklarni boshidan kechirgan shahar oʻtmishini uning gʻarbidagi Sardoba hamda tutash Raboti Malik karvonsaroylaridan ayricha tasavvur etish mushkul. Mazkur obidalar oʻn birinchi asrga tegishli boʻlib, qurilish materiallaridagi bir xillilik ular deyarli bir davrda bunyod etilganligidan dalolat beradi.
— Sardoba va Raboti Malik karvonsaroylari oʻtmishda hukmdorlar shahar tashqarisida bunyod etgan inshootlardan biri boʻlib, bu nihoyatda kamdan-kam uchraydigan holdir, — deydi oʻlkashunos olim Ramazon Egamov. — Har ikkala qurilishda ham oʻz zamonasi meʼmorchiligi va suv tozalashning soʻnggi yutuqlari jamlangan. Xususan Sardobadagi suv ikki qator saksovulning pista koʻmiri, bir necha bor tuya juni toʻshamalari va gil orqali sizib oʻtib, tozalanib toʻplanishi, keyinchalik shamol yoʻnalishlarining aniq hisob-kitoblari asosida qurilgan tuynuklar orqali salqinlashtirilishi oʻsha davrda ajdodlarimiz yaratgan kimyo, fizika, geometriya va tuproqshunoslik fanlari yutuqlarining samarasidir.
Albatta, mazkur yutuqlar “Samarqandi firdavsmonand”ga safar chogʻida hazrat Navoiy oʻz dostonlarida tarannum etgan Qoran toshtaroshligi, Boniy meʼmorchiligiyu, Moniy naqqoshligini tasvirlashga Karmanadagi Sardoba va Raboti Malik kabi muazzam inshootlar ilhom bermaganmikin, degan fikr tugʻiladi.
Hazrat Navoiyning Hirotdan Samarqandga safar yoʻli va shoirning Karmanada boʻlgan yoki boʻlmaganligi haqida biror-bir manba yoxud biror bir aniq maʼlumot yoʻq, — deydi navoiyshunos olim Tohir Xoʻjayev. — Biroq ilmiy tadqiqotlarda bunday sharoitda nazariy jihatlarga ustuvorlik beriladi. Tranzit yoʻllar boʻylab shakllangan karvonsaroylar odatda “rabot” deb nomlangan hamda u yerda nafaqat savdogarlar va ularning ulovlari, balki ziyoratchilar, sayohatchilar davlat arboblari va elchilari ham toʻxtab oʻtishgan. Oʻsha davrda Karmana Buyuk ipak yoʻlining muhim chorrahasi boʻlganligi, Sardoba va Raboti Malik kabi yuksak infratizimga egaligini inobatga olib, ushbu taxminni ilgari surish mumkin.
Xullas, safar qaysi yoʻl orqali boʻlmasin, Ikkinchi uygʻonish davrining choʻqqisida boʻlgan Movarounnahr turli meʼmoriy inshootlar – masjid va madrasalar, xonaqoh va karvonsaroylar, bogʻ va maftunkor imoratlar hamda bir qator ziynatli va dilkusho manzillar ulugʻ bobokalonimiz dilida estetik his-tuygʻularni yanada yuksaltirib, ijodiy ilhom berganligi aniq. Ehtimol, yoʻl-yoʻlakay Malikchoʻl va Qizilqum choʻlliklaridan oʻtarkan, shoir mazkur biyobonlarda ham goʻzal kentlar qad rostlashini orzu qilib, uni keyinchalik oʻz dostonlarida tarannum etgan boʻlsa ne ajab!
XX asrda ushbu zaminda hazrat nomi bilan ataluvchi shaharning yaratilib, sharofatli yillarda chinakam chiroy ochayotganligi esa bugunning haqiqati. Shoir siymosi, falsafasiga yuksak ehtirom mazkur goʻshadagi kadamjolar va meʼmoriy obidalar obodligi va uning muazzam haykali tiklanishi bilan toʻkislik kasb etdi. Ne-ne ulugʻ siymolar nigohi tushgan osori atiqalar asl holiga keltirildi.
Shu oʻrinda ushbu zaminda tarixning takrorlanib, yana bir evrilishga diqqatingizni tortsak. Bugun ushbu manzilda mintaqalararo ahamiyatga molik aeroport tiklanib, xalqaro logistika markaziga asos solingan. Magʻribu Mashriqni bogʻlovchi havo yoʻllaridagi karvonlar endilikda ushbu manzilda bir muddat toʻxtab, nafas rostlaydi. Darvoqe, sharqshunos olim I.I.Umnyakovning taʼkidlashicha, Raboti Malik karvonsaroyining peshtoqiga kufiy yozuvda “Jahon sultoni ushbu goʻzal va shinam binoni xalqning toʻxtab dam olishi uchun barpo etgan. Bu karvonsaroy Xudoning marhamati boʻlib, ulugʻvorligini oʻzida saqlab qolgan. Bu goʻzal binoning maydoni va ayvoni jannatmakon joyga aylangan...” degan soʻzlar bitilganini oʻqishga muvaffaq boʻlgan.
Yaqinda mamlakatimiz rahbari Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish hamda aviatsiya korxonalarini transformatsiya qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishib, uning salohiyatini oshirish borasida bir qator vazifa va chora-tadbirlarni belgiladi. Albatta, ushbu qoʻnimgoh yaqin kelajakda mintaqaning muhim manzillaridan biriga aylanib, kelajak avlod uning oʻtmishidan buyuk siymolarning izlarini izlash imkon yaratadi.
Temur ESHBOYEV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- ICCI 2026: Yangi Oʻzbekistonning qurilish salohiyati – gʻoyalardan keng koʻlamli yechimlargacha
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring