Axborot yetkazish va fikrlar maydonida 90-yillik tarixga ega nashr
Tezkor axborot, telefondagi xabarlar, videolar, telegram, instagram, sayt, feysbuk kabi ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan davrda ham gazetaning oʻz oʻrni bor.
“Gazeta nimaga kerak? Uning vaqti oʻtganini nega yoshi kattalar tan olgisi kelmaydi?” — deb oʻylovchilar jurnalistika faqat yangilik tarqatish emas, u fikr uygʻotish, mulohaza qilishga chorlash, jamiyatning ongini shakllantirish jarayoni ham ekanligini anglashi kerak. Shu jihatdan, gazeta hanuz oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.
Joriy yilda ana shunday nashrlardan biri — Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi yagona ommaviy axborot vositasi — “Paxtachi” gazetasi chiqa boshlaganiga 90-yil toʻldi. 1935-yilda “Uchqun” nomi bilan chop etila boshlangan nashr qariyb bir asrlik vaqt davomida tuman hayoti, mehnatkash aholisi, ijodkorlari, ustoz-u murabbiylari, rahbarlari hamda fidoyi insonlari haqida boy tarixni oʻz sahifalarida aks ettirib keldi.

- 1963-yilda Paxtakor va Narpay tumanlari qoʻshilishi munosabati bilan gazeta “Paxtakor ovozi” nomi bilan chop etila boshladi. 1973-yilda Paxtachi tumani tashkil etilgandan buyon esa gazeta “Paxtachi” nomi bilan chiqmoqda, — deydi gazeta muharriri Sanjar Qurbonov. — Bugungi kunga kelib gazetaning koʻrinishi, dizayni yangicha tus olgan. Sahifalarida chuqur mulohazalarga, munozara va falsafiy mazmunga boy materiallar chop etilmoqda.
Ushbu tahririyat aʼzolari — muharrirdan tortib musahhihgacha bugun yangicha talqin va dizayndagi aniq faktlar bilan yoʻgʻrilgan, tahliliy, dolzarb maqolalari bilan nafaqat obunachilar koʻnglidan joy olgan, balki mamlakatimiz bosma ommaviy axborot vositalari orasida ham oʻzining munosib oʻrniga ega boʻldi.
Shu kabi eʼtiroflar Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi hamda tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu gazetaning 90-yilligiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda koʻp bor takrorlandi. Tadbirda Jurnalistlar uyushmasi aʼzolari, viloyatning tuman va shaharlarida chop etilayotgan gazetalar muharrirlari, qoʻshni Navoiy viloyatining “Doʻstlik bayrogʻi” gazetasi hamda Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyat boʻlimi aʼzolari, “Paxtachi” gazetasida ishlagan faxriylar hamda tuman faollari ishtirok etdi.
- “Paxtachi” gazetasi bu shunchaki nashr emas, bu Paxtachining kechasi, buguni va ertasini tarix zarvaraqlariga bitadigan manba, faoliyatimizga oyina, aholimizga maʼrifat ulashuvchi, yoshlarimiz isteʼdodini shakllantiruvchi maskan deb qarashimiz lozim, — deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Farmon Toshev. — Shu sababli barcha taʼlim muassasalari, tuman tashkilotlari va mahallalarda “Paxtachi” gazetasining 90-yilligi keng nishonlanib, ijodiy uchrashuvlar tashkil etilib, uni targʻib qilish lozim.

Tadbir qatnashchilari dastlab tumandagi Dabusiya ziyoratgohida boʻlishdi. Soʻnga tuman tibbiyot birlashmasida shifokor va bemorlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Paxtachi tumani tarixi muzeyiga sayohat ham barchada iliq taassurot qoldirdi. Viloyatning koʻzga koʻringan ommaviy axborot vositalari vakillari shuningdek, tuman “Matbuot uyi”ga tashrif buyurib, gazeta tahririyati faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tuman hokimligida tashkil etilgan tadbirda hokim Qayum Xushbaqov gazeta faxriylari hamda bugungi xodimlarini sana munosabati bilan qutlab, ijodkorlarni hokimlik sovgʻalari bilan taqdirladi.
- Bugun biz barchamiz uchun gʻoyat muhim va qutlugʻ bir sanani — “Paxtachi” gazetasining 90-yillik yubileyini keng nishonlayapmiz. Bu sana nafaqat bir nashr, balki butun Paxtachi tumani hayoti, tarixi va taqdiri bilan chambarchas bogʻliq ulugʻ ayyomdir, — deydi tuman hokimi Qayum Xushbaqov. — Eʼtiborlisi shundaki, Paxtachi tumani ham 1935-yil 9-fevralda, oʻsha davrda Paxtakor tumani nomi bilan tashkil etilgan. Demak, bugun biz tumanning ham, tuman matbuotining ham 90-yillik tarixini birgalikda nishonlayapmiz. Bu esa mazkur bayramni har bir paxtachilik uchun ikki karra qadrli, ikki karra sharafli tantanaga aylantiradi.

Soʻnggi yillarda, xususan, pandemiya davrida bosma matbuot ogʻir sinovlarga duch kelgan bir pallada “Paxtachi” gazetasi oʻzini yoʻqotmadi, aksincha, yangilanish va tiklanish yoʻlini tanladi. “Paxtachi” gazetasi uchun ikki qavatli yangi “Matbuot uyi” ning barpo etilishi, tahririyatning qayta shakllanishi, rangli va keng formatli nashrga oʻtilishi bunga yaqqol misoldir.
Bugun “Paxtachi” nafaqat gazeta, balki “Paxtachi Media”, “MUHIM24.uz” kabi zamonaviy axborot platformalari orqali keng auditoriyani qamrab olayotgan, raqamli davr talablari bilan hamnafas nashrga aylandi.
Bugun 90-yillik tarixga ega “Paxtachi” gazetasi tumanning kechagi kuni, buguni va ertangi istiqbolini bogʻlab turgan mustahkam koʻprikdir. U qanchalik kuchli boʻlsa, jamiyatimiz shunchalik sogʻlom, fikrlar shunchalik ochiq boʻladi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring