Axborotlar ochiqligini taʼminlashda kamchiliklar saqlanib qolmoqda

19:17 15 Noyabr 2021 Jamiyat
977 0

Joriy yil 15-noyabr kuni Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi tomonidan xalq deputalari Surxondaryo viloyati Kengashi bilan hamkorlikda sayyor yigʻilish oʻtkazildi.

Unda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari, hududiy boshqarma boshliqlari, senatorlar, deputatlar ishtirok etdi.

Majlisda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonining Surxondaryo viloyatidagi ijrosi muhokama etildi. 

Surxondaryo viloyati hududidagi mahalliy davlat hokimiyati va hududiy boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi boʻyicha oʻrganish natijalari yuzasidan maʼlumot berildi.

Xususan, qoʻmita tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh mutaxassislari oʻtkazgan oʻrganishlarda mahalliy davlat hokimiyati va hududiy boshqarmalar tomonidan axborot siyosati va ochiqlikni taʼminlash yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar toʻliq tahlil etildi.

Tahlillar natijasida ushbu sohada amalga oshirilgan ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilmaganligi, mutaxassislarning yetarli bilimga ega emasligi, amaliyot davomida ijtimoiy tarmoqlar orqali faqat oʻz tashkilot imijini oshirishga qaratilgan ishlar bilan band boʻlinganligi sababli, aholi uchun ochiq maʼlumotlar bilan ishlashda qonunchilik hujjatlariga rioya etilmasdan qolingani qayd etildi.

Rasmiy veb-saytlarda bir nechta sahifalar doimiy ravishda yangilanib borilmaganligi natijasida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda aholi uchun axborot olishda muammolar yuzaga kelganligi taʼkidlandi. 

Shu bilan birga, mahalliy davlat hokimiyati organlari va hududiy boshqarmalarda axborotlar ochiqligini taʼminlashda tizimli muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.

Jumladan, Surxondaryo viloyati hokimligining (www.surxondaryo.uz) veb-saytlarida aholi foydalanishi mumkin boʻlgan ayrim ochiq maʼlumotlar joylashtirilmagan.

Veb-saytlarda ochiq tanlovlar (tenderlar) va kimoshdi savdolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yuzasidan berib boriladigan eʼlonlar, murojaatlar statistikasi, ishlab chiqilgan qonunchilik hujjatlari va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, oʻtkaziladigan majlislar kun tartibi va uning rejasi, unda qatnashish tartibi, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiya qilish tartibi haqidagi maʼlumotlar, huquqiy maslahatlar olish, tadbirkorlar uchun zarur yangiliklar, viloyatda mavjud boʻsh ish oʻrinlari, interaktiv xizmatlar, jamoatchilik maslahat kengashlari haqida maʼlumotlar mavjud emas.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari va hududiy boshqarmalar faoliyati yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda koʻtarilgan muammolar yuzasidan tahliliy maʼlumotlar rasmiy veb-saytlarda aks ettirilmagan.

Misol uchun, Surxondaryo viloyatining Uzun (uzun.uz), Jarqoʻrgʻon (jarqorgon.uz), Angor (angor.uz) tumani hamda Termiz shahar (termiz.uz) hokimliklarining rasmiy veb-saytlaridagi maʼlumotlar doimiy ravishda yangilanmasdan qolgan.

Natijada rasmiy veb-saytlar faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-iyundagi “Davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rasmiy veb-saytida joylashtirish uchun majburiy boʻlgan axborotlar roʻyxati”da belgilangan talablarga javob bermaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyundagi qarori asosida davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari tuzilmalarida axborot xizmatini tashkil etish nazarda tutilgan.

Biroq, Surxondaryo viloyat hududlarida fuqarolar eng koʻp murojaat qiladigan vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalarida axborot xizmatlari tashkil etilmagan. Xususan, Surxondaryo viloyatdagi 20 ta hududiy boshqarmalarda alohida shtat birliklari tashkil etilmagan.

Oʻrganishlarda hududiy boshqarmalar tomonidan axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalasiga ahamiyat berilmagan. Hududda faoliyat koʻrsatayotgan hududiy boshqarma boshliqlari, axborot xizmatlari rahbarlari sohaga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotga ega emasligi aniqlandi.

Tanlov asosida Sogʻliqni saqlash, Xalq taʼlimi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, Bandlik va mehnat munosabatlari boshqarmalari hamda “Xalq banki” viloyat filiallari faoliyati oʻrganilganida mazkur tashkilotlar va bank muassasalarida axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari boʻyicha talablar bajarilmagani koʻzga tashlangan.

Afsuski, mutasaddilarning axborot siyosati va davlat organlarining ochiqligini taʼminlash masalalariga eʼtiborsiz boʻlish natijasida aholining murojaatlar soni ham keskin oshmoqda.

Majlisda mutasaddi rahbarlarning axborotlari eshitildi. Mazkur masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер