“Agar sendan tonar boʻlsam...”

13:29 22 Iyul 2025 Jamiyat
341 0

Adabiy doʻstlik — abadiy doʻstlik

Oʻzbek — ozarbayjon xalqlari haqida oʻylaganimiz zahoti kim boʻlishimizdan qatʼi nazar, koʻz oʻngimizda beixtiyor ulugʻ Nizomiy Ganjaviy bilan Alisher Navoiy hazratlari oʻrtasidagi azaliy va gʻazaliy jondoshlik namoyon boʻladi. Taʼbir joiz boʻlsa, biz uchun ushbu oliyjanob hissiyot zavqi tabiiyga aylangan. Yaʼnikim, biz tugʻishgan, qon-qardosh, jondosh va tomirdosh bir xalq, bir millatdekmiz. Besh yuz, olti yuz yillardan buyon Navoiy bobomizning

Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq,

degan oʻlmas satrlari sheʼriyat sanʼati, nazm olami choʻqqilarining naqadar yuksak ekanini, uni har qanday “alpinist” ham zabt eta olmasligidan ogohlantirib turadi. Nizomiy hazratlarining muborak nomi va siymosi bu oʻrinda mangu uzluksiz bong singari ham hayratlantiradi, ham hushyor torttiradi.

“Uzluksiz” degan soʻzimizning sababi bor, albatta. Ulugʻ bobokalonlarimizdan boshlanib, hanuz davom etib kelayotgan oltin silsilaning band va zanjirlari koʻp. Uning maʼlum halqa va rishtalari Imodiddin Nasimiy, Mulla Panoh Voqif ijodi bilan oʻzbek adabiyotining Boborahim Mashrab, Muhammadrizo Ogahiydek otashin shoirlarining oʻtlugʻ sheʼru gʻazallari ila bir-biriga chambarchas bogʻlanib turadi. Fuzuliy devoni kirmagan oʻzbek xonadoni, gʻazallarini oʻqimagan, yod bilmagan kitobxoni yoʻq, desak, mubolagʻa emas. Bor gap ham shu.

“Umrlar boʻladiki, tirigida oʻlikdir, Oʻlimlar boʻladiki, oʻlgan odam tirikdir”, debon yuksak insoniy gʻoyalarni kuylagan ozarbayjon farzandi, Ganja tuprogʻining yombi isteʼdodi Shayx domla, Maqsud Shayxzoda butun umr Toshkentda yashab, oʻzbek tilida mujaddid etgan “Chorak asr devoni”, “Toshkentnoma”siyu sermahsul ijodi uchun Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi unvoniga sazovor boʻlgan. Temuriyzoda sulton Mirzo Ulugʻbek hazratlarining muhtasham nazmiy siymosini qoyilmaqom qilib, adabiyotdan abadiyatga aylantirolgan Shayx domlaga oʻzbek xalqining mehri va hurmat-ehtiromi cheksiz.

Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan Adiblar xiyobonida Maqsud Shayxzodaga alohida yodgorlik oʻrnatilgan. Shoir haykali poyida hamisha toza gullar barq uradi, tegrasida esa yoshlar mushoirasi tinmaydi. Donishmand shoirlarimiz Gʻafur Gʻulom bilan Samad Vurgʻun doʻstligi, ustoz Erkin Vohidovning Fuzuliy devonini yoddan aytib yurganlari, yana bir ardoqli ustozimiz Abdulla Oripovning Ozarbayjon xalqi va adabiyotiga boʻlgan muhabbati, ixlosi bugungi va kelajak avlodlar uchun ibrat boʻlib qolaveradi.

Abdulla akaning oʻzbek — ozar ziyolilari orasida bagʻoyat mashhur boʻlib ketgan “Ozarbayjon” sheʼridan bir iqtibos keltiramiz:

...Eʼzozlab turibdi koʻtarib boshga,
Bu kun ozar eli Oʻzbekistonni.

Soʻylasin ming yillik moʻysafid tarix,
Bu doʻstlik bilganmi shubha, gumonni?

Oʻzbekman, anglamay qayoqqa bordim,
Shu inja ozariy tilni, zabonni.

Nizomiy bolidan halvo pishurmish
Navoiy zabt etib turkiy jahonni.

Sen bilan kechmishning janggohlarida
Birga taniganmiz yaxshi-yomonni.

Tarix-ku, muhtasham yodgordir oliy,
Soʻylayin shu kunni, ayni shu onni...

Bugungi sertahlika dunyoda, razolat va yovuzlik xuruji avj olayotgan xavotirli bir zamonda doʻstlik va qardoshlik, haqiqiy birodarlik munosabatlari amalda qanday boʻlmogʻini olam ahli Oʻzbekiston va Ozarbayjon davlat rahbarlarining bir-biriga sadoqati, hurmat-ehtiromi timsolida guvoh boʻlayotir. Toshkentda Ozarbayjon xalqining ulugʻ farzandi Haydar Aliyev nomidagi soʻlim xiyobon bunyod qilingani va bu muhtaram zotga haykal oʻrnatilgani, poytaxti azimda Ozarbayjon bogʻi barpo etilayotgani, Bokuda esa Oʻzbekiston meʼmoriy bogʻi majmuining qurilishi, Qorabogʻ viloyatining Fuzuliy shahrida Mirzo Ulugʻbek nomidagi umumtaʼlim maktabining foydalanishga topshirilgani barchamizga faxr va gʻurur bagʻishlaydi.

...Shuncha ulugʻvor tarixiy hodisalar va oʻzgarishlarning tigʻiz kunlarida yozgi osmonda yashin chaqnagan kabi matbuotimizda “Oʻzbek kelayotir!” nomli doston guldurab chiqib qoldi-ku! Hamma yoqda shov-shuv, duv-duv gap. Sheʼrni topib oʻqidik: haqiqatan ham, oʻzbek xalqining qadimiyatidan, Baqtriya, Dalvarzin, Kushon, Chagʻaniyon tepaliklaridan topilgan besh ming yillik shatranj donalaridan tortib, to hozirgi yangi Oʻzbekiston zamonigacha, bu davrning matonatli davlat boshchisi Shavkat Mirziyoyevning shiddatli, beorom faoliyati va uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yoʻlidagi dadil, mardona qadamlari, ortga qaytmas islohotlarining mazmun-mohiyati roʻyirost qalamga olingan.

Shoir yuragidan zavqu shavq bilan toʻkilgan otashin satrlar oʻquvchini beixtiyor hayajonga soladi, qalbiga iftixor bagʻishlaydi.

Yana yulduzlarga taqab narvonin,
Oʻzbek kelayotir tarix qaʼridan...
...Yoʻl boʻshat zamona, yoʻl boʻshat, jahon,
Oʻzbek kelayotir tarix qaʼridan.

Bu qaynoq satrlarning muallifi haqida gapiradigan boʻlsak, behalovat va zahmatkash inson, shoir va olim, bir soʻz bilan aytganda, allomai zamon, Ozarbayjon farzandi Akifbey Azalp, yaʼni “Azarbayjon alpi” Akif Bagirov ekan. Ming tasanno aytdik! Hayratlanarlisi — Akif muallimning sheʼrlari sof oʻzbek tilida bitilgan. Bu tabiiy hol edi, boisi biz Akifbeyni oʻtgan asrning 70-yillari oxiri va 80-yillari — talabalik pallalaridan buyon yaxshi bilamiz va hurmat qilamiz. Oʻsha paytlarda u kishi yana bir koʻrkam va behad xushroʻy, oʻziga gʻoyat yarashgan qora sochlari qalindan-qalin, qalamqosh ozar oʻgʻloni Yashar Qosimov bilan birgalikda Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning oʻzbek filologiyasi fakultetida tirishqoqlik va ishtiyoq bilan taʼlim olgan. Talabalar shaharchasining qizgʻin va bardavom sheʼriyat kechalariyu adabiy suhbatlarida bu ikki ozar yigiti hamisha hoziru nozir edi. Akif ogʻaga qarab, Sergey Yesenin iborasi bilan aytganda, Aleksandr Pushkinning jingalak sochlari navqiron Akifbeyning qalin va qoʻngʻiroq-qoʻngʻiroq kokillari oldida ip esholmas edi.

Ular sheʼriyatning haqiqiy devonai mubtalosi edi. Oʻzimizning mashhur shoir akalarimiz Rauf Parfi, Omon Matjon, Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Azim Suyun, Yoʻldosh Eshbek va boshqa ijodkor, olimlar bilan doʻsti qadrdon, aka-uka, yoru oshno boʻlib yurishardi. Ularning yuz-koʻzlarida, yurish-turishlarida riyo va soxtaliklar yoʻq, faqat yaxshilik va oq koʻngillik balqib turardi. Ish bundoq boʻpti-da!

Oʻsha kezlar Fuzuliy hazratlarining “Shifoyi vasl qadrin hajr ila bemor oʻlandan soʻr...” gʻazali, katta sanʼatkorimiz Tojiddin Murodov ijro etgan “Gʻamzasin sevding, koʻngul, joning kerakmazmu sanga...” ashulalari yangraganda hammamiz sel boʻlib, joʻr boʻlib aytar edik. Bu holatdan ozarbayjonlik doʻstlarimiz behad mutaassir boʻlib, oʻz mehrini izhor etardi.

Yana bir ajabtovur voqea esga tushadi. Nima boʻldi-yu, talabalar shaharchasidagi mushoiralaru bahsu taloshlarda “Assalomu alaykum, dorning ogʻochi!..” satri takrorlanadigan bir sheʼr koʻp aylandi. “Zar topilsa, choʻntagi teshik koʻpayadi” deganlaridek, har kim har xil gap, har xil fikr aytdi. Bu satr, bu sheʼr muallifligi negadir Rauf akaga, Rauf Parfiga nisbat berilardi. Shoʻro davri, istibdod va qabohat zamoni boʻlgani uchun bu isyonkor sheʼr juda mashhur boʻlib ketdi. Hatto baʼzi bir hushyor mahkamalarning nazariga ham tushib ulgurdi. Sheʼrga, uning muallifiga qiziqish yana-da kuchayib ketdi. Gapning indallosini aytadigan boʻlsak, adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinovning tahliliy izlanishiga koʻra, ushbu satrning jugʻrofiy sayru sayohati Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining evarasi, taniqli folklorshunos olim, professor, talabalikda Akifbey bilan birga ijarada turgan Shomirza Turdimovning oʻz doʻstiga “Kuntugʻmish” dostonini oʻqib bergan vaqtdan boshlanadi. Dostondan taʼsirlangan musofir student Akifbey “Assalomu alaykum, dorning ogʻochi” satri takrorlanib keladigan sheʼr yozadi-yu, ushbu bitik tezda xalq orasiga tarqalib ketadi. Keyin Rauf akamiz ham shu satrni tazmin qilib bitgan sheʼrini kitobiga kiritadi. Sheʼrni Akif Bagʻirliga bagʻishlaydi. Jumanbulbul bobo “Dorning ogʻochi” deb dunyoi dunni nazarda tutgan satr sheʼrdan sheʼrga oʻtib, oltindek yaraqlab, hammaning koʻzini qamashtiraveradi. Shunday yombi oltinni adabiyotga olib kirgan Jumanbulbul boboga, u kishining arzanda evarasi Shomirzaboyga va albatta, zargardek noziktaʼb Akif muallimga rahmat!

Biz — ikki buyuk xalqning shoir va adiblari bordi-keldilaru ijodiy hamkorliklarning piligi pasaygan tiyra zamonlarni ham boshimizdan oʻtkazdik. Olamshumul adib, yangi Oʻzbekiston zamonida oʻzbekning oʻz yozuvchisiga aylangan Ozarbayjon Yozuvchilar birligining raisi Anar muallimning ikki xalq adabiyoti, bugungi adabiy aloqalarning yanada ravnaq topishi yoʻlidagi oʻrni, mavqe va maqomiyu samimiy xayrixohligi, ayniqsa, ibratlidir. Aynan ana shu xizmatlari va betakror ijodi bois ustoz adib Prezidentimiz Farmoniga binoan “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bu barchamizga oʻzgacha faxr va iftixor bagʻishlaydi.

Alisher Navoiyning “Xamsa” dostonlari, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarini ozarbayjon tiliga tarjima qilgan zahmatkash olim va tarjimon Ramiz Asqar, mumtoz adabiyotimiz namoyandalari ijodi boʻyicha ilmiy risolalar yozgan olima Almaz Ulviy, yangi oʻzbek sheʼriyati dargʻalari haqida tadqiqotlar olib borgan Yashar Qosim va yana koʻplab ozarbayjon ijodkorlari nomlarini ehtirom bilan tilga olamiz. Keyingi davrda mumtoz va zamonaviy oʻzbek adiblarining asarlaridan koʻplab namunalar ozarbayjon tilida nashr etilgani hammaga maʼlum.

Ne baxtkim, mening ham “Vaqt haykali” nomli sheʼrlar kitobim inja ozariy tilda Akif Azalp tarjimasida Bokuda nashr etilganidan behad minnatdorman.

Ozarbayjonlik qadrli doʻstlarimiz qatorida Shayxzoda domlaning sadoqatli vorisi sifatida Akif Azalpning alohida oʻrni bor, albatta. Oʻzbek oʻquvchilariga taqdim qilingan “Saylanma” sheʼrlar toʻplami ozarbayjon shoirining sof oʻzbek tilida bitilgan asarlaridan tarkib topgan nazmiy guldastadir. Ushbu toʻplamni oʻqiydigan kitobxon chinakamiga hayratlanishi tabiiy. Mehru oqibat, ezgulik va bagʻrikenglik, tinchlik va xotirjamlik suv va havodek nihoyatda zarur boʻlgan — bir tomoni yongʻin, bir tomoni toshqin ushbu taqchil dunyoda kitob yozmoq, kitob chiqarmoq va kitob oʻqimoq, ayniqsa, kitob sovgʻa qilmoq naqadar umuminsoniy ahamiyatga egaligini anglab yetmoq ham shu qadarli sharaflidir. Bir-birimizga kitob tuhfa qilishda davom etaveraylik.

Ozar xalqining dongdor shoiri Samad Vurgʻun bir zamonlar “Agar sendan tonar boʻlsam, nasibam ohu zor oʻlsun!..” debon nazmiy qasamyod etganlaridek, qondosh, dildosh va tildosh doʻstdan hech qachon tonib boʻlmaydi.

Zamon shamollariday beorom va behalovat ijodkor Akif Azalpga yangi oʻzbekcha saylanma muborak boʻlsin!

Xudoyim ellarimizga baxtu saodat, tinchlik-omonlik, umringizga baraka bersin, qadrli Akifbey!

Sirojiddin SAYYID, Oʻzbekiston xalq shoiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?